Jahon | 21:17 / 21.08.2018
23317
3 daqiqa o‘qiladi

Emomali Rahmon O‘zbekistonga tashrifi natijalarini yuqori baholadi

Foto: Niat Xovar

Dushanbeda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon raisligida hukumatning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi "Xovar" milliy axborot agentligi.

Emomali Rahmon o‘zining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlari haqida ma'lumot berdi. Qayd etilishicha, mazkur tashrif natijalari ikki davlat munosabatlari tarixidan joy oladi. Tashrif davomida Tojikiston va O‘zbekiston munosabatlari strategik hamkorlik darajasiga chiqqani eng muhim natijalardan biri bo‘ldi.

“Davlat rahbarlarining o‘zaro davlat tashriflari, hujjatlar imzolanishi, biznes-forumlar, sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalari, madaniy dasturlar va do‘stlik oqshomlarining o‘tkazilishi, respublikalar o‘rtasida 16ta chegara o‘tkazish punktlarining ochilishi, havo qatnovi, avtomobil yo‘llarining qayta tiklanishi, iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlararo komissiyalarining sezilarli faollashuvi tojik va o‘zbek xalqlarining yana yaqinlashishi va qardoshlik aloqalarini mustahkamlashiga imkon berdi”, deyiladi xabarda.

Emomali Rahmon mamlakatda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasida ishtirok etgan ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarga hamda «Do‘stlik oqshomi» dasturining yuqori saviyada o‘tishiga hissa qo‘shgan san'at va madaniyat  arboblariga minnatdorlik bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 17-18 avgust kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshirdi. Bu Tojikiston prezidentining so‘nggi 20 yil ichida ilk bor O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelishidir.

Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki davlat o‘rtasida davlatlararo strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. 
Prezidentlar o‘rtasida qo‘shma bayonot ham imzolangan.

Muzokaralardan keyin prezidentlar «O‘zekspomarkaz»da ochilgan Tojikiston sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasini borib ko‘rishdi.

Tashrifning birinchi kuni yakunida prezidentlar «O‘zbekiston» anjumanlar saroyida O‘zbekiston va Tojikiston san'at ustalari ishtirokida tashkil etilgan «Do‘stlik oqshomi» nomli konsertda bo‘lishdi.

18 avgust kuni Emomali Rahmon O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Samarqand shahridagi Islom Karimov maqbara majmuasiga tashrif buyurdi. Birinchi prezident qabriga gul qo‘yilib, Qur'on tilovat qilindi.

O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari Registon majmuasiga ham tashrif buyurdilar.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi, turli sohalarga doir 27 ta hujjat va savdo shartnomalari imzolandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid