O‘zbekistonda akademik fanning rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi muammolar ma'lum qilindi
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Hujjatda aytilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda shaxs, jamiyat va davlat faoliyatining hamma sohalarida akademik fan va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga, shu jumladan ijtimoiy muhim huquqiy tadqiqotlar natijalaridan foydalanishga katta e'tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, davlat va huquq sohasida zamonaviy fundamental ilmiy tadqiqotlar holatining tanqidiy tahlili akademik fanning rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi qator muammolarni ko‘rsatib bergan.
Ular:
birinchidan, mamlakatda huquqshunoslik sohasida chuqur fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazilishini ta'minlaydigan yagona akademik ilmiy tashkilotning mavjud emasligi davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining huquq ijodkorligi va huquqni qo‘llash faoliyatining ilmiy-nazariy bazasi samaradorligini oshirishga imkon bermaydi;
ikkinchidan, fundamental huquqiy fanlararo tadqiqotlarning yetarli emasligi ilmiy tavsiyalarni o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqishga va ulardan ijtimoiy amaliyotda foydalanishga to‘sqinlik qiladi;
uchinchidan, oxirgi o‘n yilliklarda fundamental yuridik fan, qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rtasida katta uzilish yuz berdi. Ayniqsa, Falsafa va huquq instituti tugatilishidan keyin, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida fundamental yuridik fanning rivojlanishi to‘xtagan edi;
to‘rtinchidan, davlat va huquq sohasida sotsiologik tadqiqotlar amaliy ehtiyojlarni to‘laqonli qondira olmayapti, huquq sotsiologiyasi rivojlanmayapti;
beshinchidan, doktorantlar tayyorlash va ilmiy kadrlar malakasini oshirishning mavjud tuzilmalari tarqoq, turli idoralarga tegishli va amalda faqat ularning manfaatlariga xizmat qiladi;
oltinchidan, ilmiy ishlar mavzulari yuridik fanlarning barcha jabhalarini qamrab olmaydi, globallashuv va raqamli taraqqiyot sharoitida milliy huquq va davlat rivojlanishini modernizatsiya qilish va istiqbolini belgilash xususiyatlarini aniqlashga layoqatli huquqiy tadqiqotlarning ustuvor fanlararo yo‘nalishlari mavjud emas;
yettinchidan, xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslikka ixtisoslashgan tadqiqot markazlari yetarli emas.
Ta'kidlanishicha, ushbu holat siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlardagi tub o‘zgarishlar davrida davlat va huquqning barqarorligini ta'minlaydigan, xalqaro standartlarga mos ilmiy tashkilotini yaratish vazifasini taqozo etmoqda.
Yuqorida sanab o‘tilgan omillar O‘zbekiston Respublikasida davlat va huquqning barqaror rivojlanishini ta'minlash maqsadida davlat-huquqiy tadqiqotlarni kengaytirish va diversifikatsiya etish masalasini o‘rtaga qo‘yadi, deyiladi hujjat loyihasida.
Mavzuga oid
17:28 / 16.12.2024
Shavkat Ayupov Fanlar akademiyasi prezidenti etib saylandi
11:36 / 07.12.2024
O‘zbekistonlik olima Butunjahon fanlar akademiyasi a’zosi etib saylandi
16:51 / 21.09.2024
Ilm-fanni moliyalashtirish: taklif qilinayotgan yangi tizim samara beradimi?
17:52 / 28.08.2024