Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Real», «MYu» va «Liverpul»da g‘alaba, Keynda 9-het-trik. Kun o‘yinlari
«MYu» va «Chelsi» o‘yinida noyob holat kuzatildi: 5-daqiqadagi qizil kartochka tufayli mehmonlar 21-daqiqaga keliboq uch futbolchi almashtirish imkoniyatini ishlatib qo‘ydi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: «Liverpul»da g‘alabali seriya va «Chelsi» uchun dahshatli tush
«Liverpul» – «Everton» 2:1
Gollar: Gravenberh, 10 (1:0). Ekitike, 29 (2:0). Geyye, 58 (2:1)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate, Kerkez, Bredli, Makallister (Virs, 61), Gravenberh, Soboslai, Gakpo (Jons, 61), Saloh, Ekitike (Isak, 67)
«Everton»: Pikford, Kin, Tarkovski, Mikolenko (Alkaras, 86), O`Brayyen, Geyye, Garner, Dyusberi-Holl, Grilish, Ndiay (Dibling, 86), Betu (Barri, 46)
Ogohlantirishlar: Soboslai, 69. Virs, 82 – Ndiay, 28. Dyusberi-Holl, 78. Grilish, 90
Tur o‘yinlarini ochib bergan Mersisayd derbisida «Everton» birinchi bo‘limda mezbonlarga qarshi hech qanday chora topolmadi. Aniqrog‘i, Gakpo maydon markazida to‘pni olib qo‘yishi va Salohning Gravenberhga to‘pni yumshoq tashlab berishi bilan tezkor gol urilishi mehmonlarning imkoniyatlarini tushirib yubordi. Devid Moyyes shogirdlari birinchi bo‘limdagi yagona xavfli vaziyatidan ham foydalana olmadi, Dyusberi-Holl qulay pozitsiyadan aniq zarba bera olmadi va «Liverpul» javob hujumida ikkinchi golni urdi. Yana maydon markazida to‘p egallab olinishi bilan amalga oshirilgan tezkor kombinatsiya Gravenberh Ekitikeni darvozabon qarshisiga chiqarishi bilan yakunlandi. Fransuz hujumchisi yana bir bor boshlang‘ich tarkibdagi o‘rnini shunchaki Isakka berib qo‘ymoqchi emasligini namoyish etdi.
Ikkinchi bo‘limda esa «Enfild»da yig‘ilgan muxlislar o‘tgan mavsumdagi voqea takrorlanishidan xavotirda o‘tirishdi, o‘shanda «Everton» uyidagi derbida qo‘shimcha daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qolgandi (2:2). Qolaversa, bu mavsumda «irislar» safida Grilishdek vaziyatlar yaratuvchi ijodkor futbolchi bor. Jyek chap qanotda himoyachidan oson qochib ketdi va to‘pni olis ustun tomon uzatdi, u yerda turgan Ndiay esa to‘pni markazda qulay pozitsiyada ochilgan Idrissa Geyyega tashlab berdi. 35 yoshli futbolchi Alissonga hech qanday imkon qoldirmadi. Ammo mehmonlarga ikkinchi golni ura olishmadi. Mavsum startida uch marta 2 gol ustunligini boy bergan (APLda «Bornmut» va «Nyukasl» bilan o‘yinlarda, shuningdek, YeChLda «Atletiko» 0:2 hisobidan chiqib keta olgandi, ammo Arne Slot shogirdlari so‘nggi daqiqalarda baribir g‘alaba golini urishdi) mezbonlar bu safar himoyada ishonchliroq harakatlanishdi. «Liverpul» 2019 yildan buyon ilk bor mavsumni besh o‘yinda besh g‘alaba bilan boshlamoqda.
«Brayton» – «Tottenhem» 2:2
Gollar: Minte, 8 (1:0). Ayyari, 31 (2:0). Risharlison, 43 (2:1). van Xekke, 82 - avtogol (2:2)
«Brayton»: Verbryuggen, Dank, van Hekke, Ferdi Kadio‘g‘li (Viffer, 85), Veltman, Baleba (Gomes, 46), Ayyari, Gruda (Milner, 63), Mitoma, Minte (Koppola, 75), Ryutter (Uelbek, 75)
«Tottenhem»: Vikario, Romero, van de Ven, Udodji, Porro (Spens, 89), Palinya, Bergvall (Grey, 89), Bentankur (Simons, 61), Odober (Jonson, 72), Quddus, Risharlison
Ogohlantirishlar: Gomes, 73 – Quddus, 46. Romero, 88
«Tottenhem» Braytondagi o‘yinning dastlabki yarim soatida ikki gol o‘tkazib yubordi. Birinchi holatda Ryutter Minteni oldinga boshladi, maydon markazida himoyachilardan qochib ketgan futbolchi Vikarioni ham aldab o‘tib, to‘pni bo‘sh qolgan darvozaga yumalatib yubordi. Ikkinchi golli hujumda esa Ayari o‘tkir burchakdan ajoyib zarba berdi. «Shporlar» tanaffus arafasida Risharlisonning sa’y-harakatlari evaziga hisobni qisqartirishga erishdi. Tomas Frank shogirdlari o‘yin oxirida mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi, Quddusning jarima maydoniga uzatmasi van Hekke o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishiga olib keldi. «Brayton» mavsum boshidan buyon ikkinchi bor o‘yin oxirida g‘alabani qo‘ldan boy bermoqda, shu bilan birga, «chaykalar» o‘tgan mavsum boshidan buyon uy o‘yinlarida «katta oltilik» vakillariga qarshi mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirdi.
«Manchester Yunayted» – «Chelsi» 2:1
Gollar: Brunu Fernandesh, 14 (1:0). Kazemiro, 37 (2:0). Chaloba, 80 (2:1)
«Manchester Yunayted»: Altay Bayindir, Maguayr (Yoro, 70), Shou, de Ligt, Brunu Fernandesh (Maynu, 87), Kazemiru, Dorgu, Mazraviy (Kunya, 65), Diallo, Mbemo (Maunt, 69), Sheshko (Ugarte, 46)
«Chelsi»: Sanches, Chaloba, Fofana (Gyusto, 64), Kukurelya (Jorj, 64), Jyeyms, Fernandes, Kaysedo, Palmer (Santos, 21), Pedru Netu (Adarabioyo, 7), Estevan (Yyergensen, 6), Joao Pedro/
Ogohlantirishlar: Kazemiro, 17 – Kukurelya, 44. Fernandes, 48. Chaloba, 50. Jorj, 72. Adarabioyo, 90
Chetlatishlar: Sanches, 5 – Kazemiro, 45 (ikkinchi sariq kartochka)
Shanba oqshomidagi markaziy bahs kutilmagan voqea bilan boshlandi – «Chelsi» darvozaboni Sanches jarima maydoni tashqarisida yakkama-yakka vaziyatga chiqib kelayotgan Mbemoni yiqitdi va qizil kartochka olib, maydonni tark etdi.

Enso Mareska darhol ikki futbolchi almashtirish bilan reaksiya qildi. Yangi darvozabon tushirish uchun Estevao qurbon qilidi, vinger Pedru Netu o‘rniga qo‘shimcha himoyachi sifatida Adarabioyo tushirildi. Keyin esa Palmer ham o‘zini yomon his qilib almashtirildi, jarohatidan to‘liq tiklanishga ulgurmagan Koul 20 daqiqa davomida to‘pga atigi bir bor tegingandi.
Shu tariqa, «Chelsi» kutilmaganda tarixga kirdi. Opta ma’lumotiga ko‘ra, APLning biror jamoasi bungacha bu qadar tez – 21 daqiqa ichida uchta almashtirish qilmagan.
Bungacha, 14-daqiqada «Chelsi» gol o‘tkazib yuborib ulgurgandi, VAR xonasidagilar bu vaziyatni uzoq tekshirishdi: lekin yakunda Dorgu to‘p oshirgan vaqtda Brunu Fernandesh ofsaydga tushib qolmagan deb topildi.

«Qizillar»ning ikkinchi goli ham qiyinchilik bilan urildi, Jyeyms jarima maydonidan to‘pni uzoqlashtirishda muvaffaqiyatsiz harakat qildi, yuqoridan qaytib tushgan to‘pni Shou bosh bilan narigi burchak oldida bo‘sh turgan Kazemiroga yetkazib berdi. Braziliyalik yarimhimoyachi ko‘klarga qarshi doim muvaffaqiyatli harakat qilib kelgan, u Angliyadagi 7 golidan 3 tasini shu jamoa darvozasiga urgan. Ammo bu safar u sariq kartochkasi borligiga qaramay, Andrey Santosni qo‘llari bilan gazonga ag‘darganidan keyin unga ikkinchi sariq kartochka ko‘rsatildi.

«Old Trafford»dagi o‘yinning ikkinchi bo‘limi «10 ga 10» formatida davom etdi. Mehmonlar murabbiyi o‘yinning bir soati ortda qolganida ikki futbolchi almashtirish imkoniyatidan foydalanib, Fofana o‘rniga Gyusto, Kukurelya o‘rniga Jorjni maydonga tushirdi. O‘yin oxirlarida burchak zarbasidan keyin Chaloba javob golini urdi, ammo londonliklarning bundan ortig‘iga qurbi yetmadi. Ruben Amorim yana bir bor jiddiy raqibga qarshi sifatli futbol namoyish etib, «MYu»ning «Chelsi»ga qarshi o‘yinlardagi muvaffaqiyatli seriyasini davom ettirdi – bu jamoaga «Old Trafford»da 2014 yildan buyon mag‘lub bo‘linmagan (+6=7).

Ispaniya: Mbappeni to‘xtatib bo‘lmayapti
«Real» – «Espanyol» 2:0
Gollar: Eder Militau, 22 (1:0). Mbappe, 47 (2:0)
«Real»: Kurtua, Eder Militau, Raul Asensio, A. Karreras, Karvahal, Valverde, Tshuameni (Kamavinga, 90), Vinisius Junior (Dias, 77), Mastantuono (Rodrigu, 77), Mbappe (Bellingem, 89), Garsiya (Arda Guler, 61)
«Espanyol»: Dmitrovich, Kalero, Kabrera, Romero, El Xilali, Gonsales de Sarate, Pol Losano (J. Karreras, 63), Puado (Kike Garsiya, 77), Dolan (Pikel, 63), Eksposito (Koleosho, 63), Fernandes (Roka, 84)
Ogohlantirishlar: Tshuameni, 37. Mastantuono, 75
Habi Alonso Arda Gulerga dam berishga qaror qildi, turkiyalik futbolchi bungacha qatorasiga o‘n o‘yinda boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olib kelayotgandi. «Real»da pozitsion hujumlar uyushtirishda ushbu yosh yarimhimoyachining yo‘qligi sezildi, ammo «Espanyol» mudofaasini yorib o‘tish uchun boshqa qurol topildi. Eder Militao odatda standart vaziyatlarda ikkinchi qavatda to‘p uchun kurashlarda xavfli, bu safar braziliyalik himoyachi to‘pni markaziy zonada egallab, qariyb o‘ttiz metr masofadan zarba yo‘lladi va yuqori burchakni aniq nishonga oldi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Mbappe raqib darvozabonini dog‘da qoldirib, hisobdagi ustunlikni mustahkamladi. To‘rt turdan keyin uchinchi o‘ringa chiqib olgan «Espanyol» mavsumda ilk bor mag‘lubiyatini tan olishga majbur bo‘ldi. Mbappeni esa mavsum startida to‘xtatib bo‘lmayapti, u olti o‘yinda raqiblar darvozasini yetti bor ishg‘ol etgan. Agar yil boshidan buyon statistikaga qaralsa, top-5 ligalarda Kilianga jami gollar soni bo‘yicha ham (37), jarima maydoni tashqarisidan urilgan gollar soni bo‘yicha ham (6) teng kela oladigan raqib yo‘q.
«Vilyarreal» – «Osasuna» 2:1
Gollar: Budimir, 45+6 - penalti (0:1). Mikautadze, 69 (1:1). Geyye, 85 (2:1)
«Vilyarreal»: Luis Junior, Marin, Foyt (Veyga, 67), Pedrasa, Navarro (Komesanya, 58), Partey (Oluvaseyi, 58), Geyye, Moleyro (Solomon, 67), Axomax (Byukenen, 46), Mikautadze, Pepe/
«Osasuna»: Errera, Katena, Krus (Errando, 46), Boyomo (Barxa, 88), Torro, Monkayola, Bretones, Roze, Munos (Raul Garsiya, 77), Garsiya (Osambela, 46), Budimir (Bekker, 77)
Ogohlantirishlar: Navarro, 42. Komesanya, 87 – Roze, 33. Torro, 39
Chetlatish: Roze, 40 (ikkinchi sariq kartochka)
«Valensiya» – «Atletik» 2:0
Gollar: Santamariya, 73 (1:0). Duro, 90+3 (2:0)
«Valensiya»: Agirresabala, Diakabi, Tarrega, Xose Gayya (Vaskes, 71), Fulke, Gerra, Santamariya, Diyego Lopes (Beltran, 71), Rioxa (Duro, 70), Gruneveld (Andre Almeyda I, 80), Raba (Ramazani, 64)
«Atletik»: Simon, Vivian, Paredes, Berchiche, Areso, Ruis de Galarreta (Vesga, 68), Xauregisar (Rego, 81), Sanset (Sannadi, 68), Berenger (Lyaport, 64), Navarro (Gomes, 69), Inyaki Uilyams
Ogohlantirishlar: Xose Gayya, 59 – Navarro, 20
Chetlatish: Vivian, 61
«Vilyarreal» startdagi ikki g‘alabadan keyingi ikki o‘yinda bir ochk bilan kifoyalandi. YeChLni esa «Tottenhem»ga yutqazish bilan boshladi. «Sariq submarinalar»ning uzoq kutilgan g‘alabasi oson qo‘lga kiritilmadi. Aksincha 40-daqiqada son jihatdan ustunlikka erishganiga qaramay, mezbonlar birinchi bo‘limni hisobda ortda borgan holda (0:1) yakunladi. «Osasuna»ning xorvatiyalik to‘purari Budimir navbatdagi marta penaltini aniq ijro etdi. Marselino Toral esa futbolchilarni almashtirish orqali o‘yinda burilish yasay oldi.
Jokerlardan biri — Solomon — yumshoq uzatmasi bilan shu yozda «Lion»dan transfer qilingan Mikautadzega Ispaniyadagi ilk golini urishda yordam berdi. Ikkinchisi — Oluvaseyi — olis masofadan zarba yo‘llaganida to‘p yo‘l-yo‘lakay Geyyega tegib, yo‘nalishini keskin o‘zgartirdi va bu darvozabonga hech qanday imkon qoldirmadi. «Vilyarreal» «Atletik»ni quvib o‘tib, kamida yakshanba kungi o‘yinlar yakunigacha uchinchi o‘ringa ko‘tarildi, mavsum startidagi uch o‘yinda g‘alaba qozongan basklar esa Niko Uilyams jarohat olib safdan chiqqanidan keyin o‘yinini topa olmayapti. La ligada «Alaves» (0:1) va YeChLda «Arsenal»dan (0:2) uchralgan mag‘lubiyatlar ortidan Ernesto Valverde shogirdlari «Mestalya»da ham hech narsa qila olishmadi. «Valensiya»ga VAR aralashiuv bilan Dani Vivian maydondan chetlatilishi qo‘l keldi, o‘yin taqdirini «ko‘rshapalaklar» burchak zarbalaridan urgan gollar hal qildi.

Italiya: nursiz «Yuventus» va Allegrida g‘alabali seriya
«Verona» – «Yuventus» 1:1
Gollar: Konseysau, 19 (0:1). Orban, 44 - penalti (1:1)
«Verona»: Montipo, Nelsson, Frese, Nunes, Serdar (Santyago, 90), Akpa-Akpro (Nyass, 77), Berned, Bradarich, Belgali (Kastanos, 78), Orban (Adjayi, 90), Jovane (Sarr, 63)
«Yuventus»: Di Gregorio, Gatti, Kelli, Kalyulyu, Lokatelli (Kopmeyners, 46), Tyuram (Adjich, 57), Kambyaso, Joao Mariu (Jyegrova, 83), Konseysau (David, 70), Kenan Yildiz, Vlahovich (Openda, 57)
Ogohlantirishlar: Akpa-Akpro, 7. Orban, 45. Berned, 76 – Gatti, 9. Kelli, 39. Kopmeyners, 65
A Seriyada «Inter» (4:3) va YeChLda Dortmundning «Borussiya» (4:4) klublariga qarshi kechgan ikki telbavor o‘yindan keyin «Yuventus» «Verona» maydonida durangga rozi bo‘ldi. Byankonerilar o‘yinidagi muammo ilk daqiqalardan ko‘zga tashlandi. Fransishku Konseysau ikki himoyachidan o‘tib ketib, jarima maydoni chizig‘i bo‘ylab yugurgan holda to‘pni burchakka joylashi ham muqarrar ochko yo‘qotilishining oldini ololmadi. Mezbonlar bo‘lim oxirida penaltidan hisobni tenglashtirishdi, ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida «Keksa siniora» darvozasi yana bir bor ishg‘ol etildi, ammo hakam Serdarning golini bekor qildi.
«Udineze» – «Milan» 0:3
Gollar: Pulishich, 39 (0:1). Fofana, 46 (0:2). Pulishich, 53 (0:3)
«Udineze»: Sava, Sole, Kristensen, Zemura, Exizibue (Dzanoli, 59), Chelstrem, Ekkelenkamp (Dzanolo, 59), Sarraga, Atta (Miller, 81), Devis (Modesto, 59), Bravo (Buksa, 46)
«Milan»: Terrachchano, Gabbia, Pavlovich (de Vinter, 68), Tomori, Rabo, Modrich (Atekame, 81), Fofana (Richchi, 68), Estupinyan, Salemakers, Ximenes (Nkunku, 62), Pulishich (Loftus-Chik, 63)
Ogohlantirishlar: Atta, 30. Zemura, 50
«Yuve» Veronada qanchalik kamtar ko‘ringan bo‘lsa, «Milan» Udineda shunchalik kuchli o‘ynadi. Estupinyan esa o‘ng qanotda hukmronlik qildi va uning faolligi tufayli birinchi gol urildi. Ekvadorlik himoyachining paslaridan Santyago Ximenes ancha oldinroq foydalanishi ham mumkin edi, ammo meksikalik hujumchining zarbasidan keyin to‘p to‘g‘ri darvozabonga bordi. Estupinyan himoyachilarni to‘pni o‘z darvozasi tomon yo‘naltirishga majbur qilganida darvozabondan qaytgan to‘pga Pulishich birinchi bo‘lib yetib keldi.
Amerikalik yarimhimoyachi — oqshomning asosiy qahramoniga aylandi. Uning jonbozlik ko‘rsatishi Fofana jarima maydoni markazida turib ikkinchi golni urishiga olib keldi. Agar fransuzning zarbasi xato ketganida Pulishichga ishlatilgan fol uchun penalti qo‘yilgan bo‘lardi. Va Kristianning o‘zi ko‘p o‘tmay hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. «Milan» yetakchisi — A seriyada so‘nggi uch mavsumda 25 gol urib, 15 tadan ko‘p golli uzatma bergan yagona futbolchi bo‘lib turibdi (25+17). Birinchi turda kutilmaganda «Kremoneze»ga yutqazgan Massimiliano Allegri esa qatorasiga uch g‘alabadan iborat seriya bilan aybini yuvdi.

Germaniya: «Bavariya»da yangi qahramon
«Hoffenhaym» – «Bavariya» 1:4
Gollar: Keyn, 44 (0:1). Keyn, 48 - penalti (0:2). Keyn, 77 - penalti (0:3). Tsoufal, 82 (1:3). Gnabri, 90+9 (1:4)
«Hoffenhaym»: Baumann, Granach, Xaydari, Bernardu, Tsoufal (Akpoguma, 82), Avdullaxu (Tuxumchi, 82), Byurger (Premel, 78), Prass, Ture, Damar (Kramarich, 66), Asllani (Bebu, 78)
«Bavariya»: Noyyer, Kim Min Je (Upamekano, 69), Ta, Laymer, Boe (Bishof, 86), Goretska (Kimmih, 62), Pavlovich, Jyekson (Gnabri, 62), Dias, Karl (Olise, 62), Keyn
Ogohlantirishlar: Tsoufal, 9 – Dias, 12. Goretska, 29
Vensan Kompani boshlang‘ich tarkibga 17 yoshli Karlni kiritib, ko‘pchilikni ajablantirdi. Shu bilan birga, «Bavariya»da startda Keyn va «Chelsi»dan ijaraga olingan Jyeksonga ham joy topildi. Rotatsiya tabiiyki o‘yin sifatiga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Mezbonlar Noyyerning xatosidan keyin hisobni ochishiga bir baxya qoldi. Myunxenliklar shu va boshqa yana bir necha epizodda o‘ziga o‘xshamadi va faqat bo‘lim oxirida aynan Karlning sa’y-harakatlaridan keyin myunxenliklar jamoasi muxlislari yengil tin olishdi. Avvaliga yosh yarimhimoyachi burchak zarbasini original tarzda ijro etishi bilan o‘zini ko‘rsatdi, u kutilmaganda to‘pni yerlatib jarima maydoni markazida turgan Keynga yetkazib berdi va uning goliga assistentlik qildi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa Karlning Buega uzatmasini to‘sishga uringan raqib futbolchi qo‘l bilan o‘ynadi va Keyn uchun 11 metrlik jarima zarbasi ishlandi. Keyinroq Keyn yana bir bor penaltidan gol urib, joriy mavsumda ikkinchi, bundesligaga kelganidan buyon to‘qqizinchi het-trigini nishonladi. Harri Germaniyada 67 o‘yinda urgan gollari sonini 70 taga yetkazib qo‘ydi, «Hoffenhaym» esa faqat qo‘shimcha daqiqalarda muxlislarga taskin beruvchi yagona javob golini urdi. Tsoufal jarima zarbasini ijro etganida to‘p Kimmihga tekkan holda darvozaga borib tushdi.
«Leypsig» – «Kyoln» 3:1
Gollar: Uedraogo, 13 (1:0). Tilmann, 23 (1:1). Romulo, 44 (2:1). Raum, 45+4 (3:1)
«Leypsig»: Gulachi, Orban, Lyukeba, Raum, Baku (Nedelkovich, 80), Zayvald, Baumgartner (Maksimovich, 90+1), Uedraogo (Banzuzi, 58), Diomande (Kampl, 90+1), Bakayoko (Xarder, 80), Romulo
«Kyoln»: Shvebe, Hyubers, Kraus, Shmid, Martel (Huseynbashich, 59), Yoxannesson, Byulter (Al Mala, 46), Sebulonsen (Kayns, 72), Kaminski, Tilmann (Mayna, 58), Valdshmidt (Axe, 59)
Ogohlantirishlar: Baku, 69 – Martel, 45
Yozgi transferlar doirasida asosiy ijrochilari — Simons, Openda va Sheshkoni yo‘qotgan «Leypsig» mavsumni «Bavariya»dan sharmandali mag‘lubiyat (0:6) bilan boshlagandi. Ammo «ho‘kizlar» jamoasi tezda o‘ziga kela oldi. Mavsum startida ko‘pchilikni hayron qoldirgan «Kyoln» osonlik bilan mag‘lub etildi. O‘yin taqdiri birinchi bo‘lim oxirida hal qilindi, dastlab braziliyalik Romulo jamoani hisobda oldinga olib chiqdi, mezbonlar sardori Raumning jarima zarbasidan urgan goli oqshom bezagiga aylandi.
Bundesligaga chiqqanidan buyon ilk bor yevrokuboklarsiz qolgan jamoada bor e’tiborni ichki chempionatga qaratish imkoniyati bor. Natijada — qatorasiga uch g‘alaba va turnir jadvalida ko‘tarilish kuzatildi. Raqobatchilarning yakshanba kungi o‘yinlariga qadar — «Leypsig» turnir jadvalida «Bavariya»dan keyigi ikkinchi o‘ringa joylashdi.

Fransiya: «Lans» — Shimol qiroli
«Lans» – «Lill» 3:0
Gollar: Said, 28 (1:0). Toven, 43 (2:0). Fofana, 52 (3:0)
«Lans»: Risser, Baydu, Sarr, Gradi, Sangare (Silla, 86), Tomasson, Yudol, Agilar (Abdulhamid, 69), Toven (Sotoka, 86), Said (Gilavogi, 74), Fofana (Eduar, 69)
«Lill»: Berke Ozer, Ngoy, Mbemba, Perro (Verdonk, 18), Mandi, Bentaleb (Mbappe, 77), Buaddi, Haraldsson (Mukau, 59), Korreya (Sahraviy, 46), Fernandes, Jiru (Igaman, 78)
Ogohlantirishlar: Yudol, 83 – Verdonk, 36. Mandi, 45. Mbemba, 90
«Lill» ikkinchi o‘ringa qayta olmadi, bu o‘rinni juma kungi o‘yinda g‘alaba qozongan «Lion» olib qo‘ygandi, Shimol derbisidagi asosiy qahramon esa Said bo‘ldi. U birinchi bo‘lim o‘rtalarida burchakdan oshirilgan to‘pni chiroyli zarba bilan darvozaga yo‘llab, hisobni ochdi, bo‘lim oxirida esa maydon markazida to‘pni raqibdan olib qo‘yib, Tovenning goli bilan yakunlangan qarshi hujumni boshlab berdi. 32 yoshli vinger Meksika va Italiyada o‘tgan besh mavsumdan keyin Fransiyaga qaytib yana gollar urmoqda. «Lans» so‘nggi uch derbida yutqazgandi, ammo endi 2022 yil aprelidan buyon ilk g‘alabani nishonladi. Bu g‘alaba evaziga «Lans» ashaddiy raqibini bir ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda, «Lill» esa yakshanba kungi o‘yinlardan keyin «Monako» va «Strasbur»ni ham oldinga o‘tkazib yuborib, kuchli uchlikdan chiqib ketishi mumkin.

Mavzuga oid
12:27 / 22.12.2025
«Barsa» qishki chempion, «MYu» yana yutqazdi. Kun o‘yinlari
11:04 / 21.12.2025
Mbappe Ronalduning rekordini takrorladi, Holand yangiladi. Kun o‘yinlari
11:25 / 16.12.2025
«MYu» va «Bornmut» o‘yini gollar shousiga aylandi
14:40 / 15.12.2025