O‘zbekiston | 08:05 / 28.05.2021
4764
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyatida tibbiyot klasteri tashkil etiladi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining «Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishning yangi modeli – Guliston tibbiyot klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Prezidentning 12.11.2020 yildagi «Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4890-son qaroriga muvofiq:

  • har bir tibbiyot muassasasi darajasida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi ishlab chiqiladi, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda ko‘rsatiladi;
  • aholining sog‘lig‘i bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar monitoringini olib borish, ularni tibbiyot muassasasiga biriktirish, kasallik tarixini yuritish, dori vositalari uchun retsept yozish va kafolatlangan paketga muvofiq tibbiyot muassasalariga yo‘naltirish yagona elektron platforma orqali amalga oshiriladi;
  • kafolatlangan paket asosida aholining barcha qatlamlariga sifatli va to‘liq tibbiy xizmat ko‘rsatilishini moliyalashtirishga qaratilgan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi va uning kuzatuv kengashi tashkil etildi. Kafolatlangan paket uchun to‘lovlarni natijaga (davolangan holat, bajarilgan ishlar natijalari va boshqalarga) asoslangan moliyalashtirish mexanizmi, shuningdek Jamg‘armani Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi.

Viloyat darajasidagi samarasiz faoliyat yuritayotgan muassasalarni qisqartirish, qayta moliyalashtirish va boshqaruv xarajatlarini yanada maqbullashtirish orqali Sirdaryo viloyatining «Guliston» tibbiyot klasteri 2021 yil 1 iyuldan tashkil etiladi.

Klaster quyidagi tibbiy muassasalar negizida tashkil etiladi:

  • Sirdaryo viloyat tibbiyot markazi;
  • Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filiali;
  • Sirdaryo viloyat Endokrinologiya dispanseri;
  • Sirdaryo viloyat Ko‘z kasalliklar shifoxonasi;
  • Sirdaryo viloyat Tibbiy diagnostika markazi;
  • Urush va mehnat faxriylari shifoxonasi.

Klaster tibbiy xizmatlar ko‘rsatishdan va boshqa xizmatlardan tushgan daromadlar doirasida:

  • mustaqil ravishda bemor o‘rinlari fondini shakllantiradi;
  • daromadlar va xarajatlar smetasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
  • klaster xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
  • shtat jadvalini tasdiqlaydi va lavozim maoshining bazaviy miqdoridan kelib chiqib lavozim maoshlarini, shuningdek miqdori cheklanmaydigan ustama va qo‘shimcha haqlarni belgilaydi.

Hujjat qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 21.05.2021 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid