Tibbiy oliy ta’lim muassasalari talabalarining ijtimoiy ahvoli, ularning muammolarini bevosita hal etish, ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini yanada oshirish bir qator Davlat dasturlarida belgilandi.

2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy talabalar turar joylarini qurish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun yangi zamonaviy turar joylar barpo etilmoqda va foydalanish uchun talabalar ixtiyoriga topshirilmoqda

Jumladan, navbatdagi talabalar turar joyi binosi Toshkent davlat stomatologiya instituti tomonidan foydalanishga topshirildi.

Joriy yil 3 aprel kuni tantanali ochilish marosimi tashkil etilib,  turar joy binosi O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Sh.Inoyatov hamda institut rektori N.Q.Xaydarov tomonidan ramziy ochilib, talabalar ixtiyoriga topshirildi. Tadbirda institut professor – o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etishdi.

Ushbu turar joy binosi O‘zbekiston Respublikasi yangi Konstitutsiyasi bo‘yicha referendum arafasida foydalanishga topshirilishi institut talablari va jamoasi uchun qo‘shaloq bayramga aylandi.

Toshkent davlat stomatologiya instituti va tadbirkorlar bilan o‘zaro hamkorlik mahsuli sifatida qad rostlagan talabalar turar joyi majmuasi 400 o‘ringa mo‘ljallangan. Talabalar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, maroqli dam olishi uchun bu yerda barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Turar joy binosi zamonaviy axborot texnologiyalari, kompyuter xonalari, axborot-resurs markazi, san’atga qiziquvchi yoshlar uchun cholg‘u asboblari bilan taminlangan, shu bilan birga, dam olish va maishiy xonalari mavjud.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, talabalar turar joyiga birinchi navbatda olis viloyatlar hamda tumanlardan qatnab o‘qiydigan kam ta’minlangan, yetim, boquvchisidan ayrilgan, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlari joylashtiriladi.

Mazkur turar joyning foydalanishga topshirilishi natijasida institut talabalari uchun yotoqxonalar soni 2 taga yetdi va 2024 yilda yana 1 ta 400 o‘rinli bino foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.