O‘zbekiston | 20:18 / 24.12.2020
15381
8 daqiqa o‘qiladi

Gaz omborlari – yechim bo‘la oladimi? Mustaqil tadqiqotchi va rasmiylar fikri

Mustaqil tadqiqotchi O‘zbekistonda qish oylarida tabiiy gaz yetishmovchiligi muammosini hal etish uchun gazni saqlash omborlarini ko‘paytirishni taklif etmoqda. «O‘ztransgaz» bo‘lim boshlig‘ining fikricha, bunga ehtiyoj yo‘q.

Mustaqil tadqiqotchi Gulbahor Sultonova gaz tarqatish muammolari yuzasidan o‘z fikrlarini e'lon qilishi ortidan, «Hududgaz Farg‘ona» gaz ta'minoti filialiga direktor maslahatchisi sifatida ishga olindi.

Kun.uz muxbiri tabiiy gaz muammosi dolzarbligidan kelib chiqib, Sultonovaning takliflari masalasida uning o‘zi, «Hududgaz Farg‘ona» bosh muhandisi va «O‘ztransgaz» AJ bo‘lim boshlig‘i bilan suhbatda bo‘ldi.

«Vodiyga kiradigan bitta kompressordan xizmat qilayotgan quvurlarimiz Namanganga, Andijonga, keyin Farg‘onaga keladi. Shu sabab Farg‘onada, ya'ni tizimning oxiridagi hududlarda qishda bosim past. Iste'mol qishda 15–18 kg bo‘lsa, yozda 3 kg.ga tushadi.

Butun dunyo allaqachon gazni saqlash omborlaridan keng foydalanyapti. Bizga qachondir ish bergan omborlar Qirg‘iziston hududida qolib ketdi. Lekin qo‘shnilarimiz foydalanishga ruxsat bermayapti. Xo‘jaoboddagi bitta ombor kamlik qiladi.

Bugungi kunda dovon yon-atrofidagi adirliklarga yirik ombor yoki bir necha omborlar qurish kerak. Albatta, bu birdaniga bo‘lib qolmaydi, bir necha yil kerak. Ammo bugun kirishmasak, o‘sib borayotgan aholi ehtiyojlarini hisobga olmasak, ertaga kech bo‘ladi.

Endi hammamiz birlashib, bitta komanda bo‘lib, shu narsalarni hal qilishimiz kerak. «Hududgazta'minot» AJ rahbari bilan ham gaplashdim. Aholi qayerda noqonuniy gazga ulanishni ko‘rsa,  «Bu qonuniymi yoki yo‘qmi», deb nazoratga olishi kerakligini aytdim. Chunki bu gaz aholiniki», – deydi Gulbahor Sultonova.

Tadqiqotchining fikricha, gaz ta'minotini iziga tushirish uchun olimlar jalb qilinib, loyiha institutlari ishlashi, tizimdagi quvurlarning o‘tkazuvchanlik darajasi, bosim nazoratga olinishi kerak.

Yangi qurilayotgan aholi punktlarini ulashdan oldin o‘sha hududga kelayotgan bosimni hisobga olish o‘rniga, yuqoridan «Tezda ulab ber» degan qo‘ng‘iroqlar orqali ish tashkil qilinishi shu holatga olib kelgan, deydi u.

Yangi omborlarga ehtiyoj yo‘q — «O‘ztransgaz» vakili

O‘zbekistonda tabiiy gazni yetkazib berish, saqlash va realizatsiya qilish bilan «O‘ztransgaz» AJ shug‘ullanadi. Kompaniyaning Gazni yer ostida saqlash inshootlarini ekspluatatsiya qilish bo‘limi boshlig‘i Husniddin Nurullayev bilan telefon orqali bog‘landik.

Mutasaddi tomonidan berilgan ma'lumotlarga to‘xtalamiz. Respublika bo‘yicha to‘rtta – Gazli (Qashqadaryo viloyati), Toshkent viloyati, Xo‘jaobod (Andijon viloyati) va So‘x (Farg‘ona viloyati) yirik gaz omborlari mavjud. Toshkentdagi ombor faoliyati to‘xtatilgan. Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida joylashgan quvvati 1,3 milliard metr kub bo‘lgan gazni yer ostida saqlash inshooti qo‘shni davlat bilan ziddiyatlar yuzaga kelgani sababli faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan. Hozirgi kunda ikki davlat o‘rtasida ekspluatatsiya qilish masalalari muhokama qilinmoqda.

Andijondagi Xo‘jaobod gazni yer ostida saqlash inshootini ishlab chiqarish quvvati 900 million metr kub. Ya'ni yoz oylarida 900 million metr kub tabiiy gazni g‘amlash imkoniyati mavjud.

