O‘zbekiston | 21:04 / 17.04.2017
23731
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston buyurtma qilgan Talgo-250 tezyurar poyezdi Sankt-Peterburg portiga keltirildi

UCL Holding tarkibiga kiruvchi "Morskoy port Sankt-Peterburg" kompaniyasi  "O‘zbekiston temir yo‘llari" uchun atalgan Talgo-250 tezyurar poyezdini qabul qilib oldi. Ispaniyada ishlab chiqariladigan poyezd Bilbao shahridan keltirildi. Bu haqda xolding saytida ma'lum qilindi.

Poyezd Finnlines – Finnwaw liniyasi paromi bilan 2-port terminaliga yetkazilgan. Poyezd parom-prichal-rels sxemasi bo‘yicha tushirilgan.

Bu Talgo-250 poyezdi 67 tonnalik ikkita lokomotiv va 14 tonnadan 18 tonnagacha bo‘lgan 11 ta vagondan iborat. Poyezdning uzunligi 183 metrni, og‘irligi 350 tonnani tashkil qiladi. Vagonlardan 6 tasi ekonom sinfga, 2 tasi birinchi sinfga, 2 tasi VIP sinfga tegishli va bitta vagon-bistro bor. 

Talgo-250 bojxona tartibotidan o‘tgach, Metallostroy stansiyasi deposiga tekshiruvdan o‘tish va qurilmalarni sozlash uchun olib ketilgan. Sankt-Peterburgdan poyezd "RJD" teplovozi yordamida O‘zbekistonga yetkaziladi.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" 5 yildan ko‘proq vaqtdan beri Talgo kompaniyasining 4 ta bosh va 18 ta yo‘lovchi vagonini ekspluatatsiya qilib kelmoqda. Bu poyezdlar qadimiy shahar nomiga "Afrosiyob" deb atalgan va Toshkent-Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. 

Yangi poyezdlar Toshkent-Buxoro yuqori tezlikdagi liniyasida harakatlanadi. Poyezd qatnovi boshlangandan keyin yo‘lovchilar va yuklarni tashish vaqti taxminan 2 soatga, ekspluatatsion xarajatlar 30 foizga qisqaradi.

Mavzuga oid