Jamiyat | 19:30 / 03.11.2019
85991
7 daqiqa o‘qiladi

Xodim ish vaqtida baxsiz hodisa tufayli vafot etsa, marhumning oila a'zolariga beriladigan kompensatsiya miqdori qancha?

Internetda 27 oktabr kuni Tashkent City hududida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning birida ishlayotgan 20 yoshli usta baxsiz hodisa oqibatida halok bo‘lgani haqida xabar tarqaldi.

Quyida ish beruvchining marhum xodimning oila a'zolariga to‘lashi lozim bo‘lgan kompensatsiyasini tahlil qilamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 187-moddasiga ko‘ra, o‘z mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan xodim vafot etgan taqdirda, uning oila a'zolariga yetkazilgan har qanday zararni (shu jumladan, ma'naviy zararni) ish beruvchi, basharti boshqacha holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, to‘liq hajmda to‘laydi.

Ya'ni ish beruvchi marhum xodimning oila a'zolariga quyidagilarni to‘laydi:

  • ma'naviy zarar;
  • boquvchining vafot etgani munosabati bilan zarar;
  • vafoti munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqa.

Ma'naviy zarar (jismoniy yoki ruhiy azoblar) pul shaklida yoki boshqa moddiy shaklda ish beruvchi va vafot etgan xodimning oila a'zolari o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq ravishda belgilangan miqdorda qoplanadi. Ma'naviy zararni qoplash yuzasidan nizo kelib chiqqan taqdirda, bu masala sudda ko‘rib chiqiladi.

Mehnat kodeksining 192-moddasida, boquvchining vafot etgani munosabati bilan zararni ish beruvchi tomonidan to‘lash majburiyati belgilangan.

Unga ko‘ra, xodim mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligi yoki mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘ligiga boshqacha tarzda shikast yetishi sababli vafot etgan hollarda, ish beruvchi marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek o‘n olti yoshga to‘lmagan yoki u vafot etgan kunga qadar undan ta'minot olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandiga, shuningdek ota-onasidan biriga, umr yo‘ldoshiga yoki oilaning boshqa a'zosiga, agar u ishlamasdan marhumning uch yoshga yetmagan bolalari (ukalari, singillari) yoki nevaralarining parvarishi bilan band bo‘lsa, zararni to‘lashi shart.

Vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan va uning vafoti munosabati bilan zararni undirishga haqli bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga to‘lanadigan zarar miqdori marhumning o‘rtacha oylik ish haqi miqdorida, uning o‘ziga va uning qaramog‘ida bo‘lgan, lekin zararni undirishga haqli bo‘lmagan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarning ulushini chegirib tashlagan holda belgilanadi.

Mehnat kodeksining 194-moddasiga ko‘ra, xodimning vafoti munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori jamoa shartnomasida, agar bunday shartnoma tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi bilan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Bunda xodimning vafoti munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori esa, marhumning olti yillik o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas.

Tasavvur qiling, xodim bor yo‘g‘i bir oy ishlagan deylik, uning o‘rtacha ish haqi qanday tartibda hisoblanadi?

Ushbu tartib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 11 fevraldagi 60-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash qoidalari»da batafsil belgilab berilgan.

Marhum zarar yetkazilgan vaqtda o‘n ikki oydan kam ishlagan taqdirda, o‘rtacha oylik ish haqi haqiqatda ishlagan umumiy ish haqini ishlagan oylar soniga bo‘lish yo‘li bilan hisoblab chiqariladi. Masalan, hodimning oylik ish haqi 1,5 million so‘m va u bir oy ishlagan. Demak, uning o‘rtacha ish haqi 1,5 million deb hisoblanadi. Xodimning olti yillik o‘rtacha ish haqi shunda 1,5 million*72 oy (6 yil) =108 000 000 (bir yuz sakkiz million).

Demak, agar marhumning o‘rtacha ish haqini 1,5 million so‘m deb tasavvur qilsak, marhum usta A. T.ning vafoti munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori kamida bir yuz sakkiz million so‘m bo‘lishi kerak. E'tibor bering kamida deyilmoqda! Chunki bu miqdor ish beruvchi bilan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi o‘rtasidagi kelishuvga binoan yanada oshishi mumkin.

Bundan tashqari, xodim mehnat jarayonida vafot etgan taqdirda ish beruvchi qo‘shimcha ravishda dafn etish uchun zarur xarajatlarni ushbu xarajatlarni sarflagan shaxsga to‘lashi shart.

Dafn etish uchun zarur xarajatlar zararni to‘lash hisobiga kiritilmaydi.

«Asia Trading City» kompaniyasi marhumning oilasiga kompensatsiya ishchining o‘limi bo‘yicha tergov natijalari asosida to‘lanishini ma'lum qilgan. Qayd etilishicha, har kun ertalab ish boshlanishidan oldin ishchilar xavfsizlik qoidalari bilan tanishib chiqadi hamda tegishli hujjatga imzo qo‘yadi.

Xo‘sh, bu borada qonunchilik nima deydi?

Mehnat kodeksining 191-moddasiga ko‘ra, aralash javobgarlik to‘lanishi lozim bo‘lgan zararning qo‘shimcha turlariga, bir yo‘la beriladigan nafaqaga, shuningdek boquvchining vafoti munosabati bilan zararni to‘lash hollariga tatbiq etilmaydi. Ya'ni xodim ish vaqtida o‘zining qo‘pol ehtiyotsizligi tufayli ko‘p qavatli uydan yiqilib vafot etgan taqdirda ham, ish beruvchi zararni to‘lashdan ozod etilmaydi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, qonun talabi bo‘yicha ish beruvchi marhum xodimning oila a'zolariga kamida quyidagilarni to‘lashga majbur: ma'naviy zarar+boquvchining vafot etganligi munosabati bilan zarar+vafoti munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqa+dafn etish uchun zarur xarajatlar.

Marhumning oila a'zolariga qo‘shimcha moddiy yordam va boshqalar ish beruvchining himmatiga va vijdoniga bog‘liq!

Toshkent davlat yuridik universiteti

Mehnat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi

Karimjonov Muhammadamin

Mavzuga oid