O‘zbekiston | 14:00 / 27.12.2019
24214
6 daqiqa o‘qiladi

Shovot tumanida saylov bayonnomasi kuzatuvchilarga berilmadi, undagi yozuvlar ham shubhali

 Xorazm viloyati, Shovot tumani, «Ipakchi» mahallasidagi 16-okrug 400-uchastkada o‘tkazilgan saylov jarayonida ishtirok etgan kuzatuvchilarga ovoz berish natijalari qayd etilgan bayonnoma berilmagan. U o‘z vaqtida to‘ldirilmagan, saylovchilarning ovozlari esa soxtalashtirilgan bo‘lishi mumkin.

Foto: KUN.UZ

22 dekabr kuni O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar o‘tkazildi. Shovot tumani, «Ipakchi» mahallasidagi 16-okrugning 400-saylov uchastkasida kuzatuvchi sifatida qatnashgan, Shovot tumani Xalq deputatlari kengashiga O‘zLiDeP tomonidan nomzodi qo‘yilgan Maqsudbek Madrahimovning vakili Qahramon Jumanazarov saylov qonunchiligi qo‘pol tarzda buzilgani to‘g‘risida shikoyat qildi.

«400-uchastkadagi saylovda Maqsudbek Madraximovning vakili va kuzatuvchi sifatida qatnashdim. Ovozlarni sanash jarayoni natijalarini yozib olishga muvaffaq bo‘ldim. Maqsudbek Madraximov 960ta, Azizbek Xudayberganov 455ta, Shixnazar Tursunov 469ta, Elyor Jumaniyozov 133ta, Dilmurod Bobojonov 97ta ovoz oldi. 134ta byulleten yaroqsiz deb topildi, 19tasi bo‘sh qoldirilgan edi. Ammo bu ko‘rsatkichlar bayonnomaga tushirilmadi va bizga bir nusxasi berilmadi. Bir necha kundan beri bayonnomani ololmayapmiz. Natijalarga ko‘ra, Maqsudbek Madraximov eng ko‘p ovoz to‘plagan edi. Ammo saylovdan keyin Shixnazar Tursunov deputat bo‘lganini eshitdik», - deydi u.

400-uchastkadagi ovozlarni sanash jarayoni natijalari shu joyning o‘zida zudlik bilan bayonnomaga kiritilishi va kuzatuvchilarga bir nusxasi berilishi kerak edi. Bunday bo‘lmaganini yana bir kuzatuvchi Ozod Abdukarimov ham tasdiqladi.

«400-saylov uchastkasida Jumanazar Masharipovning vakili va kuzatuvchi sifatida ishtirok etdim. Ovozlarni sanash jarayonida ham bor edim. Ammo natijalar bayonnomaga tushirilmadi va bizga berilmadi. Saylov tugaganiga 4 kun bo‘lsa-da, hanuz bayonnomani olmadik», deydi Abdukarimov.

400-uchastka joylashgan 29-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabida saylov komissiyasi raisi, shu maktab direktori Dilshod Tajiyev bilan uchrashdik. Ammo u OAV muxbiri guvohnomasini ko‘rgach va qaysi masalada murojaat qilayotganimizni bilgach, izoh berishdan bosh tortdi hamda xonasidan chiqib ketdi. Keyinchalik telefonini ham o‘chirib qo‘ydi va aloqaga chiqmadi.

16-okrug saylov komissiyasi raisi Yangiboy To‘rayevdan bu holat bo‘yicha izoh so‘radik. U 400-uchastkadagi saylov natijalari bayonnomasi borligi, ammo o‘zida saqlanib turishi kerak bo‘lgan nusxasini Dilshod Tajiyevga berganini, ayni paytda bayonnoma nusxasiga ega emasligini aytdi.

Shundan so‘ng, Shovot tumani saylov komissiyasi raisi Muzaffar Erjanov bilan uchrashib, 400-uchastkadagi saylov natijalari bayonnomasini olishga muvaffaq bo‘ldik. Unda Maqsudbek Madrahimov eng ko‘p – 1401ta ovoz to‘plagani qayd etilgan edi.

Shu o‘rinda aytmoqchimizki, Muzaffar Erjanov avvaliga bayonnomani ko‘rsatishni istamadi va saylov natijalarini ma'lumotnoma tariqasida taqdim qilmoqchi bo‘ldi. Biroq, saylov qonunchiligiga ko‘ra, uchastkadagi saylov natijalari qayd qilingan bayonnoma nusxasi kuzatuvchilarga berilishi, bundan tashqari, peshtaxtaga osib qo‘yilishi shartligini tushuntirganimizdan so‘ng, bayonnomani taqdim qildi. Muxbir tuman saylov komissiyasi raisiga saylov qonunchiligidan dars bersa, buni qanday tushunish mumkin? Aslida teskarisi bo‘lishi kerak emasmi?

Yana bir jihati, bayonnoma to‘ldirilgan, imzolangan va muhrlangan bo‘lsa-da, unga sana qo‘yilmagan ekan. Muzaffar Erjanov bu kamchilikni zudlik bilan bartaraf qilib, ko‘z o‘ngimizda o‘z qo‘li bilan bayonnomaga sana qo‘yib berdi. Buni bayonnomadagi yozuvlar turlicha ekanidan ham sezish mumkin.

Bundan tashqari, Muzaffar Erjanov 400-uchastka saylov komissiyasi raisi Dilshod Tajiyevning bayonnomani o‘z vaqtida taqdim qilmasligi, hatto bu harakatiga tushuntirish bermasligi qanchalik qonuniy ekaniga ham tayinli izoh berolmadi.

Bayonnomani ko‘zdan kechirdik. Qizig‘i shundaki, u turli yozuvlarda to‘ldirilgani sezilib qolgan. Buni anglash uchun ekspert-grafolog bo‘lish shartmas.

4, 6 va 9 raqamlari yozilishiga e'tibor qaratsak, buni bir odamning yozuvi deyish qiyin. Taxminimizcha, bayonnoma yozuvi bir-biriga o‘xshamagan kamida 2 shaxs tomonidan to‘ldirilgan. Ovoz berish natijalaridagi raqamlar va bayonnomaning boshqa qismidagi raqamlar bir-biriga o‘xshash emas.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, 400-uchastkadagi saylov jarayoni bo‘yicha quyidagi savollar tug‘iladi:

- Nima uchun saylov bayonnomasi shu paytgacha (26 dekabr kuni holatiga, saylovdan 4 kun o‘tib ketgach) kuzatuvchilarga berilmadi? Deputatlikka nomzodlar uning natijalarini bilib olishga haqli emasmi?

- Nima uchun saylov bayonnomasi shu paytgacha (26 dekabr kuni holatiga, saylovdan 4 kun o‘tib ketgach) uchastkadagi peshtaxtaga osib qo‘yilmadi? Saylovda ovoz bergan xalq uning natijalarini bilib olishga haqli emasmi?

- Nega kuzatuvchi keltirgan raqamlar bilan bayonnomaga tushirilgan raqamlar orasida (taxminan 500ta ovozga) farq bor? 

- Nima uchun bayonnomadagi yozuvlar shubhali tarzda har-xil? Uni bir odam (kotib) to‘ldirishi kerak emasmi?

So‘ngso‘z o‘rnida aytish joizki, Shovot tumanidagi 400-saylov uchastkasida yuz bergan bu voqealar saylov qonunchiligi qo‘pol buzilganini ko‘rsatmoqda. Bunga jarayonda ishtirok etganlarning guvohligi, komissiya raisining xatti-harakatlari, shuningdek ba'zi hujjatlar ishora qilyapti. Bu qonunbuzarliklar haqqoniy tarzda o‘rganib chiqilishi, ularga adolatli, qonuniy baho berilishi kerak. Saylovlarda ishtirok etgan, o‘z nomzodiga ovoz bergan xalq ishonchini suiiste'mol qilishga hech kimning haqqi yo‘q.

Kun.uz muxbiri Nurmuhammad Said

Mavzuga oid