23:04 / 11.06.2019
17461

Pedagog kadrlar uchun malaka sinovlarini o‘tkazish jadvali tasdiqlandi 

Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar hamda maktabdan tashqari ta'limi muassasalarining birinchi va oliy malaka toifali, yetakchi va bosh o‘qituvchi lavozimidagi hamda mazkur malaka toifalari va lavozimlarga talabgor pedagog kadrlari uchun malaka (test) sinovlarini o‘tkazish jadvali tasdiqlandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi xabar qildi.

Jadvalga ko‘ra, Toshkent shahri pedagog kadrlari uchun malaka sinovlari joriy yilning 17-22 iyun kunlari, Toshkent viloyati pedagoglari uchun 24 iyun-1 iyul kunlari Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining binosida (Chilonzor tumani, Nurxon ko‘chasi 21-uy), Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar pedagoglari uchun esa 24 iyun-1 iyul kunlari hududlardagi barcha qulayliklar va zamonaviy axborot kommunikatsion texnologiyalari vositalari bilan jihozlangan Oliy ta'lim muassasalarining binolarida o‘tkaziladi.

Malaka (test) sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda o‘qituvchilarga qulayliklar yaratish maqsadida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan onlayn-sinov testlari 11-16 iyun kunlari (onlayn-repetitsiya) o‘tkaziladi.

Attestatsiyaga jalb qilingan pedagoglardan ushbu imkoniyatdan samarali foydalanishlarini, shuningdek, pedagogog kadrlar attestatsiyasi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni http://pka.tdi.uz/ manzili orqali tekshirib ko‘rishlarini va ma'lumotlarda noaniqliklar aniqlanganda, hududiy boshqaruv organlariga murojaat qilishlari tavsiya qilinmoqda.

Top