— “Allamjonov aybdor” kitobini nima uchun aynan hozir nashr qildirmoqdasiz?

— Bu kitobni yozishni aslida 1,5 yil oldin boshlanganman. Aynan pandemiya davrida, hammamiz uyda o‘tirgan paytimizda bu kitobni boshlash fikri paydo bo‘lgan va uni yozishni boshlaganman.

Nima uchun aynan hozir deganda, birinchidan, bu yil yoshlar yili. Yoshlarimizga, o‘z hayot yo‘lini tanlash haqida fikr yuritayotganlarga ayni damda hozir shu foydali bo‘ladi, deb o‘yladim.

Bundan tashqari, hozir – yoz fasli. Yoz faslida, xabaringiz bor, ko‘pchilik maktab bitiruvchilari turli oliy ta'lim yo‘nalishlariga kirishadi, hayotga endi ilk qadamni qo‘yishadi. Aynan shu paytda bu kitobni o‘qigan holda mening hayotimda, boshimdan kechirgan o‘sha voqealar, holatlar va turli yaxshi yoki og‘ir kunlarni ko‘rgan holda, o‘zlariga ozgina bo‘lsa-da tajriba, ozgina bo‘lsa-da yo‘nalish olishlariga yordam beradi, degan maqsadda aynan shu yili va aynan yoz faslida buni chiqardik.

— Bu kitob yoshlarga motivatsiya berishdan ko‘ra, mamlakat siyosiy sahnasidagi o‘z ta'sirini yanada kengaytirish istagida bo‘lgan insonning yozganlariga o‘xshaydi, degan qarashlar bor. Haqiqatan bu kitobning nashr qilinishi bilan Komil Allamjonovda siyosiy ishtaha paydo bo‘ldi, deb ayta olamizmi?

— Bu kitobdan siyosat qidirish kerak emas. Bu kitobda hech qanday siyosiy motiv yo‘q. Bu kitob, yana bir marta aytib o‘tdim, memuar ham emas. Bu kitob – motivatsiya. Chunki judayam ko‘p yoshlarimiz o‘z hayot yo‘lini tanlashda qiynalishadi; mana, o‘zimiz ham boshimizdan o‘tkazganmiz, aynan maktabni bitirgandan keyin hayot yo‘lini tanlashga ko‘pchilik qiynaladi. Qaysi yo‘lga kirsam ekan, oliy ta'lim yo‘nalishida bilim olib, bir sohani egallaymi, hunar egallaymi, yoki bo‘lmasam, bir sohaning boshini ushlaymi? Yoki bo‘lmasa, umuman tag-tugi bilan O‘zbekistondan boshqa davlatga borib, yashab, ana shu yerda ishlab, faoliyat olib boraymi, degan ikkilanishlar bo‘ladi.

Ko‘p yo‘llarni tanlashda, ochig‘ini aytamiz, bugungi kunda baribir O‘zbekistonda, mening shaxsiy fikrim, shunday kitoblarga ehtiyoj bor. Ana shu yerda o‘sib, ana shu yurtda turli darajalarga yetish mumkinligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldim. Hech qanday yordamsiz, hech qanday bir ko‘maksiz yoki bo‘lmasa, daldasiz insonda xohish bo‘lsa, iroda bo‘lsa, maqsad aniq bo‘lsa va tinimsiz mehnat bo‘lsa, bu yerda ham katta yutuqlarga erishish mumkinligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldim.