O‘zbekiston | 13:05 / 01.06.2026
8501
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident madaniyat va san’at sohasi vakillarini taqdirladi

Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, sohaning 167 nafar ilg‘or vakilini yuksak mukofotlar bilan taqdirladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Marosimda davlat rahbari mamlakat qudrati nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar, balki uning ma’naviyati, madaniyati, adabiyoti va san’ati bilan ham belgilanishini qayd etdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, adabiyoti boy, musiqasi yuraklarga yaqin, teatri hayotiy va san’ati jozibador bo‘lgan xalqning ovozi dunyoda baland eshitiladi. Shu bois Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida inson qalbini tarbiyalaydigan keng ma’naviy makon shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tadbirda yozuvchi va shoirlar, xonanda va sozandalar, bastakorlar, teatr, kino va sirk san’ati namoyandalari, baxshilar, askiyachilar, hunarmandlar, rassomlar, muzey va kutubxona xodimlari hamda ustoz-murabbiylarning mamlakat madaniy hayotidagi xizmatlari alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, xalqimiz ma’naviy merosiga ulkan hissa qo‘shgan, bugun oramizda bo‘lmagan madaniyat va san’at arboblarining xotirasi ham yodga olindi. Ularning 24 nafari davlat mukofotlari bilan vafotidan so‘ng taqdirlangani ma’lum qilindi.

Marosim yakunida prezident mukofot sohiblariga faxriy unvonlar, orden va medallarni tantanali ravishda topshirib, ularni butun xalq nomidan tabrikladi hamda kelgusi ijodiy faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid