Jahon | 22:25 / 09.09.2020
34115
7 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: Oksfordda umidli vaksina sinovi to‘xtatildi, Rossiyada emlash boshlandi

Oksford universiteti va AstraZeneca kompaniyasi Covid-19'ga qarshi vaksina sinovlarini unda qatnashayotgan ko‘ngillilardan birida «yashirin holatdagi tushunarsiz kasallik» aniqlangani tufayli vaqtincha to‘xtatdi. Moskvada esa koronavirusga qarshi emlash boshlandi, ammo Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Rostex» rahbari Sergey Chemezov va rus elitasining boshqa vakillaridan farqli o‘laroq emlanishga shoshilmayapti.

Foto: Reuters

AstraZeneca'ning ma'lum qilishicha, bu tanaffus - sinov qatnashchilardan biri xastalangan holatda qo‘llanadigan odatiy chora. 

Koronavirusga qarshi vaksina yaratish bo‘yicha dunyo bo‘ylab o‘nlab tadqiqot markazlari ish olib bormoqda. Hozirga qadar aynan Oksford universiteti va AstraZeneca tomonidan ishlab chiqilayotgan va 3 klinik sinovdan ikkitasini muvaffaqiyatli tarzda tugallagan ushbu vaksinaga eng ko‘p umid bog‘langandi. 

Uchinchi bosqichda Buyuk Britaniya, AQSh, Braziliya va JARdan 50 ming nafarga yaqin inson ishtirok etmoqda.

Sinovlarning uchinchi bosqichida olimlar minglab ko‘ngillilardan foydalanadi va bu jarayon bir necha yil davom etishi mumkin. 

Vaksina sinovining vaqtincha to‘xtatilishini e'lon qilgan Stat News agentligining yozishicha, volontyor bilan aynan nima sodir bo‘lgan hozircha aniq emas, ammo mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, u tez orada tuzalishi kerak.

Vaksina ishlab chiqaruvchilar jamoatchilik ishonchini qozonmoqchi

Vaksina izlab
AQSh prezidenti Donald Tramp 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlarigacha Covid-19 vaksinasi ishlab chiqilishini istamoqda. Skeptiklarning prezident o‘zining siyosiy manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘yayotgani va xalq salomatligi uchun ehtimoliy oqibatlarni hisobga olmayotganini ta'kidlashmoqda.

Seshanba kuni Covid-19 vaksinasini ishlab chiqayotgan to‘qqiz kompaniya qo‘shma bayonot e'lon qildi, unda ular ilmiy izlanishlar va etikaning barcha tamoyillariga rioya qilishga intilishayotgani va yangi preparatlarni sinovdan o‘tkazishda qatnashuvchi ko‘ngillilarning sog‘ligiga hech qanday zarar yetkazmaslik niyatida ekanliklarini ta'kidlashgan.

Ushbu bayonotni imzolagan kompaniyalar qatoriga AstraZeneca, Johnson & Johnson, BioNTech, GlaxoSmithKline, Pfizer, Merk, Moderna, Sanofi va Novavax kiradi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 180dan ortiq vaksinalar sinovdan o‘tkazilmoqda, ammo hali ulardan hech birining klinik sinovlari yakunlanmagan. 

JSST, agar vaksina ishlab chiqilgan taqdirda ham, uni to‘liq sinovdan o‘tkazish zarurligini va bu yil tasdiqlanishi mumkin emasligini qo‘shimcha qilgan.

Shunga qaramay, Rossiya va Xitoy allaqachon o‘z vaksinalarini ishlab chiqishgani va hatto aholi ayrim guruhlarining emlanishi boshlaganini e'lon qilishdi. 

JSST ushbu ikkala vaksinani faqatgina sinov jarayonida deb hisoblaydi.  

Shu bilan birga, AQSh oziq-ovqat va medikamentlarni sanitar nazorat qilish bo‘yicha federal ma'muriyati (FDA) Qo‘shma shtatlarda istiqbolli vaksinani uchinchi bosqichdan o‘tmasdan oldin ma'qullash mumkinligi haqida tushuntirdi, ya'ni preparatni qo‘llash aslida prezidentlik saylovlaridan oldin boshlanishi mumkin . 

O‘tgan hafta AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi shtat rahbarlarini vaksinani 1 noyabrgacha - prezidentlik saylovidan ikki kun oldin tarqatishga tayyor bo‘lish uchun ba'zi talablarni bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishga chaqirgani ma'lum bo‘ldi.

9 sentyabrda Rossiyada «Sputnik V» bilan emlash boshlandi. Ilk emlashlar Moskvada o‘tkazildi.

Foto: Sergey Bobylev/TASS

Gap Gamalei nomidagi markazda ishlab chiqilgan va avgust oyida ro‘yxatga olingan (dunyoda birinchi) vaksina klinik sinovlarining uchinchi bosqichida ishtirok etadigan 40 ming ko‘ngilli haqida bormoqda. Parallel ravishda Rossiya vaksinasi bilan xavf guruhidagi odamlar - shifokorlar, o‘qituvchilar va boshqalar emlanilishi kerak. Sog‘liqni saqlash vazirligi chorshanba kuni vaksinatsiya «tez orada» boshlanishi kerakligini aytdi.

Moskvadagi ilk ko‘ngillilar allaqachon emlangan, deb xabar berdi shahar meri o‘rinbosari Anastasiya Rakova. Vaksinaning birinchi partiyasi uchta poliklinikaga yetkazib berilgan. Vaksinaning birinchi komponenti darhol, ikkinchisi - 21 kundan keyin qo‘llanadi. Emlash bepul. 

Ayni paytda, Meksika Rossiya vaksinasining 32 million dozasiga buyurtma bergan, deb xabar berdi Reuters kelishuvga yaqin manbaga asoslanib. Bu bilan Rossiyaning bevosita investitsiyalar fondi (RBIJ) shug‘ullanadi. 

Avgust oyida Qozog‘iston ushbu fond bilan barcha sinovlar o‘tganidan so‘ng 2 milliondan ortiq dozadagi vaksinani yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma imzolagandi. Jamg‘arma rahbari Kirill Dmitriyevning aytishicha, Rossiya xorijiy sheriklar bilan birgalikda beshta davlatda, xususan BAA, Saudiya Arabistoni va Filippinda yiliga 500 million dozadan ortiq vaksina ishlab chiqarishi mumkin.

Sal avval xalqaro olimlar guruhi Lancet jurnalida chop etilgan rus vaksinasi haqidagi maqola grafikalardagi takrorlanish va boshqa noaniqliklarni payqashdi. Olimlar jurnal muharriri va maqola mualliflariga aniqlangan statistik anomaliyalarni oydinlashtirishni so‘rab murojaat qilishdi. 

Nashr qilingan ma'lumotlar ishonchli va aniq, ularni Lancet'ning besh nafar retsenzentlari ko‘rib chiqqan, dedi Gamalei nomidagi markazning ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Denis Logunov. 

Putin emlanadimi yoki yo‘q?
«Rostex» korporatsiyasi rahbari Sergey Chemezov «Sputnik» bilan aholidan avval emlanishga ulgurdi. 

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi/TASS

Undan oldin Moskva meri Sergey Sobyanin va Mudofaa vaziri Sergey Shoygu hamda «Sibur» rahbari Dmitriy Konov o‘zlarining emlanishlari bilan maqtanishgan. Bloomberg nashri yozda rus elitasi vakillari - mansabdor shaxslar va top-menejyerlarida eksperimental vaksinaga oldindan egalik qilish imkoni borligi haqida yozgandi. 

Chemezov jurnalistlarga «Rostexning» Gamalei nomidagi markaz bilan hamkorlik qilishini eslatdi va o‘zini juda yaxshi his qilayotganini aytdi. «Yaqinda natijani tekshirdim - antitana bor, ya'ni immunitet shakllangan», dedi Chemezov.

Jurnalistlar chorshanba kuni prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovdan Putin koronavirusga qarshi emlanadimi yoki yo‘qligini so‘rashdi. Peskov aniq javob bermadi: «Prezidentning emlanilishiga kelsak, u qachon buni zarur deb hisoblasa, o‘zi bu haqda xabar beradi». 

Avvalroq Putin qizlaridan biri Covid-19'ga qarshi emlanganligini aytgandi.

  • So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoda Covid-19dan zararlanish holatlari soni 27,8 milliondan oshgan, shundan 904 mingdan ortiq bemor vafot etgan. Pandemiya boshlanganidan buyon 19,3 million kishi sog‘ayib chiqqan.

Mavzuga oid