Jahon | 13:56 / 09.06.2023
27141
11 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilar va ishchilar taqchilligi: Yaponiyada qanday mutaxassislar yetishmayapti va u yerda yashash uchun ruxsatnomani qay tarzda olish mumkin?

Yaponiya an’anaviy ravishda xorijliklar uchun juda yopiq mamlakat bo‘lib kelgan: turistlar, albatta, u yerda yaxshi kutib olinadi, lekin doimiy yashash va ishlashni xohlaydiganlar turli xil qiyinchiliklarga duch kelishlari aniq - byurokratik va boshqalar. Biroq, aholining tez qarishi hokimiyatni chet ellik ishchilar uchun eshiklarni ochishga majbur qildi va eng yaxshi mutaxassislar endi soddalashtirilgan sxema bo‘yicha Yaponiyada yashash uchun ruxsatnoma olishlari mumkin bo‘ladi. Forbes Yaponiyaga qaysi kasb egalari borishi osonroq ekanini tushuntirdi.

Foto: Shutterstock

So‘nggi yillarda yapon ishlab chiqaruvchilari bong urmoqda: mamlakat aholisining deyarli uchdan bir qismini pensionerlar tashkil qiladi va har yili dunyodagi uchinchi iqtisodiyot uchun o‘zini zarur ishchi kuchi bilan ta’minlash qiyinlashib bormoqda. Mehnatga layoqatli aholining (15-64 yosh) ulushi o‘tgan asrning o‘rtalaridan beri birinchi marta 60 foizdan pastga tushdi va keyingi yigirma yil ichida bu ko‘rsatkich yana 10 foizga kamayishi mumkin

Hatto ilg‘or sohalardagi kompaniyalar yosh chegarasidan voz kechishga va 80 yoshdan oshgan xodimlar uchun shartnomalarni yangilashga majbur. Iqtisodiy o‘sishi yuqori texnologiyalarga bog‘liq davlat uchun bu holat juda dahshatli ko‘rinadi. 

Yaponiya rasmiylari, shubhasiz, kuchayib borayotgan ishchi kuchi tanqisligini qisman ham qoplash uchun robotlar va sun’iy intellektdan kengroq foydalanishni ko‘rib chiqmoqda. Ammo 2022 yilda Yaponiyaning yetakchi iqtisodchilari hukumat tomonidan belgilangan iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga erishish uchun xorijlik ishchilar sonini 2040 yilga borib to‘rt barobarga, ya’ni hozirgi 1,8 million kishidan deyarli 7 millionga ko‘paytirish kerakligi haqida ogohlantirgan. «Aks holda biz tashlab ketilgan qishloqqa o‘xshab qolamiz, bunda odamlar chet elliklarga yomon munosabatda bo‘ladi va tashrif buyuruvchilar soni kamayadi - bu pasayishga olib keladi», - deb ogohlantirgandi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Shinichi Kitaoka 2022 yil fevral oyida mehnat bozori simpoziumida. 

Yaponiyada yashovchi 124,9 million aholining 122,2 millioni hozir etnik yaponlardir. Bu kontekstda xorijliklar sonining 7 millionga ko‘payishi, ayniqsa ularning ko‘pchiligi oilalari bilan kelishi hisobga olinsa, juda muhim o‘zgarishdir. 

Yaponiyaning jahon iqtisodiyotidagi yetakchi mavqeyini saqlab qolish uchun zudlik bilan qat’iy choralar ko‘rish zarur. Bundan tashqari, «dunyo fabrikasi» - Xitoy yaqin, uning aholisi ham 60 yil ichida birinchi marta kamayishni boshlagan va ishchi kuchi uchun kurashda Tokio bilan jiddiy raqobatlasha oladi. 

Bularning barchasi bosh vazir Fumio Kishidani misli ko‘rilmagan qadam tashlashga va avvalgi qattiq migratsiya siyosatidan voz kechishga majbur qildi. Yaponiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, iyun oyida vazirlar mahkamasi mamlakatda muddatsiz yashash imkonini yaratuvchi maxsus turdagi mehnat vizalari berilishini sezilarli darajada kengaytirish rejasini rasman tasdiqlaydi. 

Yaponiya iqtisodiyoti uchun eng keskin ehtiyoj sanoatning turli sohalarida malakali ishchilarga taalluqlidir. 2019 yilda hukumat bunday kadrlarni jalb qilish uchun maxsus tizimni ishlab chiqdi va yangi viza turi - 1- va 2-toifali Special Skilled Worker (SSW) joriy etdi. Avvaliga, mutaxassis 1-toifali vizaga murojaat qilishi mumkin, bu unga Yaponiyada besh yilgacha qolish imkonini beradi, ammo oilasiz. Buning uchun u JLPT imtihonini N4 (A2’ga ekvivalent) darajasida topshirish orqali zarur ish ko‘nikmalari ega ekanligini va yapon tilini bilishini isbotlashi kerak. 

Shundan keyingina xodim vizani 2-toifaga «yangilashi» mumkin, bu Yaponiyada cheksiz muddatga qolish va butun oilani u yerga olib borish imkonini beradi. To‘g‘ri, hozirgacha buni faqat ikkita sanoat - qurilish va kemasozlik xodimlari katta qiyinchilik bilan amalga oshirishi mumkin. Taqqoslash uchun: 2023 yil fevralida 146 ming nafar xorijiy ishchi 1-toifa vizasiga ega bo‘lgan, atigi 10 kishi esa 2-toifali vizaga ega edi.

Tadbirkorlarning murojaatlarini tinglab, Yaponiya hukumati 2-toifali vizani olish jarayonini osonlashtirish va unga murojaat eta oladiganlar doirasini kengaytirishga qaror qildi. Endi yana to‘qqizta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar buni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi: qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, tozalash, mehmonxona xizmatlari, oziq-ovqat va ichimliklar ishlab chiqarish, umumiy ovqatlanish, aeroport va aviatsiya sanoati, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, shuningdek, elektronika va sanoat stanoklari. 

Yapon tilini boshlang‘ich darajada bilish hali ham majburiydir. Biroq, O‘zbekistondagi turli xil til kurslarida bir yarim-ikki yil ichida kerakli imtihonga tayyorgarlik ko‘rish mumkin, shuning uchun Yaponiyaga ko‘chib o‘tishga jiddiy munosabatda bo‘lganlar bu vazifani yengib o‘tishlari aniq. Chet elliklar orasida mehmonxona va restoran biznesi sektorlari ommabopdir.

2023 yil aprel oyida hukumat yuqori malakali ikki toifadagi xodimlar - olimlar va muhandislar uchun ham yengillik joriy qildi. 20 million iyena (144 000 AQSh dollari) daromad oladigan va magistraturani tamomlagan (yoki 10 yillik ish tajribasiga ega) mutaxassislar maxsus besh yillik viza olishlari mumkin, keyin esa Yaponiyada uch yil emas, atigi bir yil yashab, yashash uchun ruxsatnomaga ariza topshirishlari mumkin. Boshqaruvchilar ish tajribasi besh yil yoki undan ko‘p bo‘lsa va yillik daromadi 40 million iyena yoki undan ko‘p bo‘lsa, xuddi shu turdagi vizaga murojaat qilishadi. Bundan tashqari, barcha nomzodlar akademik va kasbiy yutuqlari, yapon tilini bilishi, yoshi va boshqa ko‘rsatkichlarni hisobga olgan holda maxsus shkala bo‘yicha kamida 70 ball to‘plashlari kerak.

Yuqori malakali mutaxassislar uchun vizalar bilan bir qatorda, korxonalarda stajyorlar uchun yillik vizaning alohida turi, shuningdek, o‘qituvchilar, rassomlar, shifokorlar, jurnalistlar, menejyerlar va boshqa mutaxassislar uchun uch oy, bir yil, uch yil yoki besh yilga standart ish vizasi mavjud. Viza olish uchun yapon tilini bilish shart emas, lekin bunday talab ish beruvchi tomonidan ish tavsifida qo‘yilishi mumkin. Hammasi ish yoki kompaniyaning xususiyatlariga bog‘liq: masalan, Yaponiyada yapon tilini bilmasdan xodimlarni yollaydigan xorijiy kompaniyalar ham bor, u ko‘pincha yapon maktablari va universitetlari tomonidan yollangan chet tili o‘qituvchilaridan talab qilinmaydi. 

Yaponiyada AT sohasi xodimlari va tadbirkorlar ham yaxshi qabul qilinadi, chunki Tokio «dunyoda startaplar uchun eng qulay shahar» bo‘lishga umid qilmoqda. Buning uchun 2022 yilda hukumat hatto bir yil muddatga maxsus «startap vizasi»ni ham joriy qildi, munitsipal hokimiyatlar tadbirkorlik faoliyatini boshlashda har tomonlama yordam berishga va’da qilgan. Viza olish uchun aniq biznes-reja va tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish, shuningdek, kelajakdagi biznesga kamida 5 million iyena (taxminan 35 000 dollar) sarmoya kiritish yoki kamida ikkita xodimni yollash kerak. Yapon tilini bilish ham shart emas, ammo tadbirkorlar biznesni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq byurokratik va maishiy muammolarni hal etish uchun albatta tarjimon xizmatiga murojaat qiladi.

Kadrlar tanqisligi sababli, Yaponiya hukumati boshqa mamlakatlardan abituriyentlarni jalb qilish uchun yangi dasturlarni ham ishlab chiqmoqda. Hukumat 2033 yilga borib Yaponiya universitetlaridagi chet ellik talabalar sonini 400 ming kishiga yetkazishni va ularning kamida yarmi keyinchalik yapon kompaniyalarida ish topishini ta’minlashni istamoqda. Yapon tilini bilish o‘qishga kirish uchun katta afzallik bo‘ladi, ammo mahalliy universitetlar ingliz tilidagi bakalavriat va magistratura dasturlarini ham taklif qiladi. Odatda, chet ellik talabalarga yapon tilini o‘rganish taklif etiladi - ko‘pincha majburiy tartibda.

Yaponiya mehnat vizasini olishdagi asosiy qiyinchilik - homiylik qilishga tayyor ish beruvchini topishdir. Shuning uchun, ba’zi abituriyentlar birinchi navbatda yapon tili maktabiga o‘qishga kelishadi va o‘sha yerda ish qidiradi - ko‘pincha maktablarda ishga joylashishda yordam beradigan maxsus bo‘limlar mavjud. Talabalarga haftasiga 28 soatgacha ishlashga ruxsat berilgan, ammo agar o‘qish paytida masofadan turib ishlansa, buni ish vizasi arizasida ko‘rsatmagan ma’qul. Gap shundaki, immigratsiya xizmati sizning aniq necha soat ishlaganingizni va qonunni buzgan yoki buzmaganingizni aniqlay olmaydi, shuning uchun u ish vizasini rad etishi mumkin. 

Ishga joylashish uchun malakani ham tasdiqlash kerak bo‘ladi: yo ixtisoslashgan oliy ma’lumot yoki ishlayotgan mutaxassislik bo‘yicha 10 yillik ish tajriba mavjudligini. Yana bir variant - malakani tasdiqlovchi maxsus imtihon topshirish (masalan, IT xodimlari uchun ITPEC) yoki Yaponiyadagi kollejni tamomlash. 

Bundan tashqari, ish izlovchilar yapon tilini bazaviy darajada bilishini tasdiqlashi kerak, biroq istisnolar ham bor – masalan, IT sohasida «senorlar» va yuqori toifadagi mutaxassislar tilni bilmagan holda ham ishga olinadi. Yirik kompaniyalar ba’zan xorijiy bo‘limlarga yordamchilarni tayinlaydi, ularning vazifasi xorijiy bo‘limga mahalliy xodimlar bilan aloqa o‘rnatishga yordam berishdir. Ammo, bunda hech bo‘lmaganda ingliz tilini bilish kerak. Shu bilan birga, yapon tili kundalik hayot uchun hech bo‘lmaganda boshlang‘ich darajada zarur. 

Mehnat vizasi bilan Yaponiyaga ko‘chib o‘tishning butun jarayoni quyidagicha:

  • to‘liq ish kuni bo‘yicha ish beruvchini qidirish;
  • hujjatlar to‘plamini, shu jumladan Certificate of Eligibility muvofiqlik sertifikatini to‘plash - ko‘p hollarda ish beruvchi uni rasmiylashtirish bilan shug‘ullanadi;
  • hujjatlarni topshirish va kutish;
  • viza olish;
  • ko‘chish va ishni boshlash. 

Mavzuga oid