Iqtisodiyot | 13:17 / 18.11.2025
3774
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Afg‘oniston 2026 yil uchun elektr energiyasi yetkazib berish shartnomasini imzoladi

Toshkent shahrida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Afg‘onistonning DABS kompaniyasi bosh direktori Abdul Bori Umar boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv yakunida 2026 yilda elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasida shartnoma imzolandi.

Foto: Energetika vazirligi

17 noyabr kuni Toshkent shahrida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Afg‘onistonning DABS kompaniyasi bosh direktori Abdul Bori Umar boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda, shuningdek, O‘zbekiston energetika kompaniyalari rahbariyati va mas’ullari ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda joriy yil sentabr oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi, shuningdek, kuni kecha Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqlarida qo‘shni Afg‘oniston xalqi farovonligi va uning iqtisodiyotini rivojlantirishga doir tashabbuslar ikki davlat hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

Shu doirada O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida energetika sohasida yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Xususan, Afg‘oniston hududida qurilayotgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarining joriy holati, amalga oshirilayotgan ishlar sur’atini yanada jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida 2026 yilda Afg‘oniston tomoniga elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha tegishli shartnoma imzolandi. Tomonlar mazkur kelishuv ikki davlat energetika hamkorligini yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid