Yig‘ilishda qayd etilganidek, dunyoda mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan talab har yili o‘rtacha 5 foizga oshib bormoqda va 2030 yilga kelib bozor hajmi 260 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. Ayniqsa, zamonaviy agrotexnologiyalar joriy etilishi suvda eruvchan o‘g‘itlarga bo‘lgan ehtiyojni keskin oshirmoqda.
Investorlar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Qashqadaryo viloyatida yillik quvvati 230 ming tonna bo‘lgan 114 million dollarlik, Sirdaryo viloyatida esa 400 million dollarlik yirik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Shuningdek, mamlakatdagi mavjud mineral xomashyo zaxiralaridan samarali foydalanish orqali qo‘shilgan qiymatni bir necha barobar oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, serpentinit xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha kamida 200 million dollarlik loyihalarni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda maishiy kimyo mahsulotlari sohasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Mutasaddilarga kamida 100 ta yangi brend mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Belgilangan loyihalar amalga oshirilishi natijasida 2030 yilga borib azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmini 2,8 million tonnadan 4 million tonnaga, fosforli o‘g‘itlarni 400 ming tonnadan 900 ming tonnaga va suvda eruvchan o‘g‘itlarni 100 ming tonnadan 400 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.















