O‘zbekiston | 20:00 / 23.10.2024
5644
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qozonda Modi va Erdo‘g‘an bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

Hindiston bosh vaziri bilan strategik sheriklikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi, Turkiya prezidenti bilan ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qozon shahriga keldi.

Aeroportda davlat rahbarini Tatariston Respublikasi raisi Rustam Minnixanov, Qozon shahri meri Ilsur Metshin va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Bugun O‘zbekiston prezidenti qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi hamda BRIKS sammitining protokol tadbirlarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Shavkat Mirziyoyev dastlab Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Hindiston strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, sanoat, energetika, farmatsevtika, transport kommunikatsiyalari bo‘yicha dastur va loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va biznes forumini o‘tkazish, shuningdek, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha o‘rta muddatli dastur qabul qilishga kelishib olindi.

Mamlakatlarimizda Madaniyat va kino kunlarini, tibbiyot va sport sohalarida hamda yoshlar ishtirokida, shu jumladan yoshlarning parlament tashkilotlari doirasida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish taklifi bildirildi.

Yetakchilar bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ham muhokama qildilar.

Shuningdek, Qozon shahriga tashrifning birinchi kunida O‘zbekiston prezidenti Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha dolzarb masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ikki davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy va gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.

Prezidentlar faol muloqotlar va samarali almashinuvlarni davom ettirish zarurligini qayd etdilar.

Geologiya va mineral resurslarni qazib chiqarish, elektrotexnika, mashinasozlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlarni muntazam o‘tkazib borish zarurligi ta’kidlandi.

Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy kun tartibining muhim jihatlari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Ertaga «BRIKS plyus» formatidagi sammitning asosiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid