Jamiyat | 16:54
1004
10 daqiqa o‘qiladi

6000 funt oylik, qalbaki taklifnoma va g‘oyib bo‘lgan «menejer». Soxta ish e’lonlari ortidagi firibgarlik sxemasi

Nisbatan erkin ish jadvali, baland maosh, qat’iy talablarning yo‘qligi va kamiga Angliya, AQSh yoki Germaniyadagi nufuzli kompaniyada ishlash. Bu kabi ish e’lonlari aksariyat o‘zbekistonliklarning e’tiborini tortishi tabiiy. Ammo, hammasi ko‘ringanidek bo‘lmasligi, hushyor bo‘lmasangiz, yaxshigina mablag‘ yo‘qotilishi ham mumkin.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Yillar davomida o‘zbek migrantlari eng ko‘p yo‘l oluvchi davlatlar to‘rtligi quyidagicha shakllanib kelgan: Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Janubiy Koreya. Ammo oxirgi yillarda vaziyat birmuncha o‘zgardi. O‘zbekistonliklar uchun Buyuk Britaniya, Germaniya, Polsha, Vengriya, Latviya, Litva, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Saudiya Arabistoni va Yaponiya kabi yangi yo‘nalishlar paydo bo‘ldi. O‘z navbatida, ushbu mamlakatlarda ishlash istagida bo‘lganlar soni ham oshib boryapti. Bundan esa qo‘shtirnoq ichidagi «uddaburonlar» foydalanib qolishga urinyapti.

Kun.uz soxta ish e’lonlariga aldanib qolgan vatandoshlar bilan bog‘liq holatlarni o‘rgandi.

«Samarqand viloyatidagi maktablardan birida o‘qituvchilik qilardim. Bir hamkasbim bilan Yevropaga ishga ketishga qaror qildik. Darsdan chiqib monomarkazda payvandchilikni o‘rgandim, bu orada katta yuk furalarini boshqarish imkonini beradigan haydovchilik guvohnomasini ham oldim. Dastlab xususiy bandlik tashkilotlari va konsalting firmalarga borib ko‘rdim. To‘lovni juda qimmat aytishgani sababli ularning xizmatidan foydalanmaslikka qaror qildim va rus tilini yaxshi bilganim uchun o‘zim chetdan ish qidira boshladim. Har kuni Layboard.com saytiga kirib, ish e’lonlarini ko‘rib chiqardim. Shunday kunlarning birida o‘zini Maksim Artyomov deb tanishtirgan odam men bilan bog‘landi. U Buyuk Britaniya fuqarosi ekanligini ta’kidlab, ishga joylashtirish va hujjatlarni qayta ishlash bo‘yicha 5 yillik tajribaga ega menejer ekanligini aytdi va menga ish taklif qildi. Pasport ma’lumotlarini ham yubordi. Tavakkal qilib, unga ishondim. Menga taklif qilingan ish Sanderland shahridagi Nissan zavodida edi. Oylik maosh 6 ming funtni tashkil etishi, vazifam sontroller ya’ni nazoratchilik ekani aytildi», deydi murojaatchi.

Birinchi bosqichda firibgar hamma ishlar yaxshi ketayotgani, barcha xarajatlar ish beruvchi tomonidan to‘liq qoplanishini aytadi. Hattoki aviachiptalar ham Nissan kompaniyasi tomonidan olib berilishiga va’da beradi. Keyin birdan ish taklifnomasi uchun pul kerak bo‘lishini, shoshilinch to‘lov qilinmasa bo‘sh vakansiya o‘rni boshqaga berilishi ma’lum qilinadi.

«Shundan so‘ng Maksimdan to‘lov qanday shaklda amalga oshirilishini so‘radik. U bank orqali deb aytdi. Birozdan so‘ng, sizlar ovora bo‘lib o‘tirmanglar, so‘m ko‘rinishda 2,5 mln so‘mdan plastik kartaga ham o‘tkazib bersalaring bo‘ladi, dedi. Menga Adelina M nomidagi O‘zbekistonda ochilgan Humo karta tashladi. Pulni o‘tkazdim-u, shubhalana boshladim. Ertasi kuni Maksim ish taklifnomasini yubordi», deydi murojaatchi.

