Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShni ogohlantirgan Eron, Avstraliyada kuchli yong‘inlar va Kubaga bosim boshlagan Tramp – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Eronda namoyishlar
Eronda ikki haftadirki tuzumga qarshi 2022 yildan keyingi eng yirik namoyishlar davom etmoqda. Huquqni himoya qilish tashkilotlari — Erondagi faollardan olingan ma’lumotlarga tayangan holda 490 nafar namoyishchi va 48 nafar xavfsizlik xodimi o‘limini tasdiqlagan. Ikki hafta ichida 10 mingdan ortiq odam hibsga olingan. Lekin Eron rasman qurbonlar sonini e’lon qilmagan.
Namoyishlar 28 dekabr kuni narxlarning keskin oshishiga javoban boshlangan. Eron rasmiylari AQSh va Isroilni tartibsizliklarni qo‘zg‘ashda ayblamoqda.
Payshanbadan beri internet uzilishi tufayli Erondan axborot oqimi cheklangan.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilsa, Eron masalasida aralashish bilan tahdid qilmoqda. Xususan, Tramp yakshanba kuni Eronda Starlink orqali internetni tiklash masalasida Ilon Mask bilan gaplashishini aytdi.
Bundan tashqari, Eron bo‘yicha variantlarni muhokama qilish uchun Tramp yaqin kunlarda maslahatchilar bilan uchrashadi. Variantlar qatoriga harbiy zarbalar, maxfiy kiber qurollardan foydalanish va hukumatga qarshi manbalarga onlayn yordam berish kiradi. AQSh aralashuvi ehtimoli sabab Isroil ham yuqori shaylik holatiga o‘tgan.
Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqer esa Vashingtonni «xato hisob-kitob»dan ogohlantirdi.
«Aniq aytamiz: Eronga hujum bo‘lsa, bosib olingan hududlar — Isroil, shuningdek, AQShning barcha bazalari va kemalari biz uchun qonuniy nishon bo‘ladi», dedi u.
Tramp Kubaga ham bosim boshladi
11 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Tramp endi Kubaga Venesuela nefti va pul bormasligini aytib, orol Vashington bilan kelishuv tuzishi kerakligini bildirdi.
«Kubaga endi hech qanday neft ham, pul ham bormaydi — nol! Ular juda kech bo‘lmasidan oldin kelishuv qilsin deb qat’iy maslahat beraman. Kuba ko‘p yillar davomida Venesueladan katta miqdorda neft va pul bilan yashab keldi», dedi Tramp. Lekin u qanday kelishuvni nazarda tutayotganini aniqlashtirmadi.
Venesuela Kubaning eng yirik neft yetkazib beruvchisi hisoblanadi. Biroq kema kuzatuv ma’lumotlariga ko‘ra, Nikolas Maduro qo‘lga olingani va neft blokadasi joriy etilganidan beri Venesuela portlaridan Kubaga birorta ham yuk jo‘natilmagan. Bu orada Karakas va Vashington 2 milliard dollarlik bitim bo‘yicha muzokaralarni oldinga surmoqda.
Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel Tramp tahdidini rad etib, AQShning Kubani majburlashga ma’naviy haqqi yo‘qligini aytdi.
«Kuba erkin, mustaqil va suveren davlat. Bizga hech kim nima qilishni buyurmaydi», dedi u.
Trampning Kubaga ham bosimi AQShning G‘arbiy yarimsharda hukmronlik qilish ambitsiyalarini ko‘rsatmoqda. Davlat kotibi Marko Rubio kabi yuqori martabali amaldorlar Venesueladagi holat Kubani ham «chegaraga olib kelishi» mumkinligini yashirmay aytib kelmoqda.
Avstraliyada kuchli yong‘inlar
Avstraliyaning janubi-sharqida yuz bergan yong‘inlar oqibatida bir kishi halok bo‘ldi va 300 ta ko‘chmas mulk obektlari vayron bo‘ldi.
Asosan Viktoriya shtatida bo‘layotgan yong‘inlar juda katta maydonni kuydirib yuborgan.
Viktoriya shtatida favqulodda holat e’lon qilingan. Minglab o‘t o‘chiruvchilar va 70 dan ortiq samolyot yong‘in bilan kurashmoqda. O‘ndan ortiq aholi punktlaridagi aholiga uylarini tark etish tavsiya qilingan.
Rasmiylar juda issiq, quruq va shamolli ob-havo tufayli yong‘inlar bir necha hafta davom etishi mumkinligidan xavotirda. Ma’lum qilinishicha, shtat bo‘ylab 30 ta faol yong‘in bor, ulardan 10 tasi alohida xavf tug‘dirmoqda.
Politsiya ma’lum qilishicha, Longvud yaqinidagi Gobur qishlog‘ida inson qoldiqlari topilgan. Qurbon shaxsi hozircha aniqlanmagan. Butazor yong‘inlaridan chiqqan tutun Viktoriya bo‘ylab tarqalgan, jumladan, Melburn shahrida ham havo sifatini yomonlashtirmoqda.
Hamas sulhning ikkinchi bosqichiga tayyorlanmoqda
Hamas tinchlik rejasi doirasida falastinlik texnokratlar qo‘mitasi hududni boshqarishni qabul qilib olgach, G‘azodagi mavjud hukumatini tarqatib yuborishini bildirdi. Biroq guruh bu o‘zgarish qachon sodir bo‘lishi haqida aniq muddat aytmadi.
Tramp boshchiligidagi xalqaro organ — «Tinchlik kengashi» 10 oktyabrda kuchga kirgan sulhning bajarilishini, jumladan, Hamasni qurolsizlantirish, xalqaro xavfsizlik kuchlarini joylashtirish va boshqa jihatlarni nazorat qilishi kerak.
Lekin hozircha G‘azoni boshqarishi kerak bo‘lgan texnokratlar ham, kengash a’zolari ham rasman va to‘liq e’lon qilinmagan.
Misr rasmiysiga ko‘ra, Hamas ikkinchi bosqichga o‘tish masalasini muhokama qilish uchun Misr, Qatar va Turkiya rasmiylari bilan uchrashuvga delegatsiya yubormoqda. Yakshanba kuni guruh vakili Hazim Qosim texnokratlar qo‘mitasini tuzishni tezlashtirishga chaqirdi.
Shu bilan birga, G‘azoda sulhdan keyingi o‘limlar soni oshishda davom etmoqda: Falastin rasmiylariga ko‘ra, dam olish kunlari Isroil askarlarining hujumi oqibatida yana uch falastinlik halok bo‘lgan.
AQShda ICEʼga qarshi namoyishlar
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi Minnesota shtatiga yana yuzlab qo‘shimcha xodim yubormoqda. Rasmiylarga ko‘ra, Minneapolis va Cent-Pol hududiga allaqachon qariyb 2 000 nafar federal xodim yuborilgan. Bu vazirlik tarixidagi eng yirik operatsiya hisoblanadi.
Yangi kuchlarning joylashtirilishi shanba va yakshanba kunlari butun AQSh bo‘ylab mingdan ortiq mitinglar bo‘lib o‘tayotgan bir paytda boshlandi. Ular federal hukumatning deportatsiya siyosatiga va chorshanba kuni ICE xodimi tomonidan 37 yoshli ayolning otib o‘ldirilishiga qarshi o‘tkazildi.
Xususan, shanba kuni Minneapolis ko‘chalariga o‘n minglab odamlar chiqib, ayolning o‘ldirilishiga norozilik bildirdi. Minneapolisda sovuq va keskin shamolga qaramay, juda katta namoyishlar oqimi kuzatilgan.
Minneapolis meri Jyeykob Frey namoyishlar asosan tinch o‘tayotganini va qonunni buzganlar hibsga olinishini aytdi.
Noroziliklar davomida 29 kishi hibsga olingan. Minnesotadan uch nafar demokrat kongressmen ICE obektiga kiritilmadi. Yakshanba kuni Nyu Yorkda ham minglab odamlar tinch yurish o‘tkazib, Trump Tower oldida to‘xtab, yo‘lni to‘sib qo‘ygan va «Donald Tramp ketishi kerak!» deya hayqirgan.
Minnesota rasmiylari otishni asossiz deb atab, guvohlar videosi Gudning mashinasi agentdan uzoqlashib ketayotganini ko‘rsatganini aytmoqda. Ichki xavfsizlik vazirligi esa xodim o‘zini himoya qilish uchun harakat qilganini, chunki Gud mashinani agent tomonga haydaganini ta’kidlamoqda.
Rossiya nishoniga aylangan Ukraina kommunal tizimlari
Kiyev rasmiylarining aytishicha, o‘tgan haftada Rossiyaning kuchli zarbalaridan keyin Ukraina poytaxtida 1 000 dan ortiq ko‘p qavatli uy hanuzgacha issiqlikdan uzilib qolgan.
Prezident Volodimir Zelenskiy hujumlardan zarar ko‘rgan hududlarda ish davom etayotganini aytib, vaziyat ayniqsa chegara hududlarida «hali ham nihoyatda og‘ir» ekanini ta’kidladi. Poytaxt atrofidagi Kiyev viloyatida 200 ta favqulodda brigada ta’mirlash ishlarini olib bormoqda.
Zelenskiyga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida Rossiya Ukrainaga 1 100 ta dron, 890 dan ortiq boshqariladigan aviabomba va 50 dan ortiq raketa — jumladan, ballistik, qanotli va o‘rta masofali qurollar uchirgan.
U Rossiya aynan sovuq ob-havoni kutib vaziyatni yanada og‘irlashtirganini va bu «tinch aholi nishonga olingan rus terrori» ekanini aytdi.
«Katta sovuqlar yaqin kunlarda pasayishi kutilmayapti, shuning uchun poytaxtdagi og‘ir vaziyat davom etadi», dedi Kiyev meri Vitaliy Klichko.
«Bu hafta energetika obektlari va muhim infratuzilmaga biror kun hujumsiz o‘tmadi. Jami 44 ta hujum qayd etildi», dedi Ukraina bosh vazir Yuliya Sviridenko.
Mavzuga oid
16:00 / 02.04.2026
Oy tomon yo‘l olgan fazogirlar, Luhanskni to‘liq «ozod qilgan» Rossiya va Trampning murojaati – kun dayjesti
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026
Isroilda falastinliklarni kamsituvchi qonun, Ho‘rmuzda yoqib yuborilgan Kuvayt tankeri va Germaniyaga kelgan Ash-Shar’a – kun dayjesti
15:30 / 30.03.2026