Jahon | 19:28 / 20.11.2025
9611
5 daqiqa o‘qiladi

«Buni 1,5 trillion qila olasizmi?» – Tramp bin Salmondan ko‘proq pul so‘radi

Muhammad bin Salmon neft zaxiralaridan foydalanib, qirollikni sun’iy intellekt bo‘yicha ma’lumotlar markaziga aylantirmoqchi. AQSh esa buning ortidan katta investitsiyalar kutmoqda. «Biz dunyodagi eng qudratli va eng innovatsion sun’iy intellekt ekotizimini quramiz», dedi korporativ elita yig‘ilgan forumda so‘zlagan Donald Tramp.

Foto: Reuters

18 noyabr kuni Oq uyda Donald Trampning yonida o‘tirgan Muhammad bin Salmon AQShga investitsiya kiritishga doir bergan 600 milliard dollarlik va’dasini 1 trillion dollarga oshirishini aytgandi. Ammo u tafsilotlar yoki muddatlar haqida hech qanday ma’lumot bermadi.

Valiahd shahzodaning bu va’dasi asosan Saudiya Arabistonining neft va tabiiy gaz zaxiralaridan foydalanib, mamlakatni sun’iy intellekt bo‘yicha ma’lumotlar markaziga aylantirishga qaratilgan, deb yozmoqda AP.

19 noyabr kuni esa AQSh–Saudiya biznes forumida nutq so‘zlagan Prezident Donald Tramp sahna ortida bo‘lgan qisqa suhbatda shahzodadan bu raqamni oshirishni so‘raganini aytdi.

«Biz suratga tushayotganimizda men unga, ‘Buni 1,5 trillion qila olasizmi?ʼ deb aytdim. Endi u bu haqda o‘ylashi kerak», dedi Tramp.

«Biz bu xonadagi sheriklar bilan birga dunyodagi eng katta, eng qudratli, eng innovatsion sun’iy intellekt ekotizimini qurish uchun yaqindan hamkorlik qilamiz», dedi Tramp Forumdagi chiqishida.

Humain kompaniyasi bosh direktori Tareq Amin aytishicha, uning Saudiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan sun’iy intellekt kompaniyasi Trampning may oyida tashrifi vaqtida tashkil etilgan. Kompaniya Saudiyaning energiya ishlab chiqarish quvvati va AQSh texnologiyalarini birlashtirib, ma’lumot markazlari va AI infratuzilmasini qurish imkoniyatini ko‘rmoqda. «Ha, bu juda katta ambitsiyali, aqldan ozdiradigan narsa,» dedi Amin ishonch bilan.

Saudiya investitsiyalari AI o‘sishiga bog‘langan. Xususan, investitsiyalar poygasi Saudiya Arabistonining va’dalarida yaqqol ko‘rinmoqda.

Kimlar bilan qanday kelishuvlar bo‘ldi?

Bin Salmon va Tramp tadbirda Amerika korporativ dunyosining eng qudratli rahbarlari, yetakchi biznesmenlar bilan yelkama-yelka turdi. Ular orasida Nvidia'dan tortib Tesla'gacha bor.

Foto: New York Times

Saudiya Arabistoni Investitsiya vazirligi chorshanba kuni tarqatgan bayonotida qirollik va AQSh o‘rtasida 267 milliard dollardan ortiq kelishuvlar va bitimlar tuzilganini aytdi. Biroq bu bitimlarning barchasi amalda bajariladi degani emas. Reuters nashri forumda imzolangan eng yirik kelishuvlarni keltirdi.

Xususan, Ilon Maskning xAI kompaniyasi va Nvidia – Saudiya davlatiga qarashli Humain kompaniyasi bilan qirollik hududida ma’lumot markazi qurish uchun hamkorlik qiladi. Markaz taxminan 500 megavatt elektr iste’mol qilishi kutilmoqda.

E’lonlar orasida Blackstone bosh direktori Stiven Shvarsman loyihasi ham deyarli shunga o‘xshash. Uning xususiy kapital kompaniyasi Humain bilan birgalikda Saudiya Arabistonida ma’lumot markazi qurishga kelishib olgan. Humain shuningdek Global AI, AMD va Cisco bilan ham bitimlar tuzdi. Saudlarning Humain kompaniyasi, shuningdek, Nvidia'ning AI chiplaridan 600 ming dona sotib olishni reja qilgan.

Bundan tashqari, MP Materials AQSh Mudofaa vazirligi va Saudiya davlat konchilik kompaniyasi Maaden bilan birgalikda qirollikda noyob yer elementlari uchun qayta ishlash zavodi quradi. Bu Yaqin Sharqda tanqis minerallarni qayta ishlashni kengaytirishga qaratilgan.

Neft giganti Saudi Aramco ham yirik AQSh kompaniyalari bilan qiymati 30 milliard dollardan oshishi mumkin bo‘lgan 17 ta o‘zaro memorandum va kelishuvlar imzolagan.

Saudiya eplay oladimi?

AQShga 1 trillion dollarlik investitsiya Saudiya Arabistoni uchun oson bo‘lmaydi. Chunki qirollikda futuristik megashaharlar, 2034 yil Jahon Chempionati uchun stadionlar kabi juda qimmat va kechikayotgan loyihalar uchun allaqachon katta xarajatlar qilinmoqda.

Foto: Reuters

Shunday bo‘lsa-da, uning keng hududlari va energiya resurslari AI infratuzilmasini qurish uchun hal qiluvchi omillar hisoblanadi.

Trampning o‘zi ham Saudiya Arabistoni bilan biznes aloqalaridan naf ko‘rishi mumkin. U va uning bir nechta yaqin maslakdoshlari ko‘chmas mulk va boshqa investitsiya sohalarida Saudiya hamkorlari bilan biznes bitimlar tuzgan. Ammo seshanba kuni Oq uydagi uchrashuvda Tramp manfaatlar to‘qnashuvi ehtimolini rad etdi. «Mening oilaviy biznesga aloqam yo‘q», dedi u jurnalistlarga.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid