22:57 / 10.09.2020
58657

Deputatlarni «xafa qilgan» hokim ishdan ketdi. Bu boshqalarga ibrat va o‘rnak bo‘ladimi?

Xo‘jaobodlik deputatlar O‘zbekiston prezidenti va qator davlat idoralariga tuman hokimi Otabek Rasulov olib borayotgan ishlardan norozi bo‘lib murojaat qilishi hokim ishdan ketishi bilan yakunlandi.

Xalq deputatlari Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani kengashining 9 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida Zohidjon Ahmadaliyev tuman hokimi sifatida tanishtirildi.

Sessiyada 2019 yildan buyon tuman hokimi sifatida ishlab kelgan Otabek Rasulov o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etilgani, uning o‘rniga viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Zohidjon Ahmadaliyev Xo‘jaobod tumanining yangi hokimi etib tayinlangani ma'lum qilingan.

Deputatlar bilan kelisha olmagan hokim

Otabek Rasulov

Avgust oyi oxirlarida ijtimoiy tarmoqlarda Xalq deputatlari Xo‘jaobod tuman kengashining bir guruh deputatlari tuman hokimi Otabek Rasulovning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, prezidentga va boshqa qator davlat idoralariga murojaat yo‘llagani haqida xabarlar tarqalgandi.

Murojaatda hokimning davlat mulkini talon-toroj qilish, yer sotish, budjet mablag‘larini noo‘rin sarflash, kadrlar siyosatidagi shoshqaloqlik, tadbirkorlarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgani, ma'naviy-axloqiy tomondan ham «teskari o‘rnak» bo‘layotgani ta'kidlangan.

Shuningdek, murojaatda hokim Otabek Rasulov 2019 yilgi parlament saylovlari vaqtida deputatlikka nomzodlar ro‘yxati OAVda e'lon qilinishiga bir kun qolganida, siyosiy partiyalarga tazyiq o‘tkazib, nomzodlar ro‘yxatini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirgani ham qayd etilgandi.

Deputatlar o‘z murojaatida tuman hokimining ishini alohida o‘rganish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzib, guruhi ishiga o‘zlari ham jalb etilishini so‘rashgandi.

Deputatlar hokim haqida nimalar deyishgandi?
Deputatlar murojaatidan so‘ng Kun.uz muxbirlari Xo‘jaobod tumanida bo‘lib, hokimdan norozi va uning tarafida bo‘lgan boshqa deputatlar bilan suhbat uyushtirgandi.

Uchrashuv davomida 7 nafar deputat va mahalla faollari tumanda davlat mulkini talon-toroj qilish, yerlarni noqonuniy sotish, korrupsiya, davlat budjetini o‘zlashtirish, qonunbuzarliklar avj olgani, tuman hokimi aholi muammolarini ko‘tarib chiqqan deputatlarga bosim o‘tkazishi kabi holatlar ularni yuqori organlarga murojaat qilishga majbur qilgani haqida aytishgan edi. Deputatlar tumandagi holatni o‘rganish uchun respublika yuqori organlari vakillaridan iborat ishchi guruhi tekshirish o‘tkazishini so‘rashgan.  

14-saylov okrugidan saylangan deputat Elyorbek Abduraimov tuman hokimi Otabek Rasulov 7 avgust kuni tuman hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda deputatlarni haqorat qilishgacha borganini aytgandi.

«Hokimning turli sohalarga qilayotgan sun'iy to‘siqlari tumanning o‘sishiga katta to‘sqinlik qilyapti. Men o‘zimning saylangan okrugimdagi xalqdan tushayotgan muammolar bo‘yicha tuman hokimligiga, mutasaddilarga deputat so‘rovi bilan bir necha bor murojaat qildim. Lekin tuman hokimi olib borayotgan siyosat oqibatida birorta mutasaddi mening deputatlik so‘rovimga e'tibor qaratgani, qonuniy javob bergani yo‘q. Buning asosiy sababi - hokim hokimiyat binosida o‘tkaziladigan yig‘ilishlarning har birida deputatlarni haqoratlaydi, hurmatini tushiradi. Deputat so‘rovi beraman, so‘ng keyingi majlisda bosimini sezaman», degandi deputat.

Elyorbek Abduraimov

Deputat Bahodir Saidolimov deputatligidan tashqari, O‘zLiDep tuman kengashini apparat rahbari sifatida faoliyat yuritishi, saylov jarayonida o‘zi bergan 12 nafar nomzod tuman hokimi tomonidan olib tashlagani, saylovga o‘ziga qarashli odamlar nomzodini qo‘ygani haqida gapirgan.

«Saylov kodeksining 90-moddasini o‘qib ko‘rsangiz, unda deputat bo‘lishga taqiq qo‘yilgan tashkilot rahbarlari bor. O‘sha qoida buzilib, hozir bizda, adashmasam, 6ta rahbar ham deputatlik faoliyatini yurityapti, ham rahbarligini davom ettiryapti. Respublikadan ishchi guruh, komissiya kelib o‘rgansa barchasiga oydinlik kiritiladi», degandi u.

«Bugungi kun deputati majlislarda qo‘l ko‘tarib tushirishga saylanmagan!»

Tumanga yangi hokim tayinlangach, yana o‘sha deputatlarga mikrofon tutildi.

«Deputatlar faqat sessiyalarda ovozga qo‘yilgan masalalarga qo‘l ko‘tarib tushirish uchun saylanmagani o‘z isbotini topdi. Biz prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatga doim katta ishonch bildirganmiz va shunga asosan harakat qildik. Bugungi xalq tomonidan ovoz olgan deputatlar «qo‘g‘irchoq» emas, balki aholi dardini ko‘tarib chiqa oladigan kuch ekanligiga yana bir bor ishondik.

To‘g‘risi, bo‘shatilgan tuman hokimiga biroz rahmim ham keldi. Hali u ko‘p noqonuniy ishlariga javob beradi. Murojaat qilganimizdan so‘ng bizga qarshi tuhmatlar ham bo‘ldi. Lekin biz mamlakatmizda bo‘layotgan yangilanishlar va ijobiy o‘zgarishlardan ruhlanib, ortga qaytmadik», deydi deputat Bahodir Saidolimov.

Bahodir Saidolimov

«Biz o‘z oldimizga Xo‘jaobod tumanini obod bo‘lishi yo‘lida mehnat qilishni maqsad qilgan deputatlarmiz. Shuning uchun murojaat yozdik. Otabek Rasulov shijoat bilan ish boshlagan edi. Sekin-asta korrupsiyaga aralashdi, o‘zgardi. Deputatlarning fikrlariga quloq solmadi. Shundan so‘ng biz murojaat qilishga majbur bo‘ldik.

Harakatlarimiz zoye ketmadi. Haqiqat qaror topdi. Jarayonni kuzatib turgan saylovchilarimizda ham respublikada olib borilayotgan islohotlarga ishonch yanada ortdi. To‘g‘risi, xalqning deputatlarga bo‘lgan hurmati oshib, murojaatlar soni yana ko‘paydi. Mana, tumanga diyonatli, sohasi iqtisodchi bo‘lgan yangi hokim tayinlashdi. Barcha deputatlar bir bo‘lib, hokim bilan bor kuchimizni berib ishlashga kelishib oldik», deydi xalq deputatlari Xo‘jaobod tuman kengashiga «Navoiy» saylov uchastkasidan saylangan deputat Qobiljon Mamadaliyev.

Qobiljon Mamadaliyev

Xalq o‘zi saylagan deputatlardan ko‘p narsani umid qiladi. So‘nggi vaqtlarda yuqori organlardan joy olgan o‘nlab noiblar o‘z saylovchilari va aholi muammolarini keng siyosiy maydonga ko‘tarib chiqib jamiyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, «ular jonlanishdi». Sekin-asta viloyat va tuman kengashlari deputatlari ham harakatga kelishni boshladi.

Xo‘jaoboddagi voqea respublikaning boshqa hududlari rahbarlarini sergak torttirishi, ularga yaxshi ibrat bo‘lishi kerak. Yillar davomida o‘z xatti-harakatlari va xatolari bilan xalq noroziligiga sabab bo‘lib kelgan mahalliy rahbarlar endi bunday ishlar uchun jazo olishini his qilib turadi.

O‘z o‘rnida boshqa hududlardagi deputatlar ham o‘zini mahalliy rahbarlarni tiyib turuvchi va nazorat qiluvchi kuch sifatida namoyon eta boshlashi kutiladi. Shoyadki, bu voqea O‘zbekistonda ma'muriy islohotlarni jadallashtiruvchi turtki bo‘lsa.

Mavzuga oid
Top