Jamiyat | 15:03 / 31.07.2017
22850
3 daqiqa o‘qiladi

Shahri Kesh ko‘chada qolmagan...

Bugun tadbirkorlikka shunchalik erkinlik, qulaylik va imtiyozlar berilganki, bu orqali ko‘plab insonlar o‘z orzularini ro‘yobga chiqarishmoqda, bizneslarini yo‘lga qo‘yishmoqda. Ammo har narsada ilm, tafakkur yoki farosat lozim bo‘lganidek, davlat siyosati darajasiga olib chiqilgan bu sohada ham mana shunday bebaho insoniy fazilatlar zarur bo‘ladi. Buni hayotiy misollar orqali ham isbotlash mumkin. 

Yaqinda qo‘limga bir buyum tushib qoldi. Sanitar-gigiyenik hojat qog‘ozi (har holda qadog‘ida shunaqa yozilgan). Xullas, ishlab chiqaruvchi tomonidan ushbu mahsulotga berilgan nomni o‘qidim-u, biroz hamiyatim o‘ynadi. Nomi – “Shahri Kesh”. Men tadbirkorning gullab-yashnashiga, biznesi yanada rivojlanishiga qarshi odammasman, qandini ursin. Lekin o‘z mahsulotlarida nom tanlashda farosatni sal ishlatishsa yaxshi bo‘larmidi?

Kesh – O‘zbekistonning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lmish Shahrisabzning tarixiy nomi. Sohibqiron Amir Temur tug‘ilib o‘sgan, olimu fuzalolar yetishtirib bergan, “Qubbatul ilm val adab” – Ilm va odob gumbazi, deya ta'riflangan jannatmonand maskandir. Uning dovro‘g‘i nafaqat O‘zbekiston, balki butun jahon bo‘ylab mashhurdir. Shunday nomni, qo‘pol qilib aytganda, hojatxona qog‘ozida ishlatish, ayb emasmi? Ko‘rgan, eshitgan odamning g‘ashiga tegadigan holatmasmi? 

Yana bir aytaman, tadbirkorlarning ishiga aralashish niyatidan yiroqman. Maqsadim har narsaning o‘z o‘rni, o‘z mantig‘i bo‘lsin. Ana shunda, xalq tili bilan aytganda, “olam guliston”. Kimdir bu so‘zlardan o‘rnak olsin, kimdir kulib qo‘ya qolsin, bunisi o‘zgalarga havola. Ammo, aziz tadbirkor, ming mashaqqat ila yo‘lga qo‘ygan biznesingizni, ishlab chiqarayotgan mahsulotingizni nomlashda sal mantiqiy yondashing. Axir kelajakdagi maqsadingiz mana shu mahsulotingizni jahonga eksport qilish emasmi? Siz bergan nom ertaga mamlakat obro‘sini ko‘tarsa ko‘tarsinki, aslo kulguga qo‘ymasin.

Sarvar Anvar o‘g‘li

Mavzuga oid