Jahon | 08:14 / 10.10.2025
4027
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini kuzatish uchun Isroilga harbiylarini yuboradi

AQSh G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni kuzatish uchun Isroilda 200 nafargacha amerikalik askarni joylashtirish variantlarini ishlab chiqmoqda, deb yozadi NBC News.

Foto: U.S. Army / Flickr

Bu haqda telekanalga rejalar bilan tanish bo‘lgan ikki amerikalik rasmiy ma’lum qildi. Manbalarga ko‘ra, AQSh harbiylari logistika, transport, muhandislik va rejalashtirish bo‘yicha yordam beradi.

«Ular G‘azoda bo‘lmaydi. G‘azoda birorta ham amerikalik askar bo‘lmaydi», — deya aniqlik kiritdi manbalardan biri.

Fuqarolik-harbiy muvofiqlashtirish markazi sifatida tanilgan bu tashabbus Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi e’lon qilinishi ortidan boshlangan.

Amerika qo‘shinlari allaqachon Isroilga kela boshlagan, deya izoh berdi telekanal manbalari.

«G‘azoga gumanitar yordam yetkazilishini qo‘llab-quvvatlashdan tashqari, qo‘shinlar kelishuv shartlariga rioya etilishini ta’minlash uchun tomonlar o‘rtasida hodisalarning oldini olish mexanizmining ishlashini nazorat qiladi», — deyiladi xabarda.

Amerika qo‘shinlari ilgari Isroilda turli missiyalar, jumladan, raketaga qarshi mudofaa bo‘yicha bo‘lgan. Qo‘shma Shtatlar o‘tgan yili Livanda o‘t ochishni to‘xtatish paytida Isroil va "Hizbulloh" o‘rtasidagi hodisalarning oldini olish mexanizmini qo‘llab-quvvatladi.

Isroil hukumati Falastinning HAMAS harakati bilan G‘azo sektoridan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvni ma’qulladi.

Isroil, o‘z navbatida, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan 250 nafar mahbusni va 2023 yil 7 oktyabrdan keyin hibsga olingan 1700 nafar falastinlikni ozod qiladi. Shuningdek, kelishuv HAMASni qurolsizlantirish, Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqib ketish va gumanitar yordam yetkazib berishni ham ko‘zda tutadi.

Isroil va HAMAS o‘rtasida erishilgan kelishuv haqida avvalroq AQSh prezidenti o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qildi.

Mavzuga oid