Yaqinda Toshkent shahrida joylashgan 120 yillik obekt – Toshkent stomatologiya institutiga qarashli bolalar jag‘ xirurgiyasi bo‘limi binosi sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan buzib yuborilgani haqidagi maqola Kun.uz’da e’lon qilingan edi. Unda bu obekt 1901 yilda qurilgani, binoda 1954 yilda rus yozuvchisi Aleksandr Soljyenitsin davolanib, bu haqida 1963–1966-yillarda “Rakovyy korpus” romanini yozgani va shu sabab ham bino tarixiy ahamiyatga ega ekani masalasi ko‘tarilgan.

 Binoning tarixiy ahamiyatidan tashqari, uni buzish uchun Qurilish vazirligining Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi bino yaroqsizligi bo‘yicha xulosa bermagani, binoni buzish bunga vakolati bo‘lmagan sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan amalga oshirilgani yozilgandi. Voqeadan keyin Sog‘liqni saqlash vazirligi holatga izoh berib, qonunbuzilishi yo‘qligini da’vo qilib, munosabat bildirdi.

“Bino halokatli holatda bo‘lgan”

E’lon qilingan maqolada bino Madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kirmagani aytilgandi. Bunga 14 dekabr kuni bino buzilishiga aloqasi bor tashkilot vakillarining jurnalistlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvida izoh berildi. Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi madaniy obektlarni boshqarish bo‘limi boshlig‘i Nabixo‘ja G‘aniyevning aytishicha, bino rostdan ham 1901 yilda qurilgan. Maqolada keltirilgan Soljyenitsin shu yerda turgani ham haqiqat.

Nabixo‘ja G‘aniyev

“Binoning yarmidan ko‘pi buzilib ketgan, poydevori eski edi, lekin bitta poydevoriga qarab buni Madaniy meros obekti deb olishga haqqimiz yo‘q. Bino “avarinniy” holatda edi”, – dedi vakil.