Jahon | 11:29 / 15.12.2025
13034
5 daqiqa o‘qiladi

Sidneyda o‘t ochganlardan birining qurolini olib qo‘ygan kishi qahramonga aylandi. Uni Tramp ham maqtadi

U yelkasi va qo‘lidan jarohatlanib, operatsiya qilingan.

Foto: Videodan kadr

Sidneydagi meva-sabzavot do‘koni egasi, Bondi-Bich plyajidagi otishma vaqtida hujum ishtirokchilaridan birining qurolini olib qo‘ygan shaxs shifoxonaga yotqizilgan. Oila a’zolari xabar berishicha, unga ikkita o‘q tekkan va yelkasi hamda qo‘li operatsiya qilingan.

43 yoshli Ahmad al-Ahmad ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda otishma boshlanganida avvaliga mashinalar ortida bekinib turgan, keyin esa plyajdagi odamlarni o‘qqa tutayotgan shaxslardan biriga ortdan sezdirmay yaqinlashib, uni yerga yotqizgan holda qurolini tortib olgan o‘tkinchi sifatida tasvirlangandi. Avstraliya politsiyasi hujum ishtirokchilari qanday qurollardan foydalanganiga hozircha aniqlik kiritmadi.

Dushanba kuni politsiya Sidneydagi mashhur Bondi-Bich plyajida yahudiylarning Hanuka bayrami nishonlanayotgan paytda amalga oshirilgan hujum 50 yoshli shaxs va uning 24 yoshli o‘g‘li tomonidan ijro etilganini ma’lum qildi. Hujum qurbonlari soni 15 nafarga yetgan, ota voqea joyida halok bo‘lgan, uning o‘g‘li esa o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Bu mamlakat tarixida so‘nggi 30 yillikdagi eng yirik ommaviy qotillikka aylandi.

43 yoshli Al-Ahmad – meva-sabzavot do‘koni egasi, ikki farzand otasi. Hozirda u shifoxonada davolanmoqda, bu yerda u jarrohlik amaliyotidan o‘tkazilgan. Uning yelkasi va qo‘lining kaft qismiga o‘q tekkan.

Uning amakivachchasi Mustafo 7News Australia nashri bilan suhbatda aytishicha, shifokorlar oilani jarrohlik amaliyotidan keyin Ahmad al-Ahmadning holati barqaror qolayotgani haqida xabardor qilishgan.

«U qahramon, yuz foizlik qahramon», – degan Mustafo. «U hali ham shifoxonada va bizda uning ahvoli haqida to‘liq ma’lumot yo‘q, ammo umid qilamizki, u bilan barchasi yaxshi bo‘ladi. Men uni kecha ko‘rgandim. U bilan hammasi yaxshi edi, ammo biz hozir shifokor nima deyishini kutyapmiz», – deya qo‘shimcha qilgan u.

Xorijdagi va mamlakat ichkarisidagi yetakchilar tomonidan minnatdorchilik so‘zlari bildirilmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp al-Ahmadni ko‘plab odamlar hayotini saqlab qolgan «juda, juda jasur inson» deb atadi.

Markazi Sidney bo‘lgan Yangi Janubiy Uels shtati bosh vaziri Kris Minns uni «haqiqiy qahramon» deb atadi va uning qahramonligi aks etgan video o‘zi ko‘rgan «eng aql bovar qilmas sahna» bo‘lganini aytdi.

Al-Ahmadga yordam ko‘rsatish uchun tuzilgan GoFundMe kampaniyasi doirasida bir necha soat ichida 300 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ yig‘ilgan. Bu xayriyadagi eng asosiy donor milliarder Bill Ekman bo‘lgan, u 99 999 Avstraliya dollari ajratgan va o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida xayriya yig‘ilayotgan manzilni qoldirgan.

Ahmad al-Ahmad

Otishma Hanuka bayrami vaqtida sodir etildi, bu vaqtda plyajda mingdan ortiq kishi yig‘ilgandi. Politsiya hujumni yahudiy jamoasiga qarshi qaratilgan terrorchilik harakati deb atadi.

Al-Ahmad vaziyatga aralashgani aks etgan videoyozuv internetda keng tarqaldi. Unda otishma uyushtirgan shaxslardan biri kichik piyodalar ko‘prigi yaqinidagi palma ortida turib, mo‘ljalga olayotganini va ko‘rish maydonidan tashqaridagi nishonni otganini ko‘rish mumkin. Bu vaqtda avtomobillardan biri ortida yashirinib turgan Al-Ahmad unga tashlanib, uni bo‘ynidan bo‘g‘ib olgan va qurolini tashlashga majbur qilgan.

Al-Ahmad qurolni olib, hujumchiga o‘qtalgan va u asta-sekin ko‘prik tomon tisarila boshlagan. Shundan keyin do‘kondor miltiqni tushirib, bir qo‘lini osmonga ko‘taradi va politsiyachilarga o‘zining o‘qchilardan emasligini ko‘rsatadi. Videoning davomida u qurolini olib qo‘ygan va qo‘yib yuborgan hujumchi ko‘prikka qaytib borib, boshqa qurolni olgani va yana o‘q uzgani aks etgan. Lekin ko‘p o‘tmay u politsiyachilar o‘qidan yiqilgan.

«Bu odam – haqiqiy qahramon va men uning jasorati tufayli bu oqshom ko‘plab odamlar tirik qolganiga shubha qilmayman», – shtat bosh vaziri.

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze esa shunday degan: «Bugun biz avstraliyaliklar boshqalarga yordam berish uchun xavfga tik borishiga guvoh bo‘ldik». «Bu avstraliyaliklar – qahramonlar va ularning jasurligi insonlar hayotini saqlab qoldi», – deya qo‘shimcha qilgan u.

Mavzuga oid