Iqtisodiyot | 09:32 / 15.05.2024
4368
3 daqiqa o‘qiladi

Ayrim mahsulotlar bo‘yicha minimal eksport narxlari joriy etiladi

O‘zbekistonda to‘qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlari va elektr jihozlari, shuningdek, meva-sabzavotlarga minimal eksport narxlari joriy etilmoqda. Minimal narxlar rejimi buzilgan taqdirda, Soliq qo‘mitasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga bildirishnoma yuboriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

11 may kuni Vazirlar Mahkamasining to‘qimachilik, charm-poyabzal va elektrotexnika mahsulotlari eksportini tartibga solish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi.

15 maydan boshlab mazkur mahsulotlar bo‘yicha eksport shartnomalari qiymatini monitoring qilish, shuningdek, ularning eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazorat o‘rnatish tartibi joriy etiladi.

Minimal eksport narxlari joriy etiladigan to‘qimachilik, charm-poyabzal va elektrotexnika mahsulotlari ro‘yxati Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish bo‘yicha hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Ro‘yxatni shakllantirishda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi (SSP), shuningdek, «O‘zto‘qimachiliksanoat», «O‘zcharmsanoat» va «O‘zeltexsanoat» uyushmalari ishtirok etib, takliflar kiritadi. Ular bilan birgalikda har oyda ichki va tashqi bozor kon’yunkturasini tahlil qilish asosida tovarlarning minimal eksport narxlari tasdiqlanadi.

Minimal narxlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimida, shuningdek, SSP va uyushmalarning veb-saytlarida e’lon qilinishi kerak. Narxlar SSP saytida e’lon qilingan kundan boshlab ikki kun o‘tgach kuchga kiradi.

Mahsulotlarni xorijga minimal qiymatdan past narxlarda sotish holatlari aniqlangan taqdirda, bojxona organlari bu haqda 24 soat ichida Soliq qo‘mitasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentini xabardor qilishi, ular qonun hujjatlariga muvofiq choralar ko‘rishi shart.

Tashqi savdo operatsiyalarida aktivlarning repatriatsiya qilinishi ustidan nazorat ushbu mahsulotlarning minimal eksport narxlaridan past bo‘lmagan narxlardan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Savdo-sanoat palatasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda doimiy ravishda meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha ichki va tashqi bozor kon’yunkturasini o‘rganib boradi hamda har haftada respublikadagi yirik ulgurji bozorlarda shakllangan meva-sabzavotlarning eng past narxlari asosida ro‘yxatda ko‘rsatilgan meva-sabzavot mahsulotlariga minimal eksport narxlarini tasdiqlaydi.

Hukumat qonunchilik hujjatlariga mahsulotlarni (shu jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini) minimal narxlardan pastroq eksport qilgan tadbirkorlar uchun foyda solig‘i bo‘yicha berilgan imtiyozlarni bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

Mavzuga oid