O‘zbekiston | 10:30 / 21.12.2020
7124
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent davlat Stomatologiya instituti Ispaniyada o‘z filialini ochdi

O‘zbekistonda ilk marotaba oliy ta'lim muassasasi Yevropa ittifoqida o‘z filialini tashkil qildi.

Joriy yilning 30 oktyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan «Mamlakatimiz ta'lim-tarbiya tizimini tubdan takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar» masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida respublikadagi oliy ta'lim muassasalari oldiga bir qator vazifalar qo‘yilgan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida Toshkent davlat stomatologiya instituti yuqori malakali va raqobatbardosh tibbiyot kadrlarni tayyorlashda, ta'lim va fan sohalaridagi xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganish va tatbiq etishda xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston oliy ta'lim tizimining xalqaro nufuzini mustahkamlash va uni mintaqaviy ta'lim sifatida tanitishda, Ispaniyaning Balear universitetining ADeMA stomatologiya universitetida Toshkent davlat stomatologiya institutining filiali tashkil etildi.

2020 yil 18 dekabr kuni Ispaniyaning Palma de Mayorka provinsiyasi rahbariyati, Ispaniyaning sog‘liqni saqlash vazirligi, Balear universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mazkur kelishuv imzolandi.

Onlayn konferensiya tarzida o‘tkazilgan muzokarada Ispaniya sog‘liqni saqlash vaziri P.Gomes, Palma de Mayorka shahri meri X.Xila, Balear universiteti prezidenti D.Karassko, Ispaniyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli Karlos Martines ishtirok etdi.

Ushbu hamkorlik doirasida har ikkala oliy ta'lim muassasasi tomonidan har yili 30 nafar pedagoglar dars mashg‘ulotlariga jalb etilishi, stomatologiyaning oltita yo‘nalishi bo‘yicha ispaniyalik mutaxassislarni qayta tayyorlash va malaka oshirishlari uchun kurslarda o‘qitishga kelishib olindi. Shuningdek, 2021 yildan 100 nafar ispaniyalik talaba stomatologiya yo‘nalishi bo‘yicha malaka kurslariga qabul qilinadi va ispaniyalik bemorlarga O‘zbekistondagi tibbiy turizm tizimi salohiyatidan foydalanishga sharoit yaratish kabi yo‘nalishlar belgilab olindi.

Ma'lumot o‘rnida: Ispaniyaning Balear universiteti 1978 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Balear hukumati tomonidan boshqariladi. Bugungi kunda 18 000 dan ortiq talabalar ijtimoiy-gumanitar, tibbiyot, stomatologiya, texnika, axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlarda ta'lim olmoqda. Universitet qoshidagi 7 ta ilmiy laboratoriyalarda biologiya, ekologiya, raqamli tibbiyot va genetika yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqot olib borilmoqda. 

Toshkent davlat stomatologiya instituti axborot xizmati

Mavzuga oid