Jahon | 20:41
2625
4 daqiqa o‘qiladi

Donald Tramp Erondagi urush xarajatlarini arablardan undirmoqchi

Prezident Tramp arab davlatlarini Erondagi urush xarajatlarini to‘lashga chaqirishdan manfaatdor, dedi Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livit. Bundan tashqari, hukumat Pentagonning o‘q-dori zaxiralarini to‘ldirish uchun Kongressdan 200 mlrd dollar qo‘shimcha mablag‘ so‘ramoqda.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livit / Foto: Reuters

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livit 30 mart kungi matbuot anjumanida arab davlatlari urush xarajatlarini to‘lashga yordam berish uchun faollashadimi, degan savolga javob berdi. U respublikachi prezident uchun oldindan xulosa qilmasligini, lekin bu Trampda mavjud bo‘lgan g‘oya ekanligini aytdi.

«O‘ylaymanki, prezident ularni shunday qilishga chaqirishdan juda manfaatdor bo‘ladi. Bu uning xayolidagi g‘oya ekanligini bilaman va o‘ylaymanki, bu haqda undan yana ko‘proq eshitasiz», dedi Livit.

Oq uy so‘zchisining ta’kidlashicha, Tehronning ochiqchasiga aytayotgan gaplari AQSh rasmiylariga shaxsiy uchrashuvlarda aytayotganlaridan farq qiladi. Xususan, Eron yopiq eshiklar ortida Vashingtonning ba’zi shartlariga rozi bo‘lgan.

«Rejimdan eshitayotgan barcha ommaviy po‘pisalar va yolg‘on xabarlarga qaramay, muzokaralar davom etmoqda va yaxshi ketyapti. Ochiqchasiga aytilayotgan gaplar, albatta, bizga shaxsiy tarzda yetkazilayotganidan ancha farq qiladi», deya Livitning so‘zlarini keltirmoqda Reuters.

Tramp dushanba tongida Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochmasa, uning energiya zavodlari va neft quduqlari yer bilan yakson qilinishidan ogohlantirgan edi. Bu vaqtda Tehron AQShning tinchlik takliflarini «haqiqatdan yiroq» deb atagan va Isroil bilan hujumlar almashishda davom etayotgandi.

Urush narxi qancha?

Mart oyining boshida rasmiylar yopiq eshituvlarda AQSh Kongressi a’zolariga urushning dastlabki olti kuni 11,3 milliard dollarga tushganini ma’lum qilgandi.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, nizoning 12-kuniga kelib bu raqam 16,5 milliard dollarga yetgan. 28 fevral kuni AQSh va Isroilning hujumi bilan boshlangan urush 30 kunlik dovondan ham o‘tdi. Hozirda bu xarajatlar miqdori bir necha barobar ko‘proq bo‘lishi tayin.

RAF Fairford bazasida joylashgan AQSh Harbiy-havo kuchlarining bombardimonchi samolyoti va uning o‘q-dorilari — 11 mart, 2026 yil Buyuk Britaniya / Foto: Bloomberg

Bundan tashqari, Oq uyga Erondagi harbiy kampaniyani moliyalashtirish va Pentagonning o‘q-dori zaxiralarini to‘ldirish uchun ham yana mablag‘ kerak. Tramp ma’muriyati buning uchun Kongressdan kamida 200 milliard dollar qo‘shimcha harbiy moliyalashtirish paketi so‘ragan.

Eronda rejim o‘zgardimi?

Bir necha kun oldin Tramp Tehron bilan muzokaralar yaxshi ketayotganini aytib, Eronda «rejimni o‘zgartirish» yakunlanganiga ishora qilgandi.

«Agar qarasangiz, bizda allaqachon rejim o‘zgargan, chunki bitta rejim qirib tashlandi, yo‘q qilindi, ularning barchasi o‘lgan. Keyingi rejim ham deyarli o‘lgan. Uchinchi rejim esa — biz ilgari hech kim muloqot qilmagan boshqa odamlar bilan ishlayapmiz. Bu butunlay boshqa odamlar guruhi», dedi Tramp yakshanba kuni jurnalistlarga. «Shuning uchun men buni rejim o‘zgarishi deb hisoblagan bo‘lardim va ochig‘ini aytsam, ular juda oqilona yo‘l tutishmoqda».

Reutersʼning yozishicha, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio dushanba kungi chiqishida agar Eronda yangi rahbariyat va «kelajak haqida oqilona tasavvurga ega bo‘lgan» mas’ullar paydo bo‘lsa, bu yaxshi xabar bo‘lishini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, biroq AQSh «bunday bo‘lmasligi ehtimoli»ga ham tayyor turishi kerak.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid