Sport | 20:54 / 08.08.2025
8821
7 daqiqa o‘qiladi

Lazizbek Mullajonov birinchisi emas. Doping sabab diskvalifikatsiya qilingan mashhur o‘zbek sportchilari

Boks bo‘yicha Parij Olimpiadasi chempioni Lazizbek Mullajonov doping sabab sport musobaqalaridan vaqtincha chetlashtirildi. O‘zbek sportida bu kabi holatlar ko‘p kuzatilgan. Xususan, erkin kurashchi Artur Taymazovning ikkita oltin medali olib qo‘yilgan bo‘lsa, Abdulla Tangriyevga 2012 yildagi London Olimpiadasida qatnashish taqiqlanadi. O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq darvozaboni Ignatiy Nesterov ham sakkiz oy rasmiy futbol o‘yinlarida o‘ynamagan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bokschi Lazizbek Mullajonov doping testi natijasi tufayli sport musobaqalaridan vaqtincha chetlashtirildi. Qayd qilinishicha, Mullajonovning 2025 yil 11 iyunda topshirgan namunasida metasteron aniqlangan.

Metasteron – taqiqlangan modda bo‘lib, mushaklarning tez o‘sishiga, kuch va chidamlilikni oshirishga yordam beradigan sintetik steroid. Uni iste’mol qilish musobaqa paytida ham, undan tashqarida ham taqiqlangan. Sportchi ushbu holat haqida xabardor qilingan va B namunasini tahlil qilishni so‘rash huquqiga ega.

O‘zbekiston boks federatsiyasi sportchiga shifokor tomonidan berilgan dori vositalarida ayrim taqiqlangan doping moddalari bo‘lishi mumkinligini taxmin qilyapti.

Lazizbek Mullajonov 26 yoshda. 2024 yilgi yozgi Olimpiadada u 92 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Shuningdek, 2023 yilgi jahon chempionatining bronza medali sovrindori hisoblanadi.

So‘nggi yillarda dunyo miqyosida ham mashhur sportchilarning doping qabul qilish yoki antidoping agentliklariga noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etishi ortidan chetlatilishlar ko‘paydi. Quyida xuddi shu sababga ko‘ra katta sportdan diskvalifikatsiya qilingan taniqli o‘zbek sportchilarini keltirib o‘tamiz. 

Artur Taymazov

Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston delegatsiyasi safida 4 ta Olimpiadada ishtirok etib, shularning uchtasida oltin, bittasida kumush medalga ega chiqqan Artur Taymazov ham doping bilan bog‘liq jiddiy muammolarga uchragan. Jumladan, uning 2008 yildagi Pekin va 2012 yildagi London Olimpiadalarida qo‘lga kiritgan oltin medallari olib qo‘yildi. Bunga sportchining doping namunasini takroran tekshiruvdan o‘tkazish vaqtida taqiqlangan turinabol moddasi aniqlangani sabab sifatida keltiriladi.

Foto: Globallookpress

Asli kelib chiqishi osetin bo‘lgan va ko‘plab xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston nomidan qatnashgan Taymazov 2015 yilda faoliyatini tugatdi. Ayni paytda u Rossiya Davlat Dumasining deputati hisoblanadi.

Abdulla Tangriyev

2008 yilgi Pekin Olimpiada o‘yinlarining kumush medali sovrindori, taniqli dzyudochi va kurashchi Abdulla Tangriyev 2012 yildagi London Olimpiadasida qatnasha olmagan. Bunga sportchining qonidan giyohvand modda izlari topilgani sabab sifatida keltirilgan va u 2 yilga diskvalifikatsiya qilinadi.

Foto: Getty Images

Keyinchalik Tangriyev yana katta sportga qaytadi va 2014 yilda Rossiyadagi xalqaro turnirning oltin medalini ham qo‘lga kiritadi.

Ruslan Nuriddinov

Og‘ir atletika bo‘yicha Rio – 2016 Olimpiadasi chempioni Ruslan Nuriddinov ham antidoping qoidalarini buzganligi sabab 2018 yilning dekabridan 2020 yilning dekabrigacha 2 yillik diskvalifikatsiyaga uchragan. Sportchining 2012 yilgi London Olimpiadasidagi qon tahlilidan taqiqlangan turinabol moddasi topiladi va uning ushbu musobaqada egallangan 4-o‘rni bekor qilingan.

Foto: Getty Images

Nuriddinov katta sportga yana muvaffaqiyatli tarzda qayta oldi. Xususan, u 2021 yildagi Osiyo chempionatida jahon rekordini yangilab, oltin medalga ega chiqdi. Shu yili o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush medalni, 2022 yildagi musobaqada esa oltin medalni qo‘lga kiritdi. 

Ignatiy Nesterov

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi sobiq darvozaboni Ignatiy Nesterov ham sakkiz oyga chetlashtirilgan.

Foto: Getty Images

Xususan, 2019 yilgi Osiyo Kubogi vaqtida darvozabonning doping tahlili ijobiy natija beradi. Bunga sabab sifatida golkiperning shifokorlar ruxsatisiz vazn tashlashga yordam beruvchi dori qabul qilgani keltiriladi. Nesterov 2019 yilning oktabr oyiga qadar futbol maydoniga qayta olmaydi.

Bektemir Meliqo‘ziyev

Havaskor boksda Olimpiada va jahon chempionati sovrindori, Osiyo chempioni Bektemir Meliqo‘ziyev ham 4 yilga barcha milliy va xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etish huquqidan mahrum etilgandi. Dastlab bokschidan olingan doping-testida furosemid taqiqlangan moddasi aniqlanadi. Keyinchalik u 2019 yil sentabrdan 2020 yil fevralgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 3 marta o‘z joylashuvi haqida noto‘g‘ri ma’lumot bergani ortidan 2020 yil fevraldan 2024 yil fevralgacha diskvalifikatsiyaga uchradi. Ammo mazkur vaziyat sportchining professional boksdagi karerasiga ta’sir qilmadi. Ayni paytgacha u 17 ta jang o‘tkazib, shundan 16 tasida g‘alab qozondi va VBA kamari uchun rasmiy da’vogar hisoblanadi. 

Foto: Reuters

Ulug‘bek Rashidov

Taekvondo bo‘yicha ikki karra Olimpiada chempioni Ulug‘bek Rashidov ham yaqinda ikki yilga diskvalifikatsiya qilindi. Sportchi uch marta qayerda ekani haqidagi ma’lumotni taqdim etmagan, bu esa antidoping qonunchiligini buzish sifatida baholanadi. Diskvalifikatsiya muddati 2025 yil 13 maydan boshlab belgilanadi va 2027 yil 12 maygacha davom etadi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Rashidovning so‘zlariga ko‘ra, har bir sportchi har kuni o‘zining joylashuvi, qayerda tunashi va qayerga uchishi bo‘yicha dasturni to‘ldirishi kerak.

«Mening holatimda ertalabki soat 06:00 da kelishdi. Bu noyabr oyida sodir bo‘lgandi. Mening dasturimda kechki soat 21:00 ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ertalab soat 6 da kimdir kelishi mumkinligini umuman kutmagan edim. Hatto menga qo‘ng‘iroq ham qilishmadi, faqat SMS yuborishdi…», - deya vaziyatni izohlagan taekvondochi.

Bundan tashqari, doping sababli xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘i ostida qatnashgan asli rossiyalik erkin kurashchi Soslan Tigiyevning ham London olimpiadasidagi bronza medali olib qo‘yilgandi.

Mavzuga oid