Jahon | 17:27 / 20.05.2021
42871
5 daqiqa o‘qiladi

Isroil – Falastin urushi haqida qanday feyklar tarqatildi?

Isroil va Falastin o‘rtasida yana avj olgan urushlar butun dunyo e'tiborini ushbu davlatlarga qaratdi. Mavzuga oid har kuni minglab xabarlar tarqalmoqda. Ular orasida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydiganlar ham bor. VVS Isroil va Falastin o‘rtasidagi urush fonida tarqatilgan eng shov-shuvli yolg‘onlarni to‘pladi.

Raketa zarbalari Falastinda emas, Suriyada suratga olingan

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning vakili Ofir Gendelman o‘zining Tvitterdagi sahifasida dahshatli video joyladi. Unda aholi yashash punktlari ichidan ko‘potar artilleriyadan tinimsiz raketalar uchirilayotganini ko‘rish mumkin. Bu videoni sahifasiga joylagan mansabdor postga shunday izohni ilova qildi: «250dan ko‘proq otilgan bu raketalarning kamida uchdan bir qismi G‘azo sektoriga tushib, falastinliklarni o‘ldirmoqda».

Biroq video aslida 2018 yil Suriyadagi urush vaqtida olingan bo‘lib, yutubga ham o‘shanda joylangan. Foydalanuvchilar mana shu ma'lumotni keltirib, isroillik mulozimning fikrlarini tanqid qilgach, post o‘chirildi.

«Isroillik askar»ning tvitlari

Eng dahshatli feyk esa go‘yoki isroillik askarniki ekani aytilgan Tvitter sahifasida tarqatildi. Unda shunday gaplar yozilgandi: «Biz shunchki odam o‘ldirishni yaxshi ko‘ramiz», «Hozirgina bolalar ustiga bomba tashladik». Biroq keyinchalik bu tvitlar Isroil armiyasining hech bir askariga tegishli emasligi ma'lum bo‘ldi. VVS'ga ko‘ra bu tvitlar falastinliklar tomonidan yozilgan.

Soxta dafn marosimi

Urushda Isroilni qo‘llab-quvvatlovchi kontentlarda bir video virusday tarqaldi. Unda go‘yoki falastinliklar soxta dafn marosimini tashkillashtirayotgani va shu orqali odamlarning fikrini o‘zgartirishga urinayotgani ko‘ringan. Chindan o‘sha videoda odamlar jasadni olib ketayotganday harakat qilayotganda, sirena ovozi eshitilgach, tobutda bo‘lgan «jasad» ham qochib ketadi.

Biroq VVS bu video aslida Iordaniyada olinganini aniqladi. Bu aslida karantindan qochishga urinayotgan iordaniyalik yoshlar nimalar qilayotgani haqidagi hazil video bo‘lgan. Biroq Isroilning rasmiy vakillari ham munosabat bildirgan video isroilliklar orasida #Palywood (Falastin Hollivudi) heshtegi bilan tarqaldi.

Aqso masjididagi yong‘in

Ko‘plab falastinliklar Isroil bilan urush avj olgan bir vaqtda go‘yoki Aqso masjidida yong‘in sodir bo‘layotgani tasvirlangan video tarqatishdi. Unda Isroil islom olami uchun muqaddas bo‘lgan masjidni yoqayotgani aytilgan. Bu video soxta emas, lekin izohlar yolg‘on. Aslida masjid emas, uning atrofidagi daraxt yonayotgan bo‘lgan.

Aqso masjidi joylashgan kompleks yahudiylar uchun ham qadrli. Isroil tomoni tabiiyki daraxt falastinliklar tomonidan tashlangan petarda oqibatida yonganini ma'lum qildi. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, yongan daraxt masjiddan 10 metr uzoqda joylashgan bo‘lib, u Aqsoga zarar yetkazmagan.

O‘yinchoq raketalar

Tvitterda yana bir video Falastinni ayblash uchun Isroilni qo‘llovchi akkauntlarda tarqaldi. Unda go‘yoki G‘azo sektoriga raketalarni olib ketayotgan yuk mashinasi va gapirayotgan bola ovozi eshitilgan. Videoga shunday matn ilova qilingan: «HAMAS yahudiylarni o‘ldirish uchun tinch aholi vakillaridan qalqon sifatida foydalanayotganiga navbatdagi marta guvoh bo‘lyapmiz. Ular bilishadiki, Isroil begunoh odamlar o‘lishini bilgan holda javob bermaydi».

Biroq bu video ham yolg‘on bo‘lib chiqdi. 2018 yil 25 noyabrda Feysbukka joylangan video aslida Isroilda suratga olingan. Bellingcat eksperti Arik Tolerning aytishicha, videoda ko‘ringan «qurol» haqiqiy emas, o‘yinchoq raketa. Undan odatda har xil armiya manyovrlarida foydalaniladi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов

Mavzuga oid