«Bizda hozir uchta kompressor stansiyalar bor. Ular bugungi kunda to‘liq ishchi holatda. 900 million metr kubni biz mana 2018, 2019 va 2020 yillarda 1 milliard 50 million metr kubga chiqarish bo‘yicha ishlar olib bordik.

Hozirda Xo‘jaobod gazni yer ostida saqlash inshootida vodiy viloyatlarini kuz-qish mavsumida tabiiy gaz bilan ta'minlash quvvati yetarli. Gaz taqsimotiga kelsak, Xo‘jaobod gazni yer ostida saqlash inshootidan 5,6 million metr kub qayta olib, iste'molchilarga berayotgan bo‘lsak, Ohangaron–Pungon magistral quvuridan, ya'ni perevaldan o‘tgan quvurdan 19–20 million metr kub tabiiy gazni uchala viloyatdagi iste'molchilarga beryapmiz.

Bugungi kunda asosiy kuch ichki bozorni ta'minlashga qaratilgan. Berilayotgan gazning asosiy qismi, ya'ni Farg‘ona viloyatining aholi va ulgurji iste'molchilariga 8,9 million, Andijon viloyatidagi aholi va ulgurji iste'molchilarga 5,1 million metr kubni tashkil etadi. Namangan viloyatining aholi va ulgurji iste'molchilariga 8,8 million metr kub tabiiy gaz berilmoqda. Namangan viloyatidagi iste'molchilari orasida yirik «To‘raqo‘rg‘on» IES turibdi.

GTSlar, gaz taqsimlash shoxobchalari stansiyalariga yetkazilayotgan gaz bosimida hech qanday muammo yo‘q. Shuningdek, import gazni ham qabul qilyapmiz. Bugungi kunda boshqa davlatdan o‘tgan yilgiga nisbatan 76–77 foizga ortig‘i bilan gaz olyapmiz.

«Shuncha mablag‘ evaziga 2ta ombor qurilsa, vodiy viloyatlarida aholida muammolar bo‘lmaydi», deyish... O‘zi mavjud, kechirasiz, omborlarimiz bor. Prezidentimizdan topshiriq bo‘ldi, endi vodiy viloyatlariga gaz olib kirish uchun hozir yangi gaz quvurini yana qo‘shimchasini qurib, respublikaning shimoliy qismidan gaz olib kirish chorasini ko‘ryapmiz», – dedi «O‘ztransgaz» rasmiysi.

Husniddin Nurullayevning aytishicha, Xo‘jaobod gaz ombori vodiy viloyatlarini to‘liq gaz bilan ta'minlab bera oladi.

«Sizga bitta raqamni aytaman. Har bir xo‘jalikda nechta xona isiydi, nechta odam yashaydi, ya'ni choy qaynatadi, ovqat qiladi va nechta odamning hammomi borligi, bular uchun ketadigan gaz sarflarining normasi bor. Bu limitlar mana shu normalardan kelib chiqib taqsimlangan.

Misol uchun, vodiy viloyatlarida qish mavsumida 1 metr kub maydonni isitish uchun 5,76 metr kub gaz sarfi ketadi. Bu degani vodiy viloyatlarida o‘sha viloyatning mentalitetidan kelib chiqib, uy-dahliz deb yuritiladi, bir uy-dahlizi o‘rtacha 86 metr kub, bunga ketadigan gaz 5,76 metr kubga ko‘paytirsangiz kelib chiqadi...

Hozir hisoblab ko‘ramiz. Mana, men aytayotgan bir gaz plitasi, bir hammomi, bir choy qaynatadigan gaz plitasi bor o‘rtacha bir xonadonga bir oyda ketadigan gaz hajmi 630 kub metr.

Hozir biz berayotgan gazimiz vodiy viloyatlariga, boya sizga raqamlarni aytib berdim, 19–20 million quvur orqali hamda omborimizdan 5,6 million. Mana, siz bugungi kunda tabiiy gaz bilan gazlashgan xo‘jaliklarni hisoblasangiz, hozir berilayotgan gazni to‘g‘ri taqsimlashsa, meni hisobim bo‘yicha bundan ko‘proq xonadonga gaz yetishi mumkin», deydi mutasaddi.

Elmurod Ermatov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustalari –
Ahrorbek Yoqubjonov, Jahongir Mahmudov.

P.S. Materialni nashrga tayyorlash jarayonida Gulbahor Sultonova biz bilan aloqaga chiqib, «Hududgaz Farg‘ona» gaz ta'minoti filialida bir yarim kun ishlab, u yerdan ketganini aytdi.

Mavzuga oid