O‘zbekiston | 19:43 / 08.04.2020
21494
2 daqiqa o‘qiladi

Tomorqasiga ekin ekmagan fuqarolar yer solig‘ini oshirilgan stavkada to‘laydi

O‘zbekistonda mahalla raisi va profilaktika inspektoriga tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalarini rasman ogohlantirish, undan keyin ham ekin ekmaganlarga yer solig‘i oshirilgan stavkada qo‘llanishi bo‘yicha taqdimnoma kiritish vakolati beriladi. O‘z navbatida tomorqadan samarali foydalangan fuqarolarga soliq imtiyozlari beriladi.

Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga yetkazib berish masalasiga ham e'tibor qaratildi. Davlat rahbari bu borada tomorqa xizmati tuman bo‘limlarining faoliyatini yanada jonlantirishga urg‘u berdi.

«Xatirchi tuman tomorqa xizmati rahbariga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Negaki, o‘tgan yili ushbu bo‘lim tomorqa egalaridan mayiz, xurmo, uzum va dukkakli ekinlarni xarid qilib, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Gruziya, Eron, Qozog‘iston davlatlariga 2 million AQSh dollarlik mahsulot eksport qilibdi.

Tasavvur qiling, bizda qolgan 200dan ortiq tuman tomorqa xizmati ham kamida 1 million dollardan eksport qilganda edi, vaziyat umuman boshqacha bo‘lardi. Bizga aynan mana shunday tizim kerak», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yig‘ilishda tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalari rasman ogohlantirilishi, undan keyin ham ekin ekmaganlarga yer solig‘i oshirilgan stavkada qo‘llanishi ma'lum qilindi.

Bu borada mutasaddi rahbarlarga tegishli hujjatni qabul qilish topshirildi.

Ma'lum qilinishicha, endilikda barcha tumanlarda tomorqalar holati dronlar orqali monitoring qilinadi. Ulardan unumli foydalanish uchun har bir sektor kesimida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

 

 

Mavzuga oid