O‘zbekiston | 21:43 / 04.02.2022
14293
7 daqiqa o‘qiladi

USB-token – himoyalangan qurilmadagi imzo tadbirkorlar uchun navbatdagi boshog‘riq

Maxsus himoyalangan qurilmalarda saqlangan ERI qayerdan olinadi? Kim tomonidan beriladi? Ayni kunlarda bu savollar tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni qiynamoqda. Kun.uz ushbu masala yuzasidan o‘rganish olib bordi.

Davlat bojxona qo‘mitasi eksport-import amaliyotlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga murojaat qilib, 2022 yil 1 yanvardan e’tiboran “Tovarlarni elektron deklaratsiyalash” va “TIF qatnashchisining shaxsiy kabineti” interaktiv xizmatlaridan faqat maxsus himoyalangan qurilmaga saqlangan ERI orqali foydalana olishlarini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, hukumatning tegishli qaroriga muvofiq, eksportyor va importyorlar deklaratsiya va unga tegishli hujjatlarni elektron nusxalarini o‘sha maxsus himoyalangan qurilmalarda saqlangan elektron raqamli imzo (ERI) bilan imzolangan holda taqdim etilishi lozim.

Maxsus himoyalangan qurilmalarda saqlangan ERIni Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi — elektron raqamli imzolar kalitlarini ro‘yxatga olish markazidan olish mumkinligi aytiladi.

USB-token

Ushbu e’lon tashqi savdo sohasidagi tadbirkorlar o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqda kimdir markaz qayerdaligi, ERIni olish uchun nima qilish kerakligini so‘ragan bo‘lsa, boshqa tadbirkor kalitni kim berishi noma’lumligi, shu bois qo‘ng‘iroq qilib ovora bo‘lishning hojati yo‘qligi haqida yozadi. “Odatdagidek, avval qaror chiqadi, so‘ngra biz ijrosi uchun yuguramiz”, deydi foydalanuvchilardan biri.

“E’lon bo‘yicha telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildim. Davlat soliq qo‘mitasi koll markaziga tushdim. Operator javobiga ko‘ra, maxsus himoyalangan qurilmaga saqlangan ERIni Davlat xizmatlari markazlari berar ekan. DXM bilan ham gaplashdim, ular “maxsus himoyalangan qurilmaga saqlangan ERI” haqida hech qanday ma’lumotga ega emas ekan.

Xullas, yuqoridagi e’lon bo‘yicha maxsus himoyalangan qurilmaga saqlangan ERIni kimdan olishni bilmadim”, – deya yozadi boshqa bir foydalanuvchi.

Izohlardan yana birida maxsus himoyalangan qurilmagan saqlangan ERI haqida biroz tasavvur beradi.

“Yangi ‘klyuch’ olinarkan. Yangi ‘klyuch’ sim-kartalik ekan. Toshkentda “Abu-Saxiy”da 290 ming so‘mdan sotyapti ekan. Faqat naqdga. Tel raqami: 97745xxxx, 97400xxxx. Klyuchni olgandan so‘ng Yunusobodda programma o‘rnatish kerak ekan. Programmalash uchun: (71) 202-32-32 Vnutrenniye nomera otdelov: 1. Otdel texnicheskoy podderjki – 509, 543, 547”.

“Assalomu alaykum. Kimningdir fleshkasi o‘tmay qoldimi deyman, ofitsialniy bo‘lsa, nimaga faqat naqdga sotadi”, – deya fikr bildiradi yana bir foydalanuvchi.

Boshqa bir tadbirkor: “Shu bozor bilan hamma ishiz bitsa qaniydi, kalitni ko‘tarib yana boshqa joyga yugurasiz, davomiga...” – degan fikrlarni izhor qilgan.

Biz dastlab “maxsus himoyalangan qurilma” nima ekanini anglash uchun “Abu Saxiy” bozoriga bordik va tadbirkorlar tomonidan ko‘rsatilgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, USB-tokenni 165 ming so‘mga xarid qildik. Sotuvchi qurilmaga dasturni tadbirkorning o‘zi o‘rnatib olishini, ular bunday xizmat ko‘rsatmasliklarini aytdi.

Biz tadbirkorlar orasidagi tushunmovchilik yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat xizmatlari agentligi va Davlat soliq qo‘mitasining “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markaziga murojaat qildik. Dastavval, ushbu qurilma haqida aniq bir izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Tadbirkorlar bu jihozni kimdan, qayerdan, qay shaklda oladi, degan savollarimiz ochiq qoldi.

Nihoyat, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi tadbirkorlarni qiynayotgan savollarga izoh berdi.

Unga ko‘ra, USB-token deb ataluvchi maxsus himoyalangan qurilmalarga elektron raqamli imzo kalitlarini saqlash uchun har bir qurilmaga maxsus dasturiy mahsulot (applet) yozish talab etiladi. Ushbu applet esa, aynan “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi tomonidan shartnoma asosida yozib beriladi.

O‘rganishlarimiz mobaynida ma’lum bo‘lishicha, haqiqatdan ham USB-tokenga applet yozdirish bilan ish bitmaydi. Bu qurilmani olgan tadbirkor yoki bojxona deklaranti elektron raqamli imzoni USB-tokenga yozdirish uchun endi Davlat xizmatlari agentligiga murojaat qiladi.

“Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi rahbari Sharif Qayumovning aytishicha, bugungi kunda “Cumulative Business Solutions” MChJ markazga murojaat qilib, 1 000 dona USB-token qurilmalariga applet yozish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Applet bilan jihozlangan USB-token qurilmalarini foydalanuvchilarga sotish va sotib olish qiymatini belgilash majburiyati “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi vakolatiga kirmaydi.

Sharif Qayumov

USB-token qurilmalarini istagan tadbirkor sotishi mumkin

Ma’lum qilinishicha, bu qurilmani O‘zbekiston hududiga olib kirish uchun hech qanday cheklov yo‘q, istagan tadbirkor uni olib kirishi, shartnoma asosida ularga applet yozdirgach, uni o‘zi istagan narxda realizatsiya qilishi mumkin, biroq olib kirilayotgan USB-token qurilmalari “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi saytida e’lon qilingan talablarga javob berishi shart.

Qurilmalarning ushbu talablarga javob berishi dastlab markaz mutaxassislari tomonidan o‘rganiladi, shundan so‘ng, applet yozish ishlari amalga oshiriladi. Ta’kidlanishicha, markaz qurilmalarni xaridorlarga sotish bilan shug‘ullanmaydi, faqat tegishli talablarga javob beradigan qurilmalarga shartnoma asosida applet yozib beradi xolos. Applet yozilgan qurilmalarni tadbirkorlar bozor bahosida sotishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi 348-son qarori bilan elektron raqamli imzo sertifikatini berish va ularni ro‘yxatga olish Davlat xizmatlari markazlari orqali beriladi.

Ta’kidlash kerak, O‘zbekistonda ma’lum bir sohaga doir me’yoriy hujjat imzolanib, u kuchga kirsa-da, qaror ijrosini ta’minlash choralari yetarlicha ko‘rilmagani bois, fuqarolar va tadbirkorlar turli idoralarga borib sarson bo‘lishi ko‘p kuzatiladigan holat.

Tolib Rahmatov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid