26 mart kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Afg‘oniston Savdo va investitsiya palatasi raisi Muhammad Karim Hoshimiy boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida O‘zbekiston–Afg‘oniston Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi va uning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi SSP matbuot xizmati.

Kengash tarkibiga jami 32 nafar vakil kiritildi. Jumladan, O‘zbekiston tomonidan Savdo-sanoat palatasi rahbariyati va sohaviy uyushmalar vakillari, Afg‘oniston tomonidan esa Savdo va investitsiya palatasi hamda yetakchi xususiy kompaniyalar rahbarlari ishtirok etadi.

Kengash faoliyati doirasida qurilish materiallari, farmatsevtika, oziq-ovqat, to‘qimachilik, elektrotexnika va neft mahsulotlari kabi ustuvor tarmoqlar qamrab olinadi. Bu ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va o‘zaro savdoni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratishi kutilyapti.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar qisqa muddatda o‘zaro savdo hajmini 5 mlrd dollarga yetkazishni belgilab, bu maqsadga erishish uchun aniq chora-tadbirlar rejasini kelishib oldi. Xususan, eksport salohiyatini kengaytirish, raqamli bojxona tizimlarini joriy etish, moliyaviy va sug‘urta xizmatlarini rivojlantirish hamda savdo jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.

Shuningdek, ko‘rgazmalar, biznes-forumlar va B2B uchrashuvlarni muntazam tashkil etish orqali ishbilarmonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.