O‘zbekiston | 19:40 / 04.08.2025
3646
2 daqiqa o‘qiladi

Endi Toshkentda «Tez yordam» mashinasi harakatini onlayn kuzatib turish mumkin bo‘ladi

Loyihani boshqa shaharlarda ham kengaytirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

Foto: Kun.uz

Respublika tez tibbiy yordam markazi tomonidan ilk bor «103» brigadalari harakatini real vaqt rejimida onlayn kuzatib borish yo‘lga qo‘yildi.

SSV matbuot xizmati qayd etishicha, ushbu tajriba-sinov loyihasiga ko‘ra, endilikda poytaxt aholisi tez tibbiy yordam brigadalarining qayerda ekani va qancha vaqtda chaqiruv manziliga yetib borishini onlayn kuzatib turishlari mumkin.

Yangi loyiha Yandex Uzbekistan kompaniyasining texnologik yechimi asosida amalga oshirilib, «103» brigadasi harakatlari brauzerda elektron xarita orqali, yaqin kelajakda esa Yandex Go mobil ilovasi yordamida kuzatib boriladi.

Unga ko‘ra, «Tez yordam»ga murojaat qilingandan so‘ng, tizim avtomatik ravishda brigadaning harakati real vaqt rejimida ko‘rsatiladigan elektron xaritaga havola orqali SMS-xabar yuboradi.

Loyihaning keyingi bosqichida foydalanuvchilar Yandex Go mobil ilovasidan brigadaning joylashuvi va uning taxminiy kelish vaqti to‘g‘risida push-bildirishnoma orqali xabardor bo‘ladi. Qolaversa, ushbu ma’lumotni to‘g‘ridan to‘g‘ri ilova orqali ham olsa bo‘ladi.

«Ushbu yangilik, eng avvalo, tez tibbiy yordam tizimida shaffoflikni ta’minlash va dispetcherlarning ish yuklamasini kamaytirishga xizmat qiladi. Hozirda bu yechim Toshkent shahrida shoshilinch chaqiruvlar uchun amal qiladi, biroq keyinchalik loyihani kengaytirishni maqsad qilganmiz» deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov.

Ma’lumot uchun, Respublika tez tibbiy yordam markaziga mamlakat bo‘ylab har kuni o‘rtacha 40 mingga yaqin chaqiriq kelib tushadi. Ularning 60 foizini esa shoshilinch murojaatlar tashkil etadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid