Ta’lim | 11:10 / 15.08.2025
5044
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi falastinliklarning farzandlari ta’limga jalb etiladi

Falastinning G‘azo sektoridan O‘zbekistonga kelgan va vaqtincha yashab turgan fuqarolarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon qabul qilindi.

Unga ko‘ra, falastinliklarning har bir oilasiga birlamchi zaruriy vositalar (oilada ishlatiladigan nooziq-ovqat mahsulotlari to‘plami) xaridi uchun bir martalik ko‘tarma pul to‘lab beriladi.

Falastinliklarning oila a’zolariga shaxsiy hamrohlik qilish va individual ko‘mak berish maqsadida mahalladagi ijtimoiy xodim biriktiriladi.

Falastinliklar yashash manzillari bo‘yicha ularning farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga joylashtiriladi.

Falastinliklar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovidan 2028 yil 1 yanvarigacha ozod etiladi. Ularning farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga navbatga qo‘yilmagan holda, «Inson» markazlari talabnomasi asosida joylashtiriladi.

Falastinliklarning yashash manzillari bo‘yicha oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida hisobga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 26 dekabr kuni falastinlik oilalarning bir guruhi Rafahdan O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan edi. Ular davolanish va salomatligini tiklash uchun reabilitatsiya markazlari va shifoxonalarga joylashtirilgan.

Mavzuga oid