Oradan 2 kun o‘tar-o‘tmas firibgar yana aloqaga chiqadi va sug‘urta uchun shoshilinch 200 dollardan pul kerakligini, shundan so‘ng vizani rasmiylashtirish boshlanishini aytadi.

«Pul o‘tkazmadik. Shundan keyin, Maksim Artemov ham g‘oyib bo‘ldi. Keyin yaxshilab o‘rganib ko‘rdim, Angliya bilan bog‘liq e’lonlarning o‘ntadan to‘qqiztasi firibgarlar tomonidan joylashtirilar ekan. Boshqalarga ham e’tiborli bo‘lishni, bunaqa soxta vakansiyalarga ishonmaslikni aytgan bo‘lardim», deya xulosa qiladi murojaatchi.

Kun.uz bilan bog‘langan tarjimon yigit shu kabi soxta e’lon orqali 500 dollar, yana bir holatda esa talaba yigit 450 dollardan ayrilganini aytadi.

Alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, O‘zbekistonda ish o‘rni yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolar bor, mehnat muhojirlari uchun asosiy yo‘nalish bo‘lgan Rossiyada esa vaziyat kundan kunga yomonlashib boryapti. Shunday sharoitda Yevropa mamlakatlaridan ish topish moliyaviy holatni yaxshilash uchun katta imkoniyat, ammo bu yo‘lda ham ehtiyot bo‘lish lozim bo‘lgan ko‘plab jihatlar bor. Firibgarlar ham kundan kunga o‘z strategiyalarini takomillashtirib boryapti. Hozirda ular juda ishonarli saytlar yaratyapti, sun’iy intellekt yordamida soxta video suhbatlar tayyorlayapti va hujjatlarni professional darajada soxtalashtiryapti. Keling, qalloblar eng ko‘p ishlatadigan 5 ta jihatga to‘xtalib o‘tamiz:

Oldindan pul so‘rash. Qonuniy ish beruvchilar yoki agentliklar ishga joylashtirish, viza yoki hujjatlar uchun oldindan pul so‘ramaydi.

Haddan tashqari yuqori maosh va’dasi. Endi ishga boruvchi xodim uchun hech kim mamlakatdagi o‘rtacha maoshdan yuqori oylik taklif qilmaydi. Agar shunday taklif bo‘lsa, bu eng kamida shubhali va firibgarning tuzog‘i bo‘lishi mumkin.

Suhbatsiz yoki yuzaki tanlov. Yevropa kompaniyalari nomzodlarni jiddiy tekshiradi. Suhbatlarsiz tezda ish taklif qilinsa, ehtiyot bo‘lish lozim.

Birdaniga shaxsiy ma’lumotlarni so‘rash. Nomzoddan kompaniya xodimlari darhol pasport nusxasi, bank ma’lumotlari yoki boshqa maxfiy axborotlarni talab qilmaydi.

Bosim va shoshiltirish. «Tezroq qaror qiling», «faqat 2 ta joy qoldi», «boshqa nomzodlar ham ko‘p» kabi gaplar ham pul o‘marish uchun firibgarlar tomonidan juda ham ko‘p ishlatiladi.

Bundan tashqari, soxta vakansiyalardagi matnda xatolar va g‘alati jumlalar uchraydi, talab qilinadigan vazifalar noaniq tarzda, umumiy yoziladi, «hamma uchun mos» degan talablar bo‘ladi va yosh chegarasi ham ko‘rsatilmaydi, korporativ email o‘rniga messenjerlardan foydalaniladi. Yoki firibgarlar haqiqiy email’ga juda o‘xshash manzillardan foydalanadi:

@siemens.com o‘rniga @siemens-europe.com yoki @seimens.com.

«1500-2000 ming funt sterlingacha o‘tkazib berganlar bor»

Migratsiya agentligi boshqarma boshlig‘i Bobur Valiyev ham soxta ish e’lonlariga aldanib qolgan o‘zbekistonliklar ko‘p ekanligini tasdiqlagan holda, ish qidirayotganda e’tibor berish lozim bo‘lgan qator jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.

«Bugungi kunda 1,8 mln O‘zbekiston fuqarosi xorijda mehnat faoliyatini olib boryapti. Bu ko‘rsatkich oldin 3,8 mlnni tashkil etgan. Oxirgi yillarda chetda ishlayotgan fuqarolarimizning soni qisqardi, shu bilan birga pul o‘tkazmalari oshyapti. Bu fuqarolarimiz dunyoning rivojlangan davlatlaridagi yuqori maosh beruvchi kompaniyalarda ishlayotganini anglatadi. Shunga qaramasdan, firibgarlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali yuqori maoshlarni taklif qilgan holda yurtdoshlarimizni aldash holatlari uchrab turibdi. Bunaqa holatlardan qanday o‘zingizni himoya qilishingiz mumkin? Haqiqiy ish beruvchilar yozishmalarda kompaniyaning rasmiy elektron pochtasidan foydalanadi. Shuningdek, Buyuk Britaniyada ish beruvchi hamma xarajatlarni ishchi uchun qoplab beradi. Ular oldindan qanchadir pul so‘ramaydi, keyin ularning HR departamenti Whatsapp yoki Telegram orqali aloqaga chiqmaydi, balki rasmiy ravishda pochta orqali murojaat qilishadi. Shuningdek, hamyurtlarimizdan qanaqadir xizmat uchun oldindan pul bermasliklarini so‘rab qolardim. 1500-2000 ming funt sterlingacha «ish beruvchi»ga pul o‘tkazib berilyapti va keyin ular yo‘qolib qolyapti.

Xorijiy firibgarlar tomonidan soxta mehnat shartnomasini yuborish holatlari ham uchrab turibdi. Bunga ishonmaslikni so‘rab qolardik. Xorijga qonuniy ravishda chiqib ketmoqchi bo‘lganlarga Migratsiya agentligiga murojaat qilishni yoki tegishli litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari xizmatidan foydalanishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Yana bitta qiziq jihati shundaki, Germaniya yoki Britaniya kabi mamlakatlar hech qachon o‘zining tilini bilmaydigan mutaxassisni ishga jalb qilmaydi. Masalan, Germaniya tomonining eng katta talabi nemis tilini A2 yoki B1 darajasida bilish kerak. Britaniya tomoni ham qishloq xo‘jaligi mavsumiy ishlarini hisobga olmaganda, mutaxassisdan ingliz tilini kamida 5,5-6 IELTS darajasida bilishni so‘raydi. Yana bir narsaga e’tibor berish kerak, e’lonlardagi 3000 yoki 4000 funt sterling kabi maoshlarning hammasi yolg‘on. Yangi kelayotgan mutaxassis uchun bu darajada ko‘p oylik to‘lanmaydi. Bu firibgarlarning hiylasi», deydi Bobur Valiyev.

Yana bir bor alohida ta’kidlab o‘tamiz, Yevropa kompaniyalaridan ish topish 1-2 soatda hal bo‘ladigan jarayon emas. Bu vaqt talab qiladi. Hech qachon ish beruvchi viza uchun pul talab qilmaydi. «100 foiz viza kafolati», pulga «tezlashtirilgan yo‘l»larni taklif qilish firibgarlarning tuzog‘idan boshqa narsa emas. Har bir detalni sinchkovlik bilan tekshirish, berilayotgan va’dalarni tanqidiy jihatdan ko‘rib chiqish va tahlil qilish juda ham muhim. Bu sizning katta pulga aldanib qolmasligingizni kafolatlaydi. Ehtiyot bo‘ling!

Doston Ahrorov tayyorladi

Mavzuga oid