Sport | 01:33 / 14.10.2018
7920
2 daqiqa o‘qiladi

Buenos-Ayresda yana bir bor O‘zbekiston madhiyasi yangradi, medallar soni 10 taga yetdi

Foto: Anvar Ilyasov

Argentina poytaxti Buenos-Ayresda o‘smirlar Olimpiadasi bahslari davom etmoqda. Musobaqaning 7-kunida O‘zbekistonning ikki sportchisi delegatsiya jamg‘armasini medallar bilan boyitdi.

Dastlab og‘ir atletika bahslarida Dolera Davronova bronza medalini qo‘lga kiritdi. +63kg vazn toifasi vakilasi dast ko‘tarishda 92 kg., siltab ko‘tarishda esa 125kg. toshni o‘ziga bo‘ysundirdi. Umumiy hisobda esa 217 kg natija ko‘rsatgan Davronova shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.

Dolera Davronova / Foto: Anvar Ilyasov

Shundan so‘ng baydarka va kanoe bo‘yicha yakkamalik bahslarida Gulbahor Fayziyeva barcha raqiblarini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. U musobaqada davomida Yangi Zelandiya, Belorus, Qozog‘iston vakilalaridan ustun kelib, finalgacha yetib bordi. Hal qiluvchi chiqishda vengriyalik sportchini mag‘lubiyatga uchratdi va oltin medal bilan O‘zbekiston madhiyasining Buenos-Ayres arenalarida uchinchi marta yangrashiga sabab bo‘ldi.

Gulbahor Fayziyeva / Foto: Anvar Ilyasov

Sport kurashlarida -49 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Shohida Ahmedova sovrindorlar qatoridan joy oldi. Ahmedova musobaqa davomida Qozog‘iston, Venesuela, AQSh, Belorus mamlakatlari vakillarini mag‘lubiyatga uchratib finalgacha yetib bordi. Hal qiluvchi jangda esa u shvetsiyalik raqibasiga imkoniyatni boy berdi qo‘ydi va yakunda kumush medal bilan kifoyalandi.

Shohida Ahmedova / Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Yettinchi kungi bahslarda delegatsiya hisobidagi medallar soni 10 taga yetdi – jamg‘armada 3 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza medallari mavjud. 1 ta oltin va 1 ta bronza medallari mikst bahslarida qo‘lga kiritilgan.

Musobaqalar 18 oktabrga qadar davom etadi.

Mavzuga oid