O‘zbekiston | 12:40 / 27.04.2021
4743
2 daqiqa o‘qiladi

Aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. 2021 yilda 457 mingta doimiy yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident qarori bilan 2021 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha davlat dasturi qabul qilindi.

Dasturga ko‘ra:

457,1 mingta doimiy yangi ish o‘rinlarini tashkil etish nazarda tutilmoqda. Yangi kichik korxonalarni tashkil etish hamda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish hisobiga 210 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi;

aholi bandligiga ko‘maklashish va ish beruvchilarni rag‘batlantirish bo‘yicha 513,5 mingta fuqaroga xizmatlar ko‘rsatiladi. 280 mingdan ortiq fuqaro bo‘sh va zaxira ish o‘rinlariga ishga joylashtiriladi, 110 mingdan ortig‘i haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilinadi.

“Barcha uchun ish” tamoyili asosida 1 noyabrga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydoni ishga tushiriladi:

  • ishsizlar uchun ishlar, masofadan turib bajariladigan ishlar, uyda bajariladigan ishlar, kasanachilik ishlari, frilanserlik faoliyati, ish grafiklari, talab etiladigan malaka darajasi, ish haqi miqdori va boshqalar;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning faoliyat turlarini reklama qilish va ularning xizmatiga ehtiyoji bor ish beruvchilar o‘rtasida kunlik va uzoq muddatli oferta shartnomasi tuzish va boshqalar.

Avvalroq, “2021 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha davlat buyurtmasi to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e'lon qilingandi.

Qaror doirasida jami 322,9 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Shundan, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 257,7 mlrd so‘m va Jahon bankining grant mablag‘lari hisobidan 65,2 mlrd so‘m ajratiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid