O‘zbekiston | 15:38 / 25.07.2023
14585
8 daqiqa o‘qiladi

Nega O‘zbekistonda o‘nglar va so‘llar yo‘q? Ular qanday aniqlanadi?

Butun dunyoda siyosiy maydon o‘nglar va so‘llarga bo‘linadi. Bu, dunyo parlamentarizmida, siyosiy maydonida, partiyashunosligida universal tushunchalar va kategoriyalar hisoblanadi. Lekin O‘zbekistonda emas. Buning sababi nima? Nega O‘zbekistonda haliga qadar kimlar o‘ng-u, kimlar so‘l, noma’lum?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Buning sabablari bir qancha. Birinchi sabab – O‘zbekistonda shu paytga qadar real siyosiy raqobat bo‘lmadi. Shuning uchun, siyosatchilar va partiyalar o‘rtasida g‘oyalar to‘qnashuvi, siyosiy tirashuv va bahslar kuzatilmadi. Natijada, qaysi partiya va siyosatchi o‘ng-u, qay biri so‘l ekanini nafaqat jamoatchilik, balki ularning o‘zlari ham tushunish darajasiga yetmadi.

Ikkinchi sabab – bizdagi siyosatchilar va siyosiy partiyalar imkon qadar universal bo‘lishga, jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab olishga, ya’ni imkon qadar hammani o‘z tasarrufi va ta’sir doirasida ushlashga harakat qiladi. Hammani qo‘lga kiritish maqsadida, aniq ijtimoiy qatlam va platformadan mahrum bo‘lib qolayotganini har doim ham tushunavermaydi.

Butun dunyoda o‘nglar va so‘llar, va ularning o‘rtasida joylashgan markazchilar – universal tushuncha. Rivojlangan demokratik davlatlarda, har bir partiyaning aniq joylashuvi bor. Ya’ni hech bir partiya, o‘ng-so‘l kategoriyasidan tashqarida emas. Qolaversa, demokratik dunyoda o‘nglar va so‘llarning mumtoz muammolari va yechimlari ham mustahkam shakllanib ulgurgan.

Xo‘sh, o‘nglar va so‘llar qanday aniqlanadi? O‘lchov mezonlari nimalardan iborat? Siyosatshunoslik fanida o‘nglar va so‘llarni aniqlovchi usullar juda ko‘p. Lekin, men imkon qadar soddalashtirib, quyidagi o‘lchov mezonini taklif qilmoqchiman.

So‘llar uchun, eng asosiy qadriyat – bu tenglik. So‘llarga ko‘ra, insonlar imkon qadar teng bo‘lishi kerak. Ular o‘rtasidagi har qanday ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa tafovutlar insonlarning tahqirlanishiga, kamsitilishiga olib kelmasligi kerak. Shuning uchun ham so‘llar uchun milliyatchilikdan ko‘ra, internatsionalizm, diniylikdan ko‘ra kosmopolitizm muhimroq. Ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan esa, so‘llar insonlar o‘rtasidagi moddiy tafovutni har xil usullar bilan kamaytirishga harakat qilishadi.

Ashaddiy so‘llar esa, tenglikni kuch ishlatish orqali bo‘lsa-da, ta’minlashga intilishadi. 20-asrda ashaddiy so‘llar eng kuchaygan davr bo‘ldi. Sobiq SSSR, Xitoy Xalq Respublikasi, Shimoliy Koreya, Kuba, Yevropa, Osiyo Afrikadagi juda ko‘plab sotsialistik va kommunistik davlatlar hamda partiyalar, insonlar o‘rtasidagi tenglikni katta repressiyalar hisobiga bo‘lsa-da, ta’minlashga urinib ko‘rishdi.

O‘nglar uchun eng asosiy qadriyat – bu o‘zlik. O‘zlik (rus tilida “identichnost”) – “biz kimmiz va nima qilsak, o‘zlik bilan bog‘liq manfaatlarimizni himoya qila olamiz?” degan savolga javob orqali olinadi. Misol uchun, biz o‘zbekmiz, o‘zbekistonlikmiz, turkiymiz, musulmonmiz va h.k. kabi o‘zliklar orqali shakllanadi. Dunyoda konservativ partiyalar ko‘p. Konservativ kuchlarning bosh g‘am-tashvishi – o‘zlikni himoya qilish va bu o‘zliklar bilan bog‘liq bo‘lgan manfaatlarni parvarishlash hisoblanadi.

Ashaddiy o‘nglar, o‘zlikni himoya qilish va boshqa o‘zliklar bilan kurashish uchun hattoki kuch ishlatishni, repressiyalar qilishni ham normal deb biladi.

Ya’ni qaysi siyosiy kuch insonlar o‘rtasidagi farqlarni kamaytirishga harakat qilsa – bular so‘llar. Qaysi siyosiy kuchlar farqlarning bo‘lishi tabiiy deb bilsa, va o‘zidagi o‘zlikni himoya qilishga intilsa – o‘ng qanot hisoblanadi.

Xo‘sh, o‘nglar va so‘llar haqida gap ketar ekan, “erkinlik” kim tomonida, qaysi tarafda erkinlikni qo‘llovchilar ko‘proq?

Erkinlik o‘nglar va so‘llarning o‘rtasida, markazda turadi. Markazga yaqin o‘nglar ham, markazga yaqin so‘llar ham erkinlikni inkor qilmaydi, erkinlikni qadrlaydi va erkinlik, inson huquqlari va huquqiy davlatchilik orqali o‘z maqsad va vazifalariga erishishga harakat qiladi.

Iqtisodiy jihatda, so‘llar insonlar orasidagi moddiy farqni kamaytirish uchun, boylardan ko‘proq soliq olishni va yig‘ilgan soliqlar orqali kam ta’minlangan qatlamlarni ko‘proq himoya qilishni maqsad qilib oladi.

O‘nglar esa, iqtisodiy jihatdan, soliqlarni kamaytirishni va shu yo‘l tadbirkorlarda, kapitalistlarda ko‘proq daromad qoldirishni maqsad qiladi. O‘nglar nazarida, tadbirkorlarda kattaroq daromad qolishi, ular tomonidan ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, yanada ko‘proq aholiga ish o‘rinlari taklif qilishga sababchi bo‘ladi, deb qarashadi.

O‘nglar uchun, insonlar o‘rtasidagi ijtimoiy tafovut – normal narsa. Bu – insonlarni harakatga undaydi, jamiyatda tadbirkorlikni, ixtirochilikni, ishbilarmonlikni kuchaytiradi. Kuchli ijtimoiy himoya esa, boqimandalik kayfiyati oshib borishiga olib keladi.

Xo‘sh, O‘zbekistonda, garchi siyosiy partiyalar o‘ng va so‘l deb aytilmasa-da, ushbu partiyalar, dasturlariga ko‘ra, qaysi platformada joylashgan? Qay biri o‘ng va qay biri so‘l?

Besh partiyadan ikkitasi sof so‘l partiyalar hisoblanadi. Bular – Xalq demokratik partiyasi va Adolat sotsial-demokratik partiyasi. Bu ikki partiya, jamiyatdagi ma’lum qatlamlarni, yollanma ishchi-mehnatkashlarni ijtimoiy himoya qilishga va’da beradi.

Milliy tiklanish demokratik partiyasi – sof o‘ng partiya hisoblanadi. Chunki Milliy tiklanishning asosiy vazifasi – milliy qadriyatlarni, milliy konservatizmni himoya qilish, til va o‘zlik bilan bog‘liq bo‘lgan qadriyatlarni parvarishlash.

O‘zbekiston ekologlar partiyasi ham, nisbatan so‘lroq partiya. Chunki, dunyoda yashillar partiyasi, asosan so‘l qanotda joylashgan bo‘lib, ular atrof-muhitni, ekologiyani himoya qilish bilan birga, jamiyatda muvozanat va tenglik haqida qayg‘urishadi. Lekin, O‘zbekiston ekologlar partiyasi, nazarimda haliga qadar o‘zlarining dasturiy vazifalari va platformalarini chuqur o‘zlashtirib ulgurishgani yo‘q.

Endi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi – O‘zLiDeP, mafkurasiga ko‘ra, meni nazarimda, gibrid partiya hisoblanadi. Iqtisodiy jihatdan, bu partiya kapitalistlarni, ishlab chiqaruvchi kuchlarni, tadbirkor va ishbilarmonlar manfaatlarini himoya qiladi. Bu bilan, O‘zLiDeP o‘ng qanotda joylashadi. Lekin, siyosiy qadriyatlar nuqtayi nazaridan, O‘zLiDeP – liberalizm, erkinlik va jamiyatda insonlar o‘rtasidagi dunyoqarashlar tengligiga ko‘proq urg‘u beradi. Bu bilan, O‘zLiDeP markazga yaqin so‘l qanotda joylashadi. Dunyoda mana shunday gibrid pozitsiyali partiyalar kam emas.

O‘zbekistonda siyosiy raqobat kuchayib borishi kerak, va mana shu raqobat natijasida, partiyalar, siyosatchilar o‘rtasidagi debatlarda, o‘ng-so‘l kabi kategoriyalar standartlashib borishi kerak. Bu – siyosiy tafakkur rivojining sharti, demokratiya va huquqiy davlatchilik taraqqiyotining sharti hisoblanadi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid