Jamiyat | 18:31 / 18.05.2026
6689
6 daqiqa o‘qiladi

“Bolamni koptok kabi uchirib yuborgan”: Olmaliqda pikap bir bolani o‘ldirdi, biri komada

Maktabdan qaytayotgan ikki nafar 8 yoshli o‘quvchini piyodalar o‘tish yo‘lagida OKMKga tegishli xizmat avtomobili urib yubordi. Bolalardan biri voqea joyida vafot etgan, ikkinchisi esa og‘ir ahvolda reanimatsiyada. Guvohlar va marhum bolaning yaqinlari hududda yo‘l harakati xavfsizligi ta’minlanmaganini ta’kidladi. Kun.uz Olmaliqda bo‘lib, hodisa tafsilotlarini o‘rgandi.

Joriy yil 12 may kuni Olmaliqda ikki nafar maktab o‘quvchisi ishtirokida og‘ir yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. 8 yoshli Abdusamadjon va Islombek darsdan qaytayotib piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotganda oq “Toyota” urib yubordi. Bolalardan biri voqea joyida vafot etgan. Guvohlarning aytishicha mashina katta tezlikda kelgan.

“Toyota” qattiq keldi...

O‘tkir Otaxonov, voqea guvohi:

“Mashinalar ikki qator turgan edi. “Toyota” qattiq keldi, tormoz ovozi podvaldagi bolalargacha eshitilibdi. Bu bolalar shu payt o‘tib qolishgan, bittasini urgandi, ancha naryoqqa borib tushdi. Bittasi mashinaning tagida qolib ketdi. Men bu yoqda baqirdim. Bolani ko‘targan edim, qulog‘idan qon oqayotgan ekan. O‘zim 30 yil tez yordamda ishlaganman. Ahvoli yomonligini tushundim. Keyin haydovchiga eshikni ochishni, bolalarni ortib shifoxonaga olib borishni aytdim, olib ketdi. Borib bolalardan birining bobosiga xabar berdim. Birga shifoxonaga borsak, bola vafot etgan ekan. Yeta olmagan shifoxonaga, ikkinchisi komada yotgan ekan haliyam”.

Marhum Abdusamadjonning yaqinlariga ko‘ra, bu hududda bolalar ishtirokidagi YTHlar birinchi marta emas. Har kuni yuzlab o‘quvchilar katta avtomobil yo‘lini kesib o‘tishadi, ammo xavfsizlik choralari deyarli yo‘q. Piyodalar o‘tish yo‘lagi bor, lekin aksariyat haydovchilar tezlikni pasaytirmaydi. Gavjum va bolalar ko‘p qatnaydigan chorrahada svetofor ham yo‘qligi sabab navbatdagi fojia yana bir bolaning qurbon bo‘lishi bilan tugadi.

Nazokat Shomurodova, marhumning buvisi:

“Turmush o‘rtog‘im nevaramizdan ayrilib qolganimizni aytdi, dod-faryod boshlanib ketdi. Qarindosh kelinlarimiz guvoh bo‘lishgan, lekin mening nevaramni tanimagan. Mashina juda katta tezlikda kelgan, ikkita liniyadagi mashinalar to‘xtagan, bu mashina uchinchi yo‘nalishdagi liniyada kelib, qoidalarga rioya qilib o‘tayotgan ikki bolani koptokday uchirib yuborgan. Nevaram bordyurga borib urilgan. Yonidagi o‘rtog‘ini kombinat mashinasi tagidan olishgan. Yosh bolalar mashinaning tagida yotsa...

Ko‘rganlar aytishicha, u mashinaning ichida faqat haydovchi bo‘lmagan, yana ikkita kombinat ishchisi ham bo‘lgan – boshliqmi kimdir. Menimcha ular tushlikka chiqqan bo‘lishgan.

Yonimizdagi mahallalar: Shanxay, Olmaliqsoydan bamisoli chumoliday o‘quvchilar uchib kelishadi 18-maktabga. Hamma ota-onalarning sharoiti bo‘lmaydi bolalarini o‘zlari kuzatishga. Bu yerda qaysidir mashina to‘xtaydi, qaysidir mashina to‘xtamaydi. Mana, 2 kun avval mototsiklda yana bir qizning oyog‘ini uzib ketibdi. Bunga bee’tibor bo‘lishi kerak emas. Juda ko‘p bo‘lyapti bizning shaharda avariyalar”.

Marhumning onasi bu yerda svetofor va YHXX xodimlarining muntazam kuzatuvi zarurligini aytdi:

“Svetofor qo‘yilsin shu yerga, svetoforgayam qaramayapti ayrim mashinalar. O‘zimiz necha marta ko‘ryapmiz, svetoforda ba’zi mashinalar kutmaydi piyodalarni. Hozir qo‘shnilarimiz ham xavotirda, hammasi bolasini o‘zlari yetaklab olib borib kelyapti maktabga. Ertalab yoki tushda hech bo‘lmaganda 2 soat shu yerda YHXX xodimlari tursa bo‘lardi”.

Ikkinchi jabrlanuvchi – Islombek ayni paytda Olmaliq shahar markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limida koma holatida qolmoqda. Ayrim sabablarga ko‘ra, bolaning yaqinlaridan intervyu olishning imkoni bo‘lmadi.

Olmaliq shahar markaziy shifoxonasi travmatologi A’zam Normatov:

“12 may kuni 13:30 da bizga ikkita bolani olib kelishdi. Ko‘rikdan o‘tkazganimizda, afsuski, bolalardan birida biologik o‘lim qayd etilgan edi. Ikkinchisi og‘ir ahvolda bo‘lgani uchun reanimatsiya bo‘limiga yotqizdik. Unga bosh miya ochiq og‘ir jarohati, og‘ir darajali bosh miya lat yeyishi, miya o‘zagi lat yeyishi, chap taraflama chakka sohalarda miya ichi gematomalari, peshona chakka tepa suyaklari ensaga o‘tib sinishi va botishi, teri osti gematomasi, ko‘krak qafasi, qorin sohalari jarohatlari, tromatik shok, koma holati tashxisi qo‘yildi. Sun’iy nafas apparatiga olingan”.

Kun.uz manbalarining ma’lum qilishlariga qaraganda, ushbu hodisani sodir etgan avtomobil Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga (OKMK) tegishli xizmat avtomobili bo‘lgan.

Toshkent viloyati IIBB YHXB axborot xizmati holat yuzasidan Olmaliq shahar IIB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan edi. Kun.uz holat yuzasidan kuzatuvlarni davom ettiradi.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid