Jahon | 20:31 / 12.11.2025
16503
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qo‘shinlari Pokrovskni deyarli egalladi

Ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik harbiylar kolonnasi qalin tuman tushganidan foydalanib, shaharga kirib olgani aks etgan kadrlar tarqaldi. «Dushman muvaffaqiyatni rivojlantirmoqda. Dushman dengiz suvidek mo‘l», deya vaziyatni tasvirlaydi ukrain harbiylaridan biri.

Foto: Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images

Rossiya qo‘shinlari Pokrovsk ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishga yaqin turibdi. Yarim qurshov holatida qolgan shaharga yirik kuchlar olib kirilmoqda. Rossiya harbiylari mototsikl va pikaplarda harakatlanib, egallangan pozitsiyalarga minomyotlar o‘rnatmoqda.

Pokrovskdan taxminan yetti kilometr masofadagi Shevchenko posyolkasidagi rossiyalik harbiylar. 2025 yil 2 noyabr
Alexander Kharchenko / Sputnik / Profimedia

10 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik harbiylar kolonnasi (mototsikllar, avtomobillar va piyodalardan iborat) tuman tushganidan foydalanib, shaharga kirayotgani aks etgan video tarqaldi. Video geolokatsiyasi aniqlangan – u Pokrovskning janubiy chekkalarida, Novopavlovka qishlog‘idan kirib kelishda olingan. «Ukrainskaya pravda» qayd etishicha, Ukraina qurolli kuchlari kolonna bo‘ylab zarba berishga uringan, ammo «kuchli tuman sharoitida buni amalga oshirish oson emasdi».

Motosikllarda Pokrovskka kirayotgan rossiyalik harbiylar. 10 noyabr kuni paydo bo‘lgan videodan skrinshot
Social Media / Reuters / Scanpix / LETA
Rossiyalik harbiylar Pokrovskka kirishda. 10 noyabr kuni paydo bo‘lgan videodan kadr
Social Media / Reuters / Scanpix / LETA

Pokrovskka olib kirilgan minomyotlardan rossiyalik harbiylar ukrain dron operatorlarining shahar shimoliy chekkasidagi pozitsiyalarini o‘qqa tutishga kirishgan. Qolaversa, Ukraina qurolli kuchlari qalin tuman tufayli shahardagi vaziyatni kuzatish uchun razvedkachi dronlardan foydalanishi ham qiyinlashgan.

Pokrovsk. 2025 yil 11 noyabr
Reuters / Scanpix / LETA
Ukraina politsiyasining «​​​​​​Oq farishtalar» maxsus bo‘linmasi xodimlari Pokrovskda yashovchi ayolni evakuatsiya qilmoqda. 2025 yil 11 noyabr
Reuters / Scanpix / LETA
Pokrovsk. 2025 yil 11 noyabr
Reuters / Scanpix / LETA

Nashrning anonim suhbatdoshlaridan biri shunday degan: «Dushman muvaffaqiyatni rivojlantirmoqda. Hech qanday maxsus bo‘linma endi tartib o‘rnata olmaydi, chunki dushman dengiz suvidek mo‘l».

«Ukrainska pravda»ning boshqa bir manbasi esa shahar amalda dushman nazorati ostiga o‘tganini tasdiqlagan. «Nihoyat, hamma Pokrovsk qo‘ldan ketganini tan oldi. Rossiyaliklar allaqachon minomyotlarni Pokrovskka olib kirishdi va endi ular orqali pilotlarning pozitsiyalari bilan shug‘ullanishadi. Parallel ravishda ular (ruslar) Rivnega (Pokrovsk va Mirnograd o‘rtasidagi qishloq) o‘tishga harakat qilishadi, shuningdek, muntazam ravishda Mirnogradga kirishni xohlashadi. Kolonna bo‘lib yurishadi – to‘g‘ri, deyarli hammasi o‘ldiriladi yoki kichik guruhlar bo‘lib yurishadi, bu ularga muvaffaqiyat keltiradi», – deydi manba.

Pokrovskdan shimoli-sharqdagi Mirnogradni va uning janubidagi hududlarni Ukraina qurolli kuchlarining amalda qurshovda qolgan ikki brigadasi himoya qilib turibdi.

Ukraina qo‘shini shimoldan – Rodinske tomondan amalga oshirilayotgan qarshi hujumlar orqali ushbu bo‘linmalar bilan aloqani tiklashga urinmoqda.

Britaniyadagi The Telegraph gazetasi 11 noyabr kuni e’lon qilingan maqolasida Pokrovsk egallanishi Rossiya qo‘shinining so‘nggi vaqtlardagi eng yirik muvaffaqiyati bo‘lishi hamda ularga shimol va g‘arbga siljishga imkon berishi, bu esa ukrainlarning Donbassdagi tayanch shaharlari – «qal’alar kamari»ga tahdid solishi haqida yozdi. Bu shaharning yiqilishi Ukraina armiyasi uchun ruhiy zarba ham bo‘ladi, deya qayd etadi nashr.

Pokrovsk. 2025 yil 1 noyabr
Skala — 425th Separate Assault Regiment / AP / Scanpix / LETA

O‘z navbatida, harbiy ekspert Jon Uotling Foreign Affairs jurnalida yozishicha, Rossiya qo‘mondonligi Pokrovskni bir yil oldin – 2024 yil noyabrigacha egallab olishni rejalashtirgandi. U Rossiya qo‘shinlari Pokrovskdan tashqari, boshqa uchastkalarda ham oldinga yurayotgani, shuningdek, front chizig‘iga yaqin joylashgan shaharlarni faol ravishda o‘qqa tutayotgani, bu esa ularning aholisini xavfsizroq joylarga ketishga majbur qilayotganini ta’kidlagan. Yaqinlashib kelayotgan qish (uni Ukraina yana bir bor shikastlangan energetika infratuzilmasi bilan o‘tkazishi kerak) urushning borishi uchun hal qiluvchi bo‘lishi mumkin, deyiladi maqolada. Shu bilan birga, Foreign Affairs qayd etishicha, yakun qanday bo‘lishi oldindan aniq emas va agar Ukraina ittifoqchilari Rossiyaga yetarlicha bosim o‘tkazadigan bo‘lsa, Kreml 2026 yil oxiriga borib «balandlikka ko‘tarilmasdan uchish-qo‘nish yo‘lagining oxiriga yaqinlashayotgani»ni ko‘rishi mumkin.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid