Sport | 11:38 / 23.02.2026
6184
12 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» va «Barselona»da yirik g‘alaba. Kun o‘yinlari

«Arsenal» London derbisida 4 ta gol urdi va «Siti» bilan 5 ochkolik farqni tikladi, «Liverpul» YeChL yo‘llanmasi uchun kurashda qolmoqda; «Real»ning peshqadamligi bir haftaga bormadi – «Barsa» birinchi o‘rinni qaytarib oldi.

«Tottenhem» – «Arsenal» 1:4
Gollar:
Eze, 32 (0:1). Kolo Muani, 34 (1:1). Yokeresh, 47 (1:2). Eze, 61 (1:3). Yokeresh, 90+4 (1:4)
«Tottenhem»: Vikario, Dregushin, van de Ven, Palinya (Tel, 82), Bissuma, Gallaher (Solanke, 62), Sarr, Spens, Grey, Simons, Kolo Muani (Risharlison, 68)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Inkapiye, Timber (Moskera, 57), Subimendi, Rays, Eze (Edegor, 77), Trossar (Martinelli, 77), Saka (Madueke, 90+1), Yokeresh
Ogohlantirishlar: Grey, 35 – Timber, 28

«Arsenal» va «Tottenhem» o‘rtasidagi derbi – APLning bu turidagi markaziy o‘yin edi. Jamoalardan biri titul uchun kurashmoqda, ikkinchisi esa – ligada qolish uchun. Lekin ikki jamoa ham so‘nggi haftalarni yomon o‘tkazgandi: «kanonirlar» ketma-ket ikki o‘yinda durang o‘ynab, asosiy ta’qibchisi «Siti»ni yaqinlashtirib olgan, «shporlar» esa sakkiz uchrashuvdan iborat g‘alabasiz seriyadan keyin bosh murabbiyni almashtirgan va Tomas Frank o‘rnini Igor Tyudor egallagandi.

Barcha Arteta so‘nggi muvaffaqiyatsizliklarga qanday reaksiya ko‘rsatishi va «Tottenhem» yangi bosh murabbiy boshchiligida qanday ko‘rinishda bo‘lishini qiziqish bilan kutayotgandi. Mezbonlar o‘yinni besh himoyachidan iborat sxema bilan boshlashdi, lekin jamoaning asosiy himoyachisi Romero diskvalifikatsiyaga uchragani tufayli markaziy himoyada van de Venga tajribasiz Dregushin va asl pozitsiyasi tayanch yarimhimoyachisi bo‘lgan Palinya sherik bo‘ldi.

Natijada ilk daqiqalardan mezbonlar jarima maydonida tahlikali vaziyat yuzaga keldi. Avvaliga Vikario o‘rinsiz holatda darvozasini tashlab, jarima maydoni tashqarisiga chiqib keldi. Keyin Yokereshda qulay vaziyat bo‘ldi, ammo uning boshda yo‘llagan kuchli zarbasidan keyin to‘p ustun yonidan o‘tib ketdi. «Arsenal»ning kuchli bosimi texnik xatolik tufayli to‘xtab qoldi – yon qanot hakamining aloqa vositasi buzilib qolgandi.

Lekin bu mehmonlarning shiddatini so‘ndira olmadi va Vikario darvozasi atrofida xavfli vaziyalar yuzaga kelishi davom etdi. Burchak zarbasidan keyin Salibaning zarbasi biroz xato ketdi, keyin esa Simons jarima maydoni yaqinida qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, to‘p yo‘qotdi, ammo Trossar bu sovg‘adan foydalana olmadi.

Umuman olganda, «Arsenal»ning ustunligi yaqqol ko‘rinib turardi va bu statistikada ham aks etdi: birinchi bo‘limda mehmonlar o‘yinning 73 foiz vaqtida to‘pga egalik qilishdi, zarbalar soni bo‘yicha 12:2. Ezening 32-daqiqada hisobni ochishi o‘yin mantig‘iga to‘la mos edi. Ushbu yarimhimoyachi jarima maydoni markazida to‘pni qabul qilib, ikkinchi teginishda zarba berish uchun yetarlicha vaqtga ega bo‘ldi.

Lekin mezbonlar darhol javob golini urishdi. Bu vaziyatda jamoasining eng ishonchli futbolchisi sanaladigan Rays o‘ziga ortiqcha ishonib yubordi va himoyadan chiqishda fint ishlatib, to‘pni oldirdi. Kolo Muani esa bu sovg‘adan foydalandi va darvozabon hududigacha borib, Rayyaga hech qanday imkon qoldirmadi.

Ikkinchi bo‘lim boshida Yokeresh ham raqib himoyachilari xatosidan foydalanib, jarima maydoni tashqarisidan yo‘llangan qaytarib bo‘lmas zarbasi bilan jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.

53-daqiqada esa o‘yindagi hal qiluvchi epizod yuzaga keldi. Kolo Muani yana bir bor darvozani ishg‘ol etdi, ammo bu gol hujumdagi fol tufayli bekor qilindi. Bu vaziyatda u Gabrielni ortdan turtgan va uning havodagi to‘pga sakrashiga xalaqit bergandi.

Biroz o‘tib hisob 1:3 ko‘rinishini oldi. Yana Eze raqib jarima maydoni ichidagi tartibsizlikdan foydalanib, amalda bo‘sh qoldirilgan darvozani ishg‘ol etdi.

E’tiborli jihati, ushbu yarimhimoyachi APLning joriy mavsumida 6 gol urgan, shundan beshtasi – «Tottenhem» darvozasiga, yana biri sobiq jamoasi – «Kristal Pelas»ga. «Tottenhem»ni ham hazil bilan uning sobiq jamoasi deyishadi u yozda deyarli «Tottenhem» futbolchisiga aylangan, internetda uning nomidagi futbolkalar suratlari tarqalgan, ammo so‘nggi pallada uning o‘zi «Arsenal»dan o‘zini sotib olishni so‘ragan va bolalik orzusiga yetishgandi. 

Qo‘shimcha daqiqalarda Yokeresh ham dublni rasmiylashtirdi. Hujumchi Edegordan pas qabul qilib olib, to‘pni jarima maydoniga olib kirdi va olis burchakni aniq nishonga oldi – 4:1.

«Arsenal» g‘alabali yo‘lga qaytdi va «Siti» bilan oradagi farqni 5 ochkoga yetkazdi. Endi chempionlikni bahorgi o‘yinlarda kim ko‘proq ochko yo‘qotishi hal qiladi.

«Nottinghem Forest» – «Liverpul» 0:1
Gol:
Makallister, 90+7 (0:1)
«Nottinghem Forest»: Ortega, Murilo, Milenkovich, Uilyams, Ayna, Sangare, Anderson (Dominges, 77), Gibbs-Uayt (Makeyti, 90+3), Hadson-Odoi (Ndoy, 66), Hatchinson (Bakva, 66), Igor Jyezus (Lukka, 77)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate, Kerkez (Gomes, 83), Soboslai, Makallister, Gravenberh, Jons (Roberson, 83), Gakpo (Kiyeza, 77), Saloh (Ngumoha, 77), Ekitike
Ogohlantirishlar: Gibbs-Uayt, 20. Ayna, 61

O‘yin boshlanmasdan «Liverpul»da muammolar yuzaga keldi. O‘yin uchun tarkiblar e’lon qilinganida Virs chigalyozdi mashg‘ulotlari chog‘ida jarohat olgani ma’lum bo‘ldi va uning o‘rniga Kyortis Jonsni boshlang‘ich tarkibga kiritishga to‘g‘ri keldi. Birinchi bo‘lim esa Florian jamoa o‘yini uchun naqadar muhim ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Arne Slot jamoasi hujumlar tashkil etishda qiynaldi.

Mehmonlar murabbiyi tanaffusda o‘zgarishlar qilmadi va ikkinchi bo‘lim starti ham mezbonlar ustunligida o‘tdi. Mersisaydiklar faqat o‘yinning oxirgi qismida g‘alabani ilib ketish uchun oldinga tashlanishdi va qo‘shimcha daqiqalarda ikki bor darvozani ishg‘ol etishdi.

Mak Allisterning birinchi goli to‘p uning qo‘liga tekkani tufayli bekor qilindi.

Ammo ushbu argentinalik o‘yinga qo‘shib berilgan yettinchi daqiqada g‘alaba golini urib, baribir oqshom qahramoniga aylandi. Bu holatda ham van Deykdagi ofsayd holati tekshirildi va yakunda gol inobatga olindi va Arne Slot o‘zi uchun noqulay bo‘lgan raqib ustidan nihoyat g‘alabaga erishdi.

Qizillar o‘yinlarning so‘nggi 15 daqiqasida urilgan gollar soni (15) bo‘yicha APLda yaqqol ustunlik bilan oldinda bormoqda. Jamoa hamon turnir jadvalida oltinchi o‘rinda qolmoqda, ammo bu turda «Byornli»ni yenga olmagan «Chelsi» va o‘z o‘yinini endi o‘tkazadigan «MYu» bilan ochkolari soni teng.

Ispaniya: Pedrining qaytishi

«Barselona» – «Levante» 3:0
Gollar:
Bernal, 4 (1:0). de Yong, 32 (2:0). Fermin Lopes, 81 (3:0)
«Barselona»: X. Garsiya, Martin (Arauxo, 88), E. Garsiya, Joau Kanselu, Kunde, Bernal (Pedri, 66), Olmo (Fermin Lopes, 66), de Yong, Rafinya, Yamal (Barji, 88), Levandovski (Torres, 66)
«Levante»: Rayan, Matturro, de la Fuente, Sanches, Tolyan (Peres, 89), Olasagasti, Rey, Alvares (Losada, 84), V. Garsiya (Kortes, 46), Tunde (Etta Eyong, 70), Romero (Abed, 70)
Ogohlantirishlar: Martin, 45. Bernal, 59 – Tunde, 20

O‘tgan turda «Barselona» Kataloniya derbisida «Jirona»ga yutqazib, peshqadamlikni boy bergandi. Ammo shanba kuni «Real» «Osasuna» maydonida yutqazdi va ko‘k-anorranglilarda birinchi o‘ringa qaytish imkoniyati yuzaga keldi. Shunday sharoitda Hansi Flik jamoasi qo‘liga tushib qolgan «Levante» esa «Kamp Nou»da to‘rt daqiqa bardosh berdi – shundan keyin Bernal Erik Garsiyaning qanotdan uzatmasini golga aylantirdi.

«Barsa» o‘yinni nazorat qildi, ammo barchasi ideal tarzda kechdi deyish qiyin. Flik jamoasi himoya chizig‘ini yuqori joylashtirishi bu safar ham pand berishi mumkin edi va darvozabon Joan Garsiya bir necha bor jamoasini qutqarishiga to‘g‘ri keldi. Jamoa muxlislari faqat Frenki de Yongning golidan keyin yengil tin olishdi.

Ikkinchi bo‘limda mezbon muxlislarni xursand qiladigan yana ikki voqea ro‘y berdi. Birinchisi – jarohat tufayli bir oydan buyon o‘ynamagan Pedri maydonga tushdi. Ikkinchisi – Fermin Lopesning goli bo‘ldi, uning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi turning eng chiroyli goliga aylandi.

Kataloniyaliklar la ligada bir raqibga qarshi uy o‘yinlardagi rekord seriyasini 17 o‘yinga yetkazdi. Bundan tashqari, Flik shogirdlari chempionatning bu mavsumida barcha uy o‘yinlarida g‘alaba qozongan yagona jamoasi bo‘lib qolmoqda – 12 o‘yinda 12 g‘alaba.

Asosiysi – «Barsa» yana turnir jadvalida peshqadamlikni qaytarib oldi, «Real» yana ta’qibchi rolida.

«Vilyarreal» – «Valensiya» 2:1
Gollar:
Ramazoniy, 27 – penalti (0:1). Komesanya, 31 (1:1). Guyye, 45+6 – penalti (2:1)
«Vilyarreal»: Luis Junior, Veyga, Navarro, Kardona, Mourinio, Komesanya (Parexo, 83), Guyye (Parti, 58), Moleyro (Pedrasa, 70), Pepe (Gonsales, 83), Mikautadze, Peres (Byukenen, 70)
«Valensiya»: Dimitriyevski, Kopete, Eray Jyemert, Xose Gayya (Vaskes, 78), Nunes (Korreya, 70), Rodriges (Andre Almeyda I, 88), Ugrinich (Gruneveld, 70), Rioxa (Duro, 78), Ramazoniy, Sodiq, Gerra
Ogohlantirishlar: Mikautadze, 23. Mourinio, 45 – Ramazoniy, 38. Gerra, 45. Nunes, 65. Sodiq, 90

So‘nggi vaqtlarda sur’atni tushirgan «Vilyarreal» Valensiya derbisida penaltidan gol o‘tkazib yuborib, hisobda ortda quvishiga to‘g‘ri keldi. Ammo mezbonlar tanaffusga baribir g‘olib holda yo‘l olishdi. Avvaliga Santi Komesanya qulay pozitsiyadan muvozanatni tikladi, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan oltinchi daqiqada Guyye 11 metrlik jarima zarbasini aniq ijro etdi.

Ikkinchi bo‘limda «sariq submarinalar» hisobdagi ustunlikni saqlab qolish uchun qattiq ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi. To‘liq kuch bilan hujumda o‘ynagan «Valensiya» hisobni tenglashtira olmasligida asosiy aybdor – darvozabon Luiz Junior bo‘ldi. Bu g‘alabadan keyin Marselino Toral jamoasi «Atletiko» bilan uch ochkolik farqni tikladi va uchinchi o‘rinda qoldi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid