12:50 / 08.02.2019
22502

Toshkent davlat yuridik universitetining hududiy filiallari tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. 

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 sentyabrga qadar hududlarning yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda Toshkent davlat yuridik universitetining hududiy filiallarini tashkil etish yuzasidan takliflarni kiritadi;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi va Milliy gvardiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Jizzax politexnika instituti negizida mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda Jizzax viloyati ichki ishlar organlarining oliy noyuridik ma'lumotga ega bo‘lgan xodimlarini qayta tayyorlash sayyor kurslarini tashkil etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasi bilan birgalikda Toshkent shahar hokimiyati ko‘magida ikki oy muddatda chet el o‘quv markazlari va ta'lim muassasalariga tanishuv safarlarini tashkil etishni nazarda tutgan holda poytaxt hududining huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun yuridik kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribaning o‘rganilishini ta'minlaydi;

manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etilishi xabar berilgandi.

Top