Jamiyat | 16:28 / 07.10.2020
17489
9 daqiqa o‘qiladi

Namanganda Davlat xizmatlari markazini qurib bergan tadbirkor sarson. Hokimlik bitim shartlarini bajarmayapti

Vodiy viloyatlariga safarimizda Chortoq tumanidan tushgan murojaatni ham o‘rganishga qaror qildik. Tadbirkor davlat-xususiy sherikchilik kelishuvi asosida Davlat xizmatlari markazi binosini qurib bergani, biroq tuman hokimligi shartnomadagi shartlarni bajarmayotganini ta'kidlagan edi.

Xo‘sh, tadbirkorni nima qiynayapti, nima uchun hokimlik shartnoma shartlarini bajarmayapti? Shu kabi savollar bilan dastavval tadbirkorga yuzlandik.

«2018 yil sentyabrda xususiy maktab ochish uchun harakat qilib turgan edik. Shunda Chortoq tuman hokimligi Davlat xizmatlari markazi binosini o‘z hisobimizdan qurib berish evaziga xususiy maktab uchun bino berish taklifini bildirdi.

2019 yil martida shartnoma shartlari kelishildi va biz DXM binosini qurishni boshlab yubordik. Shu o‘rinda qayd etib o‘tishim kerak, markaz loyihasini ham 3 marta o‘zgartirishdi. Endi ishni boshlaymiz deganda, o‘zgartiradigan bo‘lib qolishadi», – deydi tadbirkor.

Shu o‘rinda bir jihatga oydinlik kiritib o‘tish darkor. Loyihani o‘zgartirish bo‘yicha hech qanday yozma xabarnoma mavjud emas, balki tumanning avvalgi hokimining og‘zaki buyrug‘i asosida Davlat xizmatlari markazi loyihasi o‘zgartirilgan. Loyihalarning o‘zgarishiga bino uchun ajratilgan yer maydoni qarordagidan farq qilgani asos bo‘lgan.

Shunga ko‘ra, markazning hozirgi binosi uchinchi loyihaga binoan qurilib, foydalanishga topshirilgan. Biroq, 2020 yil sentabr oyi bo‘lsa-da, 2019 yil 10 mart kuni Namangan viloyati hokimligi (buyurtmachi) hamda «Chorsayyoh yuksalish» MChJ (investor) o‘rtasida imzolangan shartnomaning buyurtmachi zimmasidagi shartlari bajarilmay kelmoqda.

Ahamiyatlisi, shartnomani o‘sha vaqtdagi viloyat hokimi Xayrulla Bozorovning shaxsan o‘zi imzolaganidir.

Shartnoma bo‘yicha qurib bitkazildi, xalq undan foydalanmoqda, ammo tadbirkor-chi? U qilgan xarajati, vaqtiga kuyib qolaveradimi?

«Biz tuman hokimligiga ham, viloyat hokimligiga ham murojaatlar qildik. Bu sohaga daxldor bo‘lmagan mutasaddilar kelib ishni o‘rganib ketadi. Masala esa, hal bo‘lmaydi. Viloyat hokimining o‘ziga turli ijtimoiy tarmoqlar orqali muammo haqida xabar berdik. Javob keladi, ammo natija yo‘q.

Hozirda, birinchi, ikkinchi sinf o‘quvchilarimizni ijaraga olgan binomizda o‘qitishga majbur bo‘lyapmiz. Oktabr oyidan boshlab barcha sinflarga o‘quvchilarni qabul qilishimiz rejalashtirilgan, lekin na bino bor, na qilgan xarajatlarimizni to‘lab berishdi. Buning oqibatida biz rejamizni amalga oshira olmayapmiz», – deya yozg‘iradi MChJ rahbari Azizbek Yo‘ldoshev.

Tadbirkorning aytishicha, u Chortoq tumani markazida 1-11 sinflarni o‘zbek va rus tillarida ta'lim berish bilan qamrab oluvchi xususiy maktab ochishni rejalashtirgan. Shartnoma sharti bajarilmay qolgani va mablag‘lar DXM binosini qurishga sarflangani bois, rejalarni amalga oshirish imkonsiz bo‘lib qolmoqda.

«Shartnoma shartida Istiqlol ko‘chasidan 6 sotix yer berishlari kerak edi. Bundan tashqari, 5-ixtisoslashtirilgan maktab-internatning binosi va sport zalini, abituriyentlar tayyorlash markazi uchun 30 sotix joyni taqdim etishlari kerak edi.

Shartnoma shartida 5-DIMIning foydalanilmayotgan binosi, deb ketilgani, hozirda bu maktabning foydalanilmayotgan binosi yo‘qligi vaji bilan shartlar bajarilmay kelinmoqda. Kollejlar tugatilgach, 5-DIMI kollejlardan biriga ko‘chishi kerak edi, lekin ko‘chmadi. Bizga ham taqdim etilmadi. Masala hal bo‘lmaydigan bo‘lsa, biz sudga murojaat qilishga majbur bo‘lamiz», – deydi tadbirkor.

Hokimlik muammo yechimi uchun qanday takliflar bildirdi?

