10:51 / 21.08.2020
3827

Tibbiyot professori: nikotin va tamaki yosh avlod uchun bir xil darajada zararli

Nikotinli vositalarning bir turidan ikkinchisiga o‘tish -  chekuvchi uchun xayoliy bahona va o‘zini tinchlantirish. Azaldan isbotlangan salbiy ta'sir o‘z-o‘zidan yo‘qolmaydi.

Toshkent Tibbiyot akademiyasining kafedra mudiri, Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika shtabi a'zosi, tibbiyot fanlari doktori, professor Nargiza Nurillayeva ushbu halokatga olib keluvchi zararli odatning yosh avlod salomatligiga ta'siri haqida gapirdi.

U juda ko‘p asoratlarni bilgan holda ularni iste'mol qilish uchun qanday zaruriyat bor, deya savol beradi. Yoshlar o‘zlarining sog‘lig‘i uchun ham javobgarliklarini tushunishlari kerak.

«Chekishni tashlash jarayonida odamlar ko‘pincha „biz buni asta-sekinlik bilan amalga oshiramizmi yoki bitta vositadan boshqasiga o‘tamizmi“ deb so‘rashadi. Biz har doim aytamizki, chekishni tashlash bosqichma-bosqich jarayon emas, bu butunlay voz kechishni anglatadi», deydi Nargiza Nurillayeva.

Nikotin yurak urishi tezligini oshiradi, bronxni kengaytiradi va mushaklarning kuchsizlanishiga olib keladi. Shu bilan birga, yurak urish pulsi tezlashadi, qon tomirlari torayib, qon bosimi ko‘tariladi.

«Iyul oyida Rossiya nikotin aralashmalari, snyus va nosvoy sotishni taqiqladi. Bunday taqiqlarning asosini nikotinli pauchlar va snyus ta'sirini Yevropada, Amerikada va nafaqat MDHda olib borilgan turli epidemiologik tadqiqotlar tashkil etadi», deya izoh berdi professor.

Saraton kasalligini o‘rganish bo‘yicha xalqaro agentlik mutaxassislari tutunsiz tamaki va nikotin aralashmalari odamlarga kanserogen ta'sir qiladi degan xulosaga kelishdi. Tadqiqotning boshlang‘ich nuqtasi og‘iz bo‘shlig‘idir. Nikotin aralashmalari muqarrar ravishda uning shilliq qavatiga ta'sir qiladi va bu ta'sirning darajasi dozaga bog‘liq. Amerika Qo‘shma Shtatlarida og‘iz saratoni faqat tutunsiz tamaki iste'mol qilgan va spirtli ichimliklarni iste'mol qilmagan bemorlarda ham aniqlandi. Hindiston, Pokiston va Sudandagi tadqiqotlar, shuningdek, og‘iz saratoni xavfining sezilarli darajada oshishini tutunsiz tamaki va nikotin bilan bog‘ladi. Ular va oshqozon osti bezi saratoni o‘rtasidagi bog‘liqlik isbotlangan. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, nikotinli snyusni chaynash sigaret chekishning ibtidosi bo‘lib, yoshlarni nikotinga moyil qiladi.

Aralashmaning yana bir turi - nosvoy, u tamaki va ohakdan iborat. Uni iste'mol qilinganda og‘izning shilliq qavatini qizdiradi, boshda og‘riq paydo bo‘ladi, keyinroq - butun vujudda befarqlik, ko‘p tupuk ajralish, bosh aylanishi, holsizlik kuzatiladi.

Nosvoy chekuvchilar aqliy rivojlanishida to‘xtalishlarga duch keladi va xotira bilan bog‘liq muammolari borligini yashirishmaydi. Ko‘p o‘tmay, ularning shaxsiyati o‘zgaradi: ruhiyat buziladi, davom etayotgan gangirash holati ularni asabiylashtiradi. Nosvoy ichidagi tamaki nikotinga qaramlikni rivojlantiradi, ohak esa tishlar, buyrak va oshqozonni jiddiy shikastlaydi. Shuningdek, u chang va ohak tomchilarini yutadigan «ishlab chiqaruvchilar» sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazadi. Bu nafas yo‘llarining shilliq qavatini zararlaydi, kuchli jig‘ildon qaynashi va surunkali astma bilan tahdid qiladi. Teriga tushgan ohak birikmalari namlikni yutadi, keyin yorilib, mayda yaralar bilan qoplanadi. Milliy sog‘liqni saqlash instituti ohak juda zaharli ekanligini va turlicha ta'sir qilish orqali sog‘liq uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantiradi.

Top