Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil Livan bo‘ylab zarbalar berdi va quruqlik amaliyotini boshladi
Livandagi «Hizbulloh» guruhi seshanba kuni Isroilning uchta harbiy bazasini o‘qqa tutganini ma’lum qildi – bu Isroil bir kun oldin guruhning Livandagi tayanch punktlariga, jumladan, poytaxt Bayrut janubiga zarba berishiga javoban amalga oshirilgan.
IBRAHIM AMRO / AFP via Getty Images
«Hizbulloh» bayonotida Isroil shimolidagi «Ramat-David» aviabazasi hamda «Meron» kuzatuv bazasiga hujum qilishda zarbdor dronlardan foydalanilgani aytilgan. Shuningdek, ishg‘ol etilgan Jo‘lan tepaliklaridagi «Naffak» bazasiga raketa zarbasi yo‘llangan.
«Bu zarbalar jinoyatchi Isroilning Livandagi o‘nlab shahar va posyolkalarga tajovuziga javob bo‘ldi», – deyiladi guruh bayonotida.
Isroil darhol Livan bo‘ylab keng ko‘lamli zarbalar yo‘llashni boshladi – bir kun oldin ushbu mamlakat hukumati «Hizbulloh»ning harbiy faoliyati taqiqlanishini e’lon qilgandi.
Isroil muntazam ravishda havo hujumlarini amalga oshirishda davom etmoqda – hujumdan oldin Bayrutning janubiy chekkalari va mamlakat janubida yashovchi aholini evakuatsiya qilish to‘g‘risida ogohlantirish e’lon qilingan. Livan rasmiylariga ko‘ra, zarbalardan jabr ko‘rgan hududlarda 29 mingga yaqin odam o‘z uylarini tark etgan.
«Tehron va Bayrut bo‘ylab»
Seshanba tongida Isroil «Tehron va Bayrut bo‘ylab bir vaqtning o‘zida zarbalar berish»ning yangi bosqichiga kirishganini e’lon qildi.
Erta tongdan evakuatsiya haqidagi e’londan keyin Bayrutning janubiy chekkalaridagi bir necha binolar bo‘ylab davomli zarbalar yo‘llangan.
AFP fotograflari osmonga ko‘tarilgan ulkan tutun ustunini kadrga muhrlashgan.
«Hizbulloh»ga tegishli bo‘lgan «Al-Manar» telekanali Bayrutdagi ofisi tunda hujumga uchraganini xabar qildi, seshanba tongida Isroil «Hizbulloh»ga tegishli bo‘lgan «Al-Nur» radiostansiyasi ofisi bo‘ylab ham zarba bergan.
AFP via Getty Images
Isroillik harbiylar chegara bo‘ylab mudofaa choralari doirasida Livan janubidagi bir necha joyga qo‘shin kiritganini ma’lum qildi.
Isroil hukumati Livanga quruqlik orqali keng ko‘lamli bostirib kirish rejalashtirilmayotganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, harbiylar «Hizbulloh»ning raketa hujumlarini to‘xtatish uchun barcha imkoniyatlarni ko‘rib chiqayotganini aytishdi.
Israel Kats «Isroil mudofaa armiyasiga chegaradagi aholi punktlariga hujumlarning oldini olish uchun Livanda oldinga siljish va qo‘shimcha strategik pozitsiyalarni egallashga ruxsat bergani»ni aytgan. Harbiylar bu qadamlarni quruqlikdagi bosqin emas, balki «taktik choralar» deb atadi.
Ta’kidlanishicha, mamlakat shimolidagi aholi punktlarini evakuatsiya qilishga zarurat bo‘lmasligi uchun Livan chegarasi bo‘ylab ko‘proq qo‘shinlar joylashtirilgan va bu hududda havo hujumidan mudofaa kuchaytirilgan.
Livan armiyasi esa Isroil armiyasining seshanba kungi harakatlari fonida chegarada yaqinda tashkil etilgan bir necha pozitsiyalaridan askarlarni olib ketgan. «Umumiy hisobda har bir postda sakkiz nafardan to‘qqiz nafargacha askar ularning xavfsizligiga tahdid tufayli o‘z doimiy bazalariga ko‘chirib o‘tkazildi», – deya ma’lum qildi Livan harbiylari.
«Livan suverenitetiga yangi zarba»
AFP via Getty Images
BBC’ning Quddusdagi muxbiri Iolandi Nellning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning hujumlari Livan suverenitetiga va AQSh vositachiligida tuzilgan 2024 yilgi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga (bu Isroil va Livanning «Hizbulloh» qurolli guruhi o‘rtasidagi bir yillik keng ko‘lamli jangovar harakatlarga chek qo‘ygandi) yangi zarba bo‘lmoqda.
Sulh shartlariga ko‘ra, faqat BMT tinchlikparvar kuchlari va Livan armiyasi askarlari Isroil chegarasidan taxminan 30 kilometr uzoqlikdan o‘tadigan Litani daryosi janubidagi hududda qurol olib yurishi mumkin.
Shartnomaga ko‘ra, Isroil Livandan barcha qo‘shinlarini olib chiqishi kerak edi, ammo Tel-Aviv «Hizbulloh»ning qurolsizlanishdan bosh tortganini bahona qilib, o‘z askarlarini strategik jihatdan muhim deb hisoblagan beshta chegara hududida saqlab qoldi.
«Hizbulloh»ni qurolsizlantirish siyosatini olib borayotgan Livan prezidenti Jozef Aun Isroilning so‘nggi zarbalarini qoraladi va Isroil rasmiylarini Livan «hech qanday aloqasi bo‘lmagan» urushga mamlakatni jalb qilmaslikka chaqirdi. Prezident Fransiya, AQSh, Qatar, Saudiya Arabistoni va Misr elchilaridan iborat qo‘mita («kvintet») a’zolari oldida nutq so‘zlab, ularni «Livanga qarshi tajovuzni to‘xtatishi uchun Isroilga bosim o‘tkazish»ga chaqirdi.
Shu bilan birga, Aun «Hizbulloh»ning harbiy faoliyatini taqiqlash to‘g‘risidagi qaror bekor qilinmasligi, chunki Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan harakat Isroil pozitsiyalariga yangi hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olganini aytdi. «Hizbulloh» vakillari esa «shafqatsiz sionistik dushman qarshisida zaiflik ko‘rsatgani» uchun hukumatni qattiq tanqid qildi.
Isroilning Livandagi operatsiyalari dushanba kuni «Hizbulloh»ning Isroilga hujumidan keyin boshlandi. «Hizbulloh» Hayfa janubidagi Isroil havo mudofaasi obekti hujum nishoni bo‘lgani, zarbalar esa Eron oliy rahbari Ali Xominaiyning o‘ldirilishi uchun qasos va «Isroilning tajovuzkor harakatlari»ga javob ekanini qayd etgan.
Isroil harbiylariga ko‘ra, Livandan mamlakat hududiga uchirilgan raketalardan biri urib tushirilgan, qolganlari ochiq maydonga qulagan. Bu hujum oqibatida jabrlanganlar yoki vayronagarchiliklar yo‘q.
Mavzuga oid
09:25 / 02.04.2026
Isroil “Hizbulloh”ning “Janubiy front” qo‘mondonini o‘ldirdi
08:33 / 01.04.2026
Tramp: AQSh Eron bo‘yicha maqsadiga yetdi, hujumlar tez orada to‘xtaydi
17:00 / 31.03.2026
Isroil parlamenti «terrorizm»da ayblangan falastinliklar uchun o‘lim jazosi kiritdi
08:37 / 30.03.2026