«Viloyat hokimligi bizga bir necha taklif bildirdi. Bugungi kunda kasb-hunar maktabi deb yuritilayotgan muassasaning Monomarkazi va IT-markazini berishlarini aytishdi. Biroq, oradan bir kun o‘tib, kollejlar boshqarmasi uning 4-qavatini uch tomonlama shartnoma asosida ijaraga taqdim eta olishlarini bildirdi. Bundan kelib chiqadiki, biz ham bino qurib berarkanmiz, ham undan ijara asosida foydalanar ekanmiz?! Bu tadbirkorni qiynash bo‘lsa kerak? Unda biz ham qurib bergan binomizni davlatga ijaraga beraylik?!», – deydi tadbirkor.

Hokimlikning ikkinchi taklifi – qurilish smeta hujjatlari taqdim etilsa, tadbirkor qilgan xarajatlarni qoplab berishdan iborat bo‘lgan. Ammo, hokimlik bino 2019 yilda qurilgani uchun o‘sha yildagi narxlar bo‘yicha hisob-kitob qilinishini aytgan.

«Biz tadbirkormiz, tadbirkor har doim foydasini o‘ylaydi. Oradan bir yil o‘tdi, biz bino qurishga sarflagan mablag‘imizni bir yil aylantirolmadik. Qolaversa, bizga bino berilmagani uchun boshqa joyda ijara puli to‘lashga majbur bo‘lyapmiz», – deya ta'kidlaydi Yo‘ldoshev.

2019 yil 10 mart kuni Namangan shahrida imzolangan shartnomaning 1.2-bandida «Investorga ... hududdagi 5-sonli Davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatidagi foydalanilmayotgan sport zali va o‘quv korpusini davlat-xususiy sherikchiligi asosida 30 yillik muddatli foydalanishga va 0,3 gektar yer uchastkasini xususiy innovatsion o‘quv markazi qurilishi uchun berilishi ta'minlanadi. «Investor» mazkur yer uchastkasida qurilgan obektlarda tadbirkorlik faoliyati olib borib, xususiy maktab hamda innovatsion o‘quv markazi maqsadida foydalanadi», – deb qayd etilgan. Muammo ayni shu band shartlarining buyurtmachi tomonidan bajarilmayotgani sababli kelib chiqmoqda.

Hokim o‘rinbosari nima deydi?

Chortoq tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sanjar Mirzaboyevdan shartnomaning hokimlik zimmasidagi majburiyatlar nima uchun bajarilmayotgani sabablarini so‘radik.

«2018 yil noyabr oyida «Chorsayyoh yuksalish» MChJga DXSh asosida Davlat xizmatlari markazini qurish bo‘yicha tuman hokimining qarori chiqarib berilgan. Qarorda 4 qavatli bino qurilishi belgilangan bo‘lib, uning birinchi qavatida Davlat xizmatlari markazi joylashishi, qolgan 3 qavatida MChJning xususiy maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi kerak edi.

Ammo, 4 qavatli emas, 2 qavatli bino loyihasi tayyorlanib, ushbu loyiha asosida 2 qavatli bino qurildi va 2020 yil may oyida foydalanishga topshirilib, binoda aholiga xizmat ko‘rsatish boshlandi», – deydi hokim o‘rinbosari.

Chortoq tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sanjar Mirzaboyev

Sanjar Mirzaboyev, tuman hokimligi tomonidan «Chorsayyoh yuksalish» MChJga faoliyatini davom ettirishi uchun bir necha takliflar bildirilganini ham e'tirof etdi. Biroq, 1-sonli hunar-texnika bilim yurti binosining 4-qavatini uch tomonlama ijara shartnoma asosida berish tavsiya etilganini, ochig‘i, tadbirkor singari biz ham tushunmadik.

«Tadbirkor tumanda tashkil etilgan IT-park va Monomarkaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifini ham rad etdi. Kollejlar optimallashtirilgach, kollej binosiga ko‘chgan maktab binosini taqdim etdik, uni ham rad etdi.

Endilikda, «Chorsayyoh yuksalish» MChJ Davlat xizmatlari markazi binosini qurish uchun sarflagan mablag‘iga doir loyiha-smeta hujjatlari taqdim etgan. Viloyat hokimligi bilan kelishgan holda sarflangan xarajatlar oktabr oyida to‘lab berilishi tushuntirilgan», – deydi Chortoq tumani hokimi o‘rinbosari.

Qayd etish o‘rinliki, tadbirkor xususiy maktab faoliyatini tuman markazida tashkil etishni rejalashtirgan bo‘lsa-da, unga markazdan 15-16 km uzoqlikdagi maktab binosi taklif etilgan. Albatta, bunday taklifni har qanday tadbirkor qabul qilmasligi tabiiy.

Xullas, muammo bor, uni hal etish esa paysalga solib kelinmoqda. Garchi, tuman hokimligi tadbirkor xarajatlarini to‘lab berishini aytayotgan bo‘lsa-da, u hozircha amalga oshgani yo‘q. Qolaversa, tadbirkorning xususiy maktab ochishdek ezgu rejasini tatbiq etish uchun tuman mutasaddilarining jiddiy yordami talab etiladi.

Tolib Rahmatov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid