O‘zbekiston | 07:35 / 16.05.2022
3913
3 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik va idoralarda kadr siyosatini baholash bo‘yicha reyting joriy qilinadi

Endilikda vazirlik va idoralarda kadr siyosatini baholash bo‘yicha reyting joriy qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi xabar bermoqda.

Foto: Fotolia

Qayd etilishicha, davlat organlari va tashkilotlarida kadr siyosatini yuritishni baholash bo‘yicha 10 ta indikatordan iborat reyting joriy qilinadi va u har 6 oyda e’lon qilib boriladi.

Buning yordamida davlat idoralaridagi vakansiyalar to‘ldirilishi va muddatlarga rioya qilinishi, xodimlarning qo‘nimsizlik darajasi hamda ish muhiti baholanadi. 

Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departament mudiri Ilhom Qurbonov bu qanday amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Yangi tartib uchun 1 oy davomida xorijiy tajriba, ikki hafta davomida 15 dan ortiq vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirokida o‘rganishlar olib borilgan. Natijada, 10 ta asosiy va qo‘shimcha indikatorli reyting tizimi yaratildi. Reyting ham baholovchi tashkilot, ham baholanayotgan sub’yekt tashkilot tomonidan birgalikda ishlab chiqildi.

Reytingda qo‘yidagi baholash indikatorlari va ularni hisoblash usullaridan foydalaniladi:

Asosiy indikatorlar:

  • davlat tashkilotidagi vakansiyalar darajasi;
  • vakant lavozimlarning yopilish muddati;
  • davlat tashkilotidagi qo‘nimsizlik darajasi;
  • inson kapitalini rivojlantirish koeffitsiyenti;
  • xodimlarning yuqori malaka darajasi ko‘rsatkichi (fan nomzodi, falsafa doktori, fan doktori);
  • xalqaro e’tirof etilgan reyting beruvchi tashkilotlarning yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy OTMlarni tamomlagan xodimlar soni;
  • «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish darajasi.

Qo‘shimcha indikatorlar:

  • ma’lumotlarni o‘z vaqtida va xatosiz taqdim etganlik bo‘yicha;
  • umumiy xodimlardagi xotin-qizlar ulushi;
  • umumiy xodimlardagi yoshlar ulushi.

Reyting baholari formula orqali 100 ballgacha asosiy va 20 ballgacha qo‘shimcha ballari asosida aniqlanadi:

  • «A’lo» daraja — 81 balldan 100 ballgacha;
  • «Yaxshi» daraja — 71 balldan 80 ballgacha;
  • «Qoniqarli» daraja — 55 balldan 70 ballgacha;
  • «Qoniqarsiz» daraja — 54 ballgacha.

Baholashdagi indikatorlar ko‘rsatkichlari «Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahlil tizimi» dasturiy-apparat kompleksi orqali aniqlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid