Jahon | 15:14 / 09.11.2025
6886
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Venesuelada harbiy harakatlarning uchta variantini ishlab chiqqan

The New York Times nashriga ko‘ra, ulardan biri – Nikolas Maduroni qo‘lga olish yoki o‘ldirish hisoblanadi.

Hu Yousong / Xinhua / Scanpix / LETA

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Venesuelada harbiy harakatlarning bir nechta variantlarini ishlab chiqdi, deb xabar berdi The New York Times gazetasi manbalarga tayanib.

Birinchi variantga ko‘ra, AQSh Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘llab-quvvatlashni susaytirish uchun harbiy obektlarga havo hujumlari uyushtiradi. Rasmiylar fikricha, agar Maduro endi xavfsizlikda emasligini his qiladigan bo‘lsa, qochishga harakat qiladi, bu esa uni qo‘lga tushirish imkonini oshiradi. Ushbu ssenariyga qarshilar esa Venesuela aholisi qiyin ahvolga tushib qolgan yetakchi atrofida birlashishi mumkinligidan xavotirda.

Ikkinchi variant shundan iboratki, AQSh Venesuelaga «Delta» maxsus qo‘shinlarining elita bo‘linmasini yoki terrorizmga qarshi kurashuvchi SEAL Team 6 dengiz piyodalari otryadini yuboradi. Ularning oldiga Maduroni qo‘lga olish yoki o‘ldirish vazifasi qo‘yilishi mumkin. Bunday holda, Tramp ma’muriyati Maduro mamlakatning qonuniy prezidenti emas, balki birinchi navbatda Cartel de los Soles narkokartelining rahbari ekanini ta’kidlab, xorijiy yetakchilarni o‘ldirishga qo‘yilgan azaliy taqiqni chetlab o‘tishga harakat qiladi.

Uchinchi variantga ko‘ra, Venesueladagi aerodromlar va hech bo‘lmaganda ba’zi neft konlari va infratuzilmalarini qo‘lga kiritish uchun Amerika aksilterror kuchlari yuboriladi.

NYT ta’kidlaganidek, so‘nggi ikkita variant AQSh harbiylari uchun ancha katta xavf tug‘diradi, ayniqsa, agar ular Maduroni Venesuela poytaxti Karakas kabi shahar sharoitida ta’qib qiladigan bo‘lsa.

Donald Tramp amerikalik askarlarni xavf ostiga qo‘yadigan variantlarni ko‘rib chiqmoqchi emas. Shuning uchun ishlab chiqilayotgan rejalarda dengiz dronlari va uzoq masofali qurollardan foydalaniladi. Bu variantlar noyabr oyi o‘rtalarida Karib dengiziga besh mingga yaqin odam va 75 dan ortiq zarbdor, razvedkachi va yordamchi samolyotlar, shu jumladan F/A-18 qiruvchi samolyotlari bo‘lgan «Jerald R. Ford» aviatashuvchisi yetib kelganida yanada hayotiy bo‘lishi mumkin.

«Jerald R. Ford» aviatashuvchisi Florid shtati sohillari yaqinidagi sinov vaqtida, 2021 yil 8 avgust
US Navy/Cover-Images

Gazeta Tramp katta ehtimol bilan «Jerald R. Ford» aviatashuvchisi Venesuela qirg‘oqlariga yetib kelmaguncha qaror qabul qilmasligini ta’kidlagan. NYT ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp bundan keyin nima qilish kerakligi va umuman harakat qilish kerakmi yoki yo‘qligi haqida bir qarorga kelmagan. Prezident muvaffaqiyatsizlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan operatsiyalarni ma’qullamoqchi emas. Ammo uning ko‘plab maslahatchilari Maduroni prezidentlikdan chetlatish kerakligini ta’kidlamoqda.

AQSh prezidentining yordamchilari har qanday harbiy harakatlar uchun huquqiy asosni qanday ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar olish maqsadida Adliya vazirligiga murojaat qilishgan. Adliya vazirligi Maduroni giyohvand moddalar karteli yetakchisi sifatida qonuniy nishon deb tan olishi kutilmoqda.

AQSh avgust oyi oxiridan beri Venesuela sohillari yaqinida faol ravishda harbiy mavjudligini kuchaytirmoqda. Karib havzasida allaqachon 10 mingga yaqin amerikalik harbiy bor: ularning yarmi harbiy kemalarga, qolganlari Puerto-Rikodagi bazalarga joylashtirilgan. So‘nggi haftalarda Amerikaning B-52 va B-1 bombardimonchi samolyotlari «kuchni ko‘rsatib qo‘yish» doirasida Venesuela qirg‘oqlari yaqinida parvozlarni amalga oshirmoqda, deb yozadi NYT. Nikolas Maduro bu fonda Rossiya, Eron va Xitoydan harbiy yordam so‘ragan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid