Toshkentda yana bir moliyaviy piramida tashkil qilingani ma’lum bo‘ldi. Yuzlab odamlar chuv tushgan bo‘lishi mumkin
Qariyb 300 kishiga uy va avtomobil olib berishni va’da qilgan moliyaviy piramida asoschilaridan biri odamlardan yig‘ilgan pullarni olib, chet elga qochib ketgani aytilmoqda.
Ofisi Toshkent shahrida joylashgan «Rayona Qutlug‘» firmasi uy va avtomobil olib berishni va’da qilib, 300 nafarga yaqin odamdan turli miqdordagi pullarni yig‘ib olgan, ammo belgilangan muddatda va’dasini bajarmagan. Xabar.uz’ning yozishicha, 4 avgust kuni moliyaviy piramida asoschilaridan biri korxona hisobraqamidagi pullarni yechib olib, chet elga qochib ketgan.
Jabrlanganuvchilar avtomobil uchun o‘rtacha 4-5 ming dollar, uy uchun esa o‘rtacha 15-17 ming dollar boshlang‘ich to‘lov to‘lashgani, bundan oila a’zolari, turmush o‘rtoqlari bexabar bo‘lganini ma’lum qilishgan.
Akmal, jabrlanuvchi, Qashqadaryo viloyatidan:
– «Rayona Qutlug‘» firmasi haqida internet orqali xabar topganman. Avvaliga ishonchsizday tuyulgan edi, biroq kelib ko‘rganimda bu yerdagilarning mijozlarga muomalasi, to‘lovlarning bank orqali qilinishi va ayrim mijozlarga berilayotgan uy va mashinalar ularga bo‘lgan ishonchimni orttirdi. Qolaversa, firma xizmatlarini islomiy shartlarda taklif qilgani ham ularga ishonishimga qaysidir ma’noda turtki bo‘ldi.
Ular menga 4 yildan beri ishlayotgan firma ekanini aytishgandi. Endi bilishimizcha, ochilganiga 8 oy bo‘lgan ekan. Hozir rahbarlaridan biri bankdagi pullarni yechib, Ozarboyjonga qochib ketganmish.
Men 1 avgust kuni uyga 10 yilga bo‘lib to‘lash sharti bilan boshlang‘ich 120 million so‘m to‘lov qilganman.
Ozoda, jabrlanuvchi. Surxondaryo viloyatidan:
– To‘yga deb yig‘ib yurgan pulimizni olib kelib bergandim. Foizsiz, peniyasiz deyishgani uchun turmush o‘rtog‘imga sovg‘a bo‘lsin deb, undan ruxsatsiz shu yerga to‘lov qilganman.
Bu yerga kelganimda odamlar 20 ming dollarlab uyga to‘lov qilayotganlarini ko‘rib, ishonib qoldik. 5 nafar bo‘yi yetgan farzandlarim bor, ularning to‘ylari uchun yig‘ib yurgan pullarimga ozroq qarz ko‘tarib, jami 5 ming dollar to‘lov qilgandim. Endi hammasiga kuyib o‘tiribman.
Muqaddas, jabrlanuvchi. Toshkent shahridan:
– Biz ham internet orqali xabar topgandik. Avvaliga ishonmadik, ammo bu yerdagilar shunaqa muomala qilishdi va xizmatlari haqida aytib berishdiki, oqibatda yashab turgan uyimizni sotib, boshlang‘ich to‘lov – 90 kv.m maydonga ega xonadon uchun 170 million so‘mni to‘lagan edik. Uch nafar o‘g‘lim bor. Turmush o‘rtog‘im bilan kelishib, uyni kengaytirmoqchi edik. Ular istasak ko‘p qavatli uylardan xonadon, istasak hovli-uy olishimiz mumkinligini aytishdi. Biz masalamiz oson hal bo‘layotganidan, shunday hojatbaror kishilar bor, deb xursand bo‘lib yuraveribmiz...
Muqaddas pullarni olib qochib ketgan firma rahbarlaridan biri – Gulyamov Zafar (u mijozlarga o‘zini Abdulloh deb tanishtirgan) bilan o‘sha kuni ham Telegram orqali yozishganini aytadi. Bizga taqdim qilingan skrinshotlarda ko‘rinishicha, o‘zini «Abdulloh» deb tanishtirgan va ayni paytda Baku shahriga qochib ketgani aytilayotgan Gulyamov Zafar unga o‘zining sog‘lig‘idagi muammolari sababli Hindistonda ekani, xavotir olmasligi, hammasi joyida bo‘lishi haqida taskin beruvchi gaplarni aytadi.
Mazkur holat bo‘yicha firma va firmaning ayni paytdagi rahbari – Egamberdiyev Erkinga advokatlik uchun yollangan Farhod Mirahmedovning aytishicha, Gulyamov Zafar 2022 yilning 10 yanvarida «Rayona Qutlug‘» MChJni tashkil qilib, mart oyiga qadar boshqarib kelgan. Shu yilning 17 mart sanasidan boshlab esa ayni paytda Toshkentda bo‘lgan Erkin Egamberdiyevga firma rahbarligini topshirib, o‘zi norasmiy ravishda firma ishlariga bosh-qosh bo‘lib kelgan. 4 avgust sanasiga kelib esa u Egamberdiyevni hamkorlar bilan uchrashish bahonasida Moskvaga uchirib yuboradi va o‘zi firma xodimlarining bank-kartalariga pul o‘tkazish va ulardan naqdlashtirib olish yo‘li bilan firmaning bor pullarini olgan. So‘ng chet elga chiqib ketgan.
«Gulyamovda ham bankdan pul yechib olish uchun kerakli kalit bo‘lgan. Dastlabki o‘rganishlarimizda firmaning jami aylanmadagi mablag‘i 17 mlrd so‘m bo‘lganini aniqladik. Oxirgi marta kecha, 8 avgust kuni ham 40 million so‘m pul yechishga urinish bo‘lgan. Hozirda Egamberdiyev tomonidan banklardagi hisobraqamlarga taqiq qo‘yildi», – deydi advokat.
Orginfo.uz saytida «Rayona Qutlug‘» MChJ joriy yilning 10 yanvarida davlat ro‘yxatidan o‘tgani, ustav fondida 400 million so‘m bo‘lgani va ta’sischisi Erkin Egamberdiyev, rahbari Ulug‘bek Jumaboyev ekani keltirilgan.
Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, 1991 yilda tug‘ilgan E.E. va 1988 yilda tug‘ilgan Z.G. 2022 yil 10 yanvar kuni «Rayona Qutlug‘» nomli mas’uliyati cheklangan jamiyatni tashkil qilib, 1 avgust kuniga qadar faoliyat olib borgan. Ular shu davrda fuqarolarga avtomashina hamda uy-joylarni boshlang‘ich to‘lovni 10 foizdan 50 foizgacha miqdorda to‘lab, qolgan pullarni 40 ish kunidan 3 yilgacha bo‘lgan muddatda bo‘lib to‘lash imkonini beruvchi shartlar asosida olib berishi mumkinligini bildirgan.
Mijozlarni ishontirish maqsadida ular bilan shartnoma tuzgan. Biroq MChJ mansabdor shaxslari fuqarolar tomonidan boshlang‘ich to‘lov sifatida to‘langan pullarni, dastlabki ma’lumotga ko‘ra - 2 000 000 000 (ikki milliard) so‘mdan ortiq miqdordagi pullarni noqonuniy ravishda o‘zlashtirgan.
Holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksi 167-moddasi (“O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
07:32
Toshkentda jamoat transporti ishi 24 soatlik rejimga o‘tkazilishi mumkin
23:47 / 26.11.2024
Toshkentda yuk mashinasi bilan to‘qnashgan Isuzu haydovchisi halok bo‘ldi
21:14 / 26.11.2024
Toshkentda harakatlanib ketayotgan mashinalar ustiga daraxt shoxi quladi
21:02 / 26.11.2024