O‘zbekistondagi siyosiy partiyalarning asosiy moliyaviy manbayi – davlat budjeti. Agar saylovchilar partiyalarni qo‘llab-quvvatlashda faol bo‘lganida edi, a’zolik badallari va homiylik mablag‘lari asosiy o‘rinda bo‘lardi, deydi deputat Alisher Qodirov. Partiya rahbarining aytishicha, jami 22 millionga yaqin saylovchidan u yoki bu siyosiy partiyaga a’zo bo‘lganlari soni 2 millionga boradi yoki bormaydi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov «Fikr yetakchilari» podkastida qatnashib, O‘zbekiston parlamenti va deputatlarning yetarlicha faol emasligiga oid savollarga javob berdi.
– O‘zbekiston parlamenti vakillari saylov vaqtida biroz faollashadi, keyin yana suv quygandek jimjit bo‘ladi. Hech kim ularni eshitmaydi. Buning sababi nimada, saylovdan keyin deputatlar qayerga ketadi?
– Saylov vaqtidan keyin jim bo‘lib ketishi haqida… Tadbirkor odamsiz, mablag‘ingiz bo‘lmasa, biror ish qila olasizmi? Mana, siyosiy partiyalarning moliyaviy holati ovozining balandroq yoki pastroq bo‘lishiga olib keladi.
Endi, saylov paytida nima uchun partiyalar faollashadi? Chunki amaldagi qonunchilikka ko‘ra, budjetdan saylov uchun partiyalarga mablag‘ ajratiladi va partiyalar o‘sha mablag‘ darajasida targ‘ibot tadbirlarini amalga oshiradi, ya’ni moliyaviy ta’minlangan piar harakat davom etadi.
Siyosiy partiyalarning moliyaviy manbalari nima? Bular 3 ta: a’zolik badallaridan tushadigan mablag‘lar, homiylikdan tushadigan mablag‘lar va qonunchilikka asosan, siyosiy partiyalarning parlament saylovlaridagi o‘rinlariga qarab budjetdan, ya’ni saylovchilarning pullaridan ajratilgan teng miqdorlar.
Endi men sizga aytaman, davlat budjeti masalasida, siyosiy partiyalarni moliyalashtirishga doir amaldagi qonun bor. Hozirgi kunda siyosiy partiyalarning asosiy moliyaviy manbalari aynan davlat budjetidan oladigan mablag‘lardir. Bu – jahonda mavjud tajriba, bu faqat bizda emas, demokratik davlatlar orasida ham mavjud masala. Partiyalarni xorijdan moliyalashtirish taqiqlangan, nima uchun? Chunki siyosiy partiyalar juda katta institut, ta’sir kuchiga ega.
Bugungi kunda bu manba siyosiy partiyalarning asosiy moliyaviy manbasi bo‘lib qolmoqda, birinchidan. Ikkinchidan, saylov paytlarida amaldagi qonunchilik bo‘yicha homiylik mablag‘larini jalb qilsangiz, o‘sha mablag‘lar partiyalarga teng taqsimlanadi. Ya’ni jalb qilgan mablag‘ingizni o‘zingiz ishlatmaysiz, u siyosiy partiyalarga teng taqsimlanadi. Buni to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi haqida gaplashmoqchi emasman. Men hozirda amaldagi qonunchilik bo‘yicha gapiryapman. Siz savol berdingiz: nima uchun saylovdan keyin jim bo‘lib qoladi? Chunki puli tugaydi.








