Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Davlat idoralarida “xavfsizlik” uchun mas’ullar faoliyati qayta ko‘rib chiqiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat idoralari va korxonalarida xavfsizlikni ta’minlash uchun javobgar tuzilmalarning ish uslubi va samaradorligini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish vaqti kelganini ta’kidladi. Bu masala moliyaviy intizom, korrupsiyaga qarshi kurash hamda davlat mablag‘laridan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha muhokamalar fonida ko‘tarildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat va jamiyat xavfsizligiga bevosita tahdid solayotgan omillar — uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar, shuningdek yashirin iqtisodiyotga qarshi ta’sirchan choralarni belgilash masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida davlat mablag‘lari va moliyaviy intizom masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Davlat rahbari davlatning har bir so‘mi bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatilishi, javobgarlik muqarrar ekani va jazo qattiq bo‘lishini ta’kidladi. Shu munosabat bilan administratsiya va davlat idoralarida komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Muhokamalarda qisqa muddat ichida budjet tushumlari, talon-toroj va moliyaviy kamchiliklar, tashqi savdo operatsiyalaridagi qarzdorliklar bo‘yicha katta hajmdagi muammolar aniqlanayotgani “o‘ta ayanchli holat” sifatida baholandi. Shuningdek, korrupsiyaviy sxemalar orqali yetkazilgan zararlar, ularning bir qismi undirilgani va ayrim holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani ta’kidlandi.
Aynan shu kontekstda prezident davlat idoralari va korxonalarida xavfsizlik uchun mas’ul bo‘lgan rahbar va xodimlar faoliyatiga ham baho berib, bu yo‘nalishdagi ishni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish vaqti kelganini bildirdi. Davlat rahbariga ko‘ra, xavfsizlik xizmati va mas’ul tuzilmalar faqat rasmiy hisobotlar bilan cheklanib qolmasligi, xavf-xatarlarni oldindan ko‘ra oladigan, profilaktika qiladigan va mablag‘lar harakatini tizimli nazorat qiladigan ish uslubiga o‘tishi lozim.
Yig‘ilishda bu ishlarni qayta tashkil etishda bir necha ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratildi. Xususan:
- xavfsizlik uchun mas’ul tuzilmalarning vazifa va javobgarligini aniq belgilash;
- ichki nazorat, komplayens va korrupsiyaga qarshi mexanizmlarning amaldagi ishlashini ta’minlash;
- tavakkalchiliklarni barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan tizim joriy etish;
- samaradorlikka qarab baholash va shaxsiy javobgarlikni kuchaytirish.
Shu tariqa, yig‘ilishda xavfsizlikka mas’ul tuzilmalar ishi davlat mablag‘larini asrash, korrupsiya xavflarini qisqartirish va idora-korxonalarda tartib-intizomni mustahkamlashda hal qiluvchi bo‘g‘in sifatida qayta ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi.
Mavzuga oid
10:51 / 02.03.2026
Iordaniya va Bahraynda bo‘lgan fuqarolarga xavfsizlik bo‘yicha tavsiyalar berildi
11:45 / 24.02.2026
Har payshanba - vazirlik va hokimliklarda «Yoshlar kuni» bo‘ladi
11:08 / 24.02.2026
«22 milliondan ziyod yoshlar timsolida katta iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuchni ko‘ramiz» – prezident
08:44 / 24.02